Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 03:10

Suriya bo‘hroni: Asadga qarshi kurashda Halab "qurbon keltirildi"


Suriyada isyonchi kuchlar va Asad armiyasi o‘rtasidagi janglar kuchayishi ortidan, asosan, sunniylar istiqomat qiladigan Halabda tinch aholidan berilgan qurbonlar soni oshib ketdi. BMT missiyasiga ko‘ra, 10 kun ichida 250dan ortiq odam o‘lgan va bularning 80 nafari bolalardir. Ayni paytda Halabda Asadga qarshi kurashayotgan isyonchilar tarkibi - mo‘’tadil muxolif kuchlar va safida o‘zbek jangarilari ham bo‘lgan radikal-terrorchi guruhlar jiddiy xavotirga sabab bo‘lib qolmoqda.

10 kunda 250 qurbon

Reuters agentligi 3 may kuni shaharning sharqiy qismida isyonchilar va prezident Bashar Asad qo‘shinlari orasida og‘ir janglar bo‘lgani va 4 may kuni ham davom etganini xabar qilmoqda.

Britaniyadagi suriyalik inson huquqlari faollari tashkiloti rahbari Ramiy Abdulrahmonga ko‘ra, har ikki tomondan o‘nlab odam o‘lgan, ammo raqamlarni aniqlash imkonsiz qolmoqda. Har ikki tomon - isyonchilar ham, prezident Asad armiyasi ham - qo‘li baland kelayotganini iddao qilmoqda, ammo tomonlar o‘rtasidagi janglarning asosiy qurbonlari tinch aholi vakillari bo‘lmoqda.

BMTning Suriyadagi missiyasi va suriyalik inson huquqlari faollari 27 aperldan buyon Halabda kuchaygan jang harakatlarida tinch aholidan berilgan qurbonlar soni 250dan oshgani, bular orasida bolalarning ko‘pligini aytmoqda.

Muhimi, Asad armiyasi havodan berayotgan qator zarbalar avvaldan rejalangan holda shahardagi shifoxona va dorixonalarga qaratilmoqda.

Urush jinoyati

BMT Bosh kotibi Ban Ki Mun Halabda dorixona va shifoxonalarga uyushtirilgan hujum uchun mas’uliyatni Suriya hukumati zimmasiga yukladi.

BMT Xavfsizlik Kengashi bir ovozdan qabul qilgan rezolyutsiyada Halabda urushayotgan hamma tomonlardan bu maskanlarga hujum qilishni to‘xtatish va hujum qilganlarni javobgarlik tortish talab qilindi.

Xalqaro qonunchilikka binoan shifoxona, xasta va jarohatlanganlar saqlanayotgan maskanlarga maqsadli hujumlar urush jinoyati hisoblanadi. Shunga qaramasdan, o‘tgan haftada Halabda shifoxonaga qilingan hujum natijasida 50 dan ortiq odam va shaharda qolib ishlayotgan yagona bolalar shifokori o‘ldi.

Nega aynan Halabda janglar kuchaydi?

Bu Halabda jang harakatlari kuchayganidan buyon tilga olinayotgan qator savollardan asosiysidir.

Bundan tashqari, Halab Asad rejimi yoki isyonchi-muxolif kuchlar uchun nimaga muhim, isyonchi-muxoliflar kimlar - rejimga qarshi kurashayotgan mahalliy isyonchilarmi, mo‘’tadil demokratik kuchlarmi yoki Al-Qoydaga ergashgan yoxud bu guruhni qo‘llagan radikal jangari guruhlarmi, kabi savollar bor.

Xalqaro Karnegi jamg‘armasining Yaqin Sharq davlatlari bo‘yicha Bayrutdagi markazida ishlayotgan tadqiqotchi Xeder Xaddurga ko‘ra, ayni damda Halab Suriyadagi fuqarolik urushida qatnashayotgan tomonlar to‘qnashgan bir nuqtaga aylangan.

Al Jazeera teletarmog‘iga intervьyu bergan tadqiqotchiga ko‘ra, Asad armiyasi va uning ittifoqchilari Halabning kattagina qismini egallagan isyonchi-muxolif kuchlarni bo‘laklarga bo‘lib, qamalga olishga urinmoqda:

"Muxolif kuchlarni atrofini hukumat qo‘shinlari qurshagan "orollar"ga qamal qilish strategiyasi vositasida rejim bu kuchlarni zaiflashtirish - qamal qilish va ta’minotdan qisish evaziga o‘ziga bo‘ysundirishni rejalamoqda. Muxolif guruhlar esa sirtdan harbiy yordam ololmay qolmoqda. Ya’ni, aslida isyonchi-muxoliflarning qarorgohi bo‘lgan Idlibni yakson qilish o‘rniga rejim armiyasi o‘z muxoliflarining shimoldagi bo‘g‘inini sharqiy bo‘g‘inidan uzmoqda. Aslida rejim hozir faqat Halabda emas, balki Daraa shahrida ham hujumlarini kuchaytirgan".

Halab - Suriyaning moliyaviy poytaxti

Aslida Halab fuqarolik urushi boshlanguniga qadar Suriyaning ishlab chiqarish sanoati va qishloq xo‘jaligi rivojlangan eng yirik shahari edi.

Halab o‘tmishda qudratli Usmonli imperiyasi tarkibidagi Konstantinopol (hozirgi Istanbul) va Qohiradan keyingi uchinchi yirik shahar bo‘lgan. Qadimdan, asosan, savdo-sotiq va qishloq xo‘jaligi rivojlangan bu shaharda hozirga kelib ishlab chiqarish sanoati ham kuchaygan edi.

