Линклар

Шошилинч хабар
11 май 2024, Тошкент вақти: 03:20

YeOIIga a’zo davlat fuqarolari Qozog‘istonda qaydsiz 3 oy yurishi mumkin, o‘zbekistonliklar bundan mustasno


Sud qaroriga ko‘ra, Qozog‘istondan deportatsiya qilinayotgan mehnat muhojirlari.
Sud qaroriga ko‘ra, Qozog‘istondan deportatsiya qilinayotgan mehnat