Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 19:11

Bellingcat: MH17 reysini Rossiyaning 332-sonli “Buk” raketasi urib tushirgan


Urib tushirilgan Malayziya yo‘lovchi uchqichining Hollandiya mutaxassislarining yakuniy hisobot arafasida qayta yig‘ilgan qoldiqlari.
Urib tushirilgan Malayziya yo‘lovchi uchqichining Hollandiya mutaxassislarining yakuniy hisobot arafasida qayta yig‘ilgan qoldiqlari.

Malaysia Airlines havo shirkatining MH17 reysi halokati sabablarini o‘rganib chiqqan mustaqil tadqiqotchilar guruhi uchoqni urib tushirgan rus “Buk” zenit-raketa kompleksining bort nomeri aniqlanganini e’lon qildi.

Britaniyalik tadqiqotchilardan iborat Bellingcat guruhie’lon qilgan hisobotda aytilishicha, MH17 reysini 2014 yil 17 iyul kuni Rossiyaning Kursk oblastida joylashtirilgan 53-zenit-raketa brigadasiga tegishli 332-sonli “Buk” er-havo raketasi urib tushirgan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin matbuot kotibi Dmitriy Peskov Bellingcat tadqiqoti qanchalik to‘g‘ri ekanligiga baho bera olmasligini, chunki o‘zida “Rossiya qurollarining identifikatsiya nomeri haqida batafsil ma’lumot yo‘qligini” aytdi.

Peskov 332-sonli “Buk”ning harakatlari haqida “batafsil ma’lumot Mudofaa vazirligi mutaxassislaridagina” borligini aytdi.

Rossiyaning 53-zenit-raketa brigadasi a’zolari 2010 yildan beri Internetga qo‘ygan suratlarni o‘rganib chiqqan Bellingcat mutaxassislari 2014 yil 17 iyulida Ukrainaning ayirmachilar boshqaruvidagi sharqiy qismida suratga olingan “Buk-M1” raketa tizimining yettita o‘ziga xos belgisini aniqlashgan.

Bu belgilar orasida qisman o‘chirilgan identifikatsiya nomeri, sonlarni yozishda ishlatilgan shrift va ularning orasidagi masofa, chap paneldagi pachoq joy, raketa otuvchi moslamaga ulangan simlarning joylashuvi, mashinaning har ikki tomonidagi oq belgilar, hamda glushitel yaqinidagi neft va qurum izlarining shakli va hajmi bor.

Bellingcat hisobotida yozilishicha, 332-sonli “Buk”da bu belgilarning barchasi mavjud bo‘lib, u MH17 reysi urib tushirilishidan oldin sharqiy Ukrainada suratga olingan “Buk”ka o‘xshash belgilar kuzatilgan yagona kompleksdir.

Bellingcat fevral oyida Malaysia Airlines uchog‘i bortidagi 298 kishi umriga zomin bo‘lgan halokatda Rossiya harbiy qo‘mondonligi tepasidagi shaxslarning qo‘li borligi aytilgan hisobotni e’lon qilgan edi.

Ukraina sharqidagi Rossiya dastaklayotgan ayirmachilar Bellingcat hisobotini inkor etishdi. Ayirmachilar hech bir payt, jumladan, MH17 reysi urib tushirilgan paytda ular qo‘lidagi hududda Rossiyaning hech qanaqa yerdan havoga hujum qiluvchi kuchlari bo‘lmaganini ta’kidlashdi.

Kreml Ukraina sharqida ayirmachilarni dastaklash uchun harbiy yuborganini rad etib keladi.

Rossiya hukumati Ukraina kuchlari mamlakt ichida qo‘lga olgan rus askarlari ko‘ngillilar ekanini ta’kidlaydi.

Ukraina prezidenti Petro Poroshenko esa Minskda imzolangan otashkesimga qaramasdan, Rossiya harbiylari hamda harbiy texnikasi sharqiy Ukrainaga o‘tayotganini ko‘rsatuvchi dalillar borligini aytib keladi.

Ukraina rasmiylariga ko‘ra, hozirda mamlakat sharqida 30 mingdan oshiq rossiyalik askar bor.

XS
SM
MD
LG