Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:20

GM Uzbekistan bilan ishlagan shirkatlarda yoppasiga tekshiruv boshlandi


GM Uzbekistan binosi
GM Uzbekistan binosi

O‘zbekistonda GM Uzbekistan ishi bo‘yicha keng qamrovli tekshiruvlar boshlanganini aytgan Ozodlik manbalari¸ taftishlar avtomobil ishlab chiqarish sanoatiga bilvosita aloqasi bor shirkatlarda ham olib borilayotganligini ta’kidladi.

Ozodlik manbalarining aytishicha, yuzlab tergovchi safarbar qilingan bu tekshiruvlar bois GM Uzbekistan korxonalari falaj holga kelgan.

O‘zbekistonda GM Uzbekistan ishi bo‘yicha shirkat bosh direktori Tohir Jalilovdan tashqari yana kamida 10 odam hibsga olingani ortidan “O‘zavtosanoat” boshqaruv raisi¸ O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari Ulug‘bek Ro‘ziqulovning ham tergovga chaqirilgani haqida Ozodlik manbalari o‘z tasarrufidagi ma’lumotlarga tayanib bildirdi.

Ozodlikning “O‘zavtosanoat” korxonasidagi manbasi konveyer to‘xtaganini tasdiqladi va “avtomobil zavodi faoliyati to‘xtatilishi vaqtincha holatligini urg‘uladi:

- Ishlab chiqarishni vaqtincha to‘xtatish bu har yilgi profilaktika o‘tkazish masalasi bilan bog‘liq¸ bu to‘xtashning taftishlar davriga to‘g‘ri kelgani tasodifdir¸ keyingi oyga borib zavod to‘liq quvvat bilan ishga tushadi¸ dedi “O‘zavtosanoat” korxonasidagi Ozodlik manbasi.

Ozodlikning boshqa manbasi esa¸ GM Uzbekistan shirkatining Asakadagi zavodida ishlab chiqarish deyarli to‘xtatib qo‘yilganini keng ko‘lamli taftishlar bilan izohladi:

- Asakadagi zavod tergov idorasiga aylandi. Vstrechniy (kriminal sxemaga aloqadorlik) so‘roq bilan yangi va yangi odamlar so‘roq qilinayapti. Masalan¸ zavodga plastik jixoz yasab beradigan shirkat rahbari so‘roq qilindi. U o‘z navbatida yana bir postavshik nomini aytadi. Vstrechniy bilan o‘sha postavshikka chiqiladi. Men bilganim¸ o‘nta tergovchi ishlayapti¸ deydi bu manba.

Ayni manbaga ko‘ra¸ GM Uzbekistan shirkatiga butlovchi jihozlar tayyorlagan shirkatlarga yetkazilgan tovar va xizmatlar uchun o‘z vaqtida pul to‘lanmagani ham tergovchilar tarafidan “kriminal sxemaning bir qismi” deya malakalangan.

- Masalan¸ bizning shirkat benzin nasos uchun shlang yetkazib berardi. GM Uzbekistan yanvardagi postavka uchun hali pul o‘tkazib bermadi. Katta shirkatku ¸ bir kuni o‘tkazib berar pulini¸ deb o‘ylaganmiz. Hozir Z. M ismli boshlig‘imizni tergovga chaqirib¸ nega qarzingni qistamading¸ deb tirishtirmoqda¸ deydi Ozodlik manbasi.

Tergov davom etayotgan ayni kunlarda Ozodlik elektron pochtasiga GM Uzbekistan shirkatiga butlovchi jihozlar yetkazadigan shirkatlardagi qallobliklar haqida iddaoli ma’lumot yetib keldi.

Bu ma’lumotda O‘zbekiston Davlat Soliq qo‘mitasi raisi Botir Parpiev qarindoshlarining GM Uzbekistan shirkatiga “avtoradio yetkazib berish bilan bog‘liq qallobliklar” qilgani iddao qilinadi.

Bundan avvalroq Soliq qo‘mitasi raisi¸ general-leytenant¸ Milliy xavfsizlik xizmati raisi Rustam Inoyatovning qudasi Botir Parpievning GM Uzbekistandagi jinoiy sxemalarga aloqasi borligini Uzmetronom Internet nashri ham iddao qilgan edi.

Ozodlikka kelgan ma’lumotda iddao qilinishicha¸ “Parpievlarga oid Andijon Irmash zavodida ishlab chiqarildi deya rasmiylashtirilgan¸ ammo aslida Malayziyadan sotib olib¸ aylanma yo‘llar bilan boj to‘lovlarisiz Andijonga keltirib yashirin sexda yig‘ilgan artefakt mahsulotlar GM Uzbekistan shirkatiga yetkazib turilgan”.

