Линклар

logo-print

May bayrami kunlari Qozog‘istonning turli shaharlarida rasmiylarning chet elliklarga yer sotish yoki ijaraga berish rejasiga qarshi ruxsat etilmagan mitinglar davom etdi.

Shunday stixiyali mitinglardan biri 4 may kuni Uralьsk shahridagi markaziy maydonda o‘tkazilgan.

1 may kuni Qizilo‘rda shahrida o‘tkazilgan mitingga 500 dan odam yig‘ilib, rasmiylardan yer bilan manipulyatsiya qilishni to‘xtatishni talab qilganlar. Yig‘ilganlarni ichki qo‘shin askarlari o‘rab olgan. Keyinroq politsiya odamlarni maydondan siqib chiqarib, mitingni tarqatib yuborgan.

Janao‘zen shahridagi miting esa tinch o‘tgan, yig‘ilganlar oldiga shahar hokimi, prokuror va politsiyachilar kelgan.

Aqto‘be shahrida norozilar ikkinchi bor miting uyushtirmoqchi bo‘lgan, biroq rasmiylar shaharning markaziy maydoniga suv purkagichlarni keltirib qo‘yganlar. “Respublika” nashri xabariga ko‘ra, bu yerda o‘nlab odam qo‘lga olinib, ma’muriy jazoga tortilgan.

Eslatib o‘tamiz, 24 aprel kuni Qozog‘istonning Atirau shahrida, 27 aprel kuni Semey va Aqto‘beda, 28 aprel kuni esa Aqtauda “xorijliklarga yer sotilishiga qarshi” ruxsat etilmagan ommaviy mitinglar bo‘lib o‘tgandi. Bunday norozilik namoyishlarini uyushtirish urinish poytaxt Ostona va Olmaotada ham kuzatilgan.

Norozilik namoyishlariga qozoq rasmiylarining joriy yil 1 iyulidan ekin ekiladigan 1 million 700 ming gektar yer kimoshdiga qo‘yilishi haqidagi bayonotlari sabab bo‘lgan.

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboev 26 aprel kuni yer sotilishi masalasini chayqov qilayotgan provokatorlar “fosh qilinishi va jazoga tortilishi lozim”ligi haqida bildirgandi.

Rasmiylarning tahdidlariga qaramay, muxolifat er masalasi bo‘yicha 21 may kuni umummilliy miting uyushtirmoqchi.

XS
SM
MD
LG