Aholisi 2012 yilga qadar 2 yarim millionga yaqin bo‘lgan va bu aholining 80 foizi sunniy-arab, qisman sunniy kurd va sunniy turkmanlardan iborat. Bundan tashqari, nasroniy arablar va armanlarning kattagina qismi ham qadimdan Halabda yashab kelgan.

2012 yilda fuqarolik urushi boshlanishi bilan, asosan, alaviylar boshqaruvi ostidagi rejim va isyonchi kuchlar o‘rtasidagi janglar ko‘proq diniy tus ola boshladi. Yaqin Sharq mintaqasida yurgan radikal-terrorchi sunniy guruhlarni Suriyaga tortgan vajlardan biri ham shu bo‘ldi.

Isyonchi-muxoliflar kimlar?

Tahlilchilarga ko‘ra, ayni paytda Halab va boshqa yirik shaharlarda ma’lum kattagina hududni o‘z nazoratida saqlayotgan qurolli guruhlarni birlashtirgan asosiy omil ularning sunniyligidir. Ammo, xarakteri va g‘oyasiga ko‘ra, bu guruhlar bir-biridan farq qiladi.

Urush tadqiqotlari instituti hozirlagan xarita, 28.04.2016
Urush tadqiqotlari instituti hozirlagan xarita, 28.04.2016

Soni jihatidan katta va qudrati jihatidan kuchli bo‘lgan asosiy guruhlar "Suriya ozodligi armiyasi", "Jaysh ul-Fath" koalitsiyasi, "Ajnad al-Shom" islomiy ittifoqi va "Shom legioni"dir. Jangchilari umumiy soni 50-60 mingdan oshadigan bu guruhlar eng boshidan buyon Asad armiyasiga qarshi kurashib kelmoqda.

Bundan tashqari, Al-Qoydaga bevosita va bilvosita aloqador bo‘lgan "Jabhatan Nusra", "Jaysh al-Mujohirin val-Ansor", "Xuroson" kabi guruhlar bor. Jangchilari umumiy soni 15mingdan - 20 ming nafargacha ekani taxmin qilinadi.

Darvoqe, Suriyadagi janglarda ishtirok etayotgan o‘zbek jangarilarining ikki yirik guruhi - "Imom Buxoriy katibasi" va "Tavhid val-Jihod" jangarilar guruhi aynan Halabda joylashgan. Xalqaro tahlil markazlari hisobotida bu ikki guruh ham "Al-Qoyda"ga aloqador terrorchi guruh sifatida qayd etiladi.

Hozir bu guruhlarning dushmanlari bir - bir tarafdan Suriya rejimi, ikkinchi tarafdan esa "Islomiy davlat" bo‘lib qolgani ularni qaysidir nuqtalarda birga, qaysidir nuqtalarda esa yonma-yon jang qilishga undamoqda.

Tinchlik muzokaralari

Tahlilchilarga ko‘ra, Suriyada tinchlik muzokaralarida otashkesimga erishishni mushkullashtirayotgan muhim jihatlardan biri isyonchi-muxolif guruhlarning tarkibidir.

Ayni paytda bu guruhlar nazorati ostidagi hududlarning asosiy qismi Idlib va Halabda joylashgan hamda ular orasida o‘zaro chegara ham juda mavhum. Zero, ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, sof demokratik, mo‘’tadil diniy va radikal-terrorchi kuchlardan iborat bo‘lgan Asad rejimiga muxolif guruhlar orasida o‘zaro raqobat ham mavjud va qaysidir hududlarda o‘zaro ziddiyat ham kuzatiladi.

Endilikda Suriya va uning ittifoqichisi Rossiya hamda g‘arb davlatlari o‘rtasidagi muzokaralarda otashkesimga erishish muzokara qilinayotgan hududlar ro‘yxatini tuzishda bu jihat jiddiy rolь o‘ynamoqda.

Ya’ni, "Jabhatan Nusra", "Jaysh al-Mujohirin val-Ansor", "Xuroson" kabi "Al-Qoyda"ga aloqador guruhlarning qarorgohlari joylashgan Halab va Idlib kabi mintaqalardagi vaziyatga hukumatlar yondoshuvi g‘arb jamoatchiligini jiddiy o‘ylantirmoqda.

Ammo, bu mintaqalar qadimdan Suriyaning aholi zich joylashgan mintaqalari bo‘lgan va o‘zaro janglar kuchaygani sari tinch aholidan berilayotgan qurbonlar soni muttasil ortib bormoqda.

So‘nggi 10 kun ichida birgina Halabning janglar kuchaygan nuqtalaridan yana 200 mingga yaqin aholi qochib chiqqan. Ularning asosiy qismi chegarasi yaqinroq bo‘lgan Turkiyaga o‘tishga urinmoqda.

BMT Xavfsizlik Kengashi 4 mayga belgilangan majlisida aynan Halabda otashkesiga erishish masalasini muhokama qilishini ma’lum qilgan.

Fransiya va Buyuk Britaniya bu shahar Asad rejimiga qarshi kurash marpkaziga aylangani hamda bu yerdagi qurbonlarga rejim mas’ul ekanini ta’kidlab kelmoqda. Jumladan, Fransiyaning BMTdagi vakili Fransua Delatre bu shaharni "rejimga qarshi kurashda qurbon keltirilgan shahar" deb ta’rifladi.

Britaniyaning elchisi Metyu Rikroft esa: "Halab yonayapti va bizning bu masalaga asosiy e’tiborni qaratishimiz o‘ta muhim", dedi.

XS
SM
MD
LG