Ozodlik bu ma’lumotni rasman tasdqiqlovchi hujjatga ega emas.

100 million dollar sarmoya qumga singdimi?

GM Uzbekistan 2016 yil may oyida yangi Chevrolet Aveo modelini ishga ishlab chiqarishni boshlashi lozim edi.

Yangi T250 platforma asosida yasaladigan avtomobil ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun korxonaga 104,2 mln dollar investitsiya kiritilgani xabar qilingan edi.

O‘zbekiston vazirliklaridan birida ishlovchi Ozodlik manbasining aytishicha¸ shu kunlarda tergovchilar bu sarmoya taqdiri bilan ham qiziqmoqda.

Iddao qilinishicha¸ bu “sarmoya” aylanma yo‘llar bilan “offshor” dagi banklarga o‘tkazib yuborilgan.

“O‘zavtosanoat” boshqaruv raisi va O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari Ulug‘bek Ro‘ziqulovning tergovga chaqirilgani ham T250 platforma asosida yasaladigan avtomobil ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun olingan 104,2 mln dollar mablag‘ bilan bog‘liq¸" dedi Ozodlik manbasi.

Bundan tashqari korxonada ishlab chiqarilgan Nexia, Cobalt, Lacetti, Gentra¸Malibu, Matiz va Spark kabi 12 modeldagi avtomobillar uchun olingan sarmoyalarnin ham maqsadli ishlatilmagani borasidagi iddaolar o‘rtaga chiqdi.

Quyoshi botgan avtosanoat

Ozodlikning O‘zbekiston vazirliklaridan birida ishlovchi manbasi yozishma paytida poetik tashbeh qo‘lladi.

“ Men “O‘zavtosanoat” idorasini UzDaewoo davridan bilaman. Eslasangiz¸ Daewoo mashinasi znachogida chiqayotgan quësh rasmi bor edi. Daewoo so‘zi ham "quyosh chiqishi" degan ma’noni bildiradi. Bugun esa o‘zbek avtosanoatining quyoshi botayapti. Korrupsion sxemalar bu sanoatni cho‘ktirdi. Afsus¸ xorosh bil maliy “ deya yozg‘irdi Ozodlik manbasi.

Voqea tarixchasi

2010 yildan beri o‘zbek avtokonsernini boshqarayotgan va ayni paytda "O‘zavtosanoat" hissadorlik shirkati boshqaruv raisi o‘rinbosari bo‘lgan Tohirjon Jalilov tovlamachilik yo‘li bilan shirkat pullarini o‘zlashtirganlikda gumonlanib o‘tgan hafta hibsga olindi.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, Jalilov GM Uzbekistan korxonasi ishlab chiqargan mashinalarni Rossiyaga eskport qilishda noqonuniy sxemalar yordamida katta miqdordagi mablag‘larni o‘zlashtirganlikda gumonlanmoqda.

Bu ma’lumotlarda iddao qilinishicha¸ Jalilov “Rossiyaga jo‘natilgan avtomobillarni kriminal sxema asosida sotgan hamda pullarni offshor banklarga o‘tkazgan”.

"O‘zavtosanoat" hissadorlik shirkatidagi Ozodlik manbasining ta’kidlashicha GM Uzbekistan Bosh direktori Jalilov “Rossiyaga eksport qilinishi lozim bo‘lgan Ravon rusumli mashinalar bilan bog‘liq kriminal sxema yaratib katta pul ishlagan”:

- Bu mashinalar oldin qog‘ozda Rossiyaga “eksport” qilingan¸ aslida esa Qozog‘istonning Chimkent shahridagi otstoynikka (mashinalarni vaqtincha saqlash uchun tashkil etilgan maydon-tahr.) vaqtincha olib borib qo‘yilgan. Keyin esa imi-jimida bu mashinalar “reeksport” bo‘lib (mamlakatga qayta olib kirilib-tahr.), O‘zbekistonda qayta sotilgan,- degan edi Ozodlik manbasi.

Aytilishicha¸ GM Uzbekistan sobiq rahbari "Ravon" mashinalari eksporti bilan bog‘liq noqonuniy sxemani tashkil etganlikda ayblanmoqda

Jalilov bilan birgalikda boshqa mulozimlar ustidan ham nazorat tartibida tergov boshlangan.

XS
SM
MD
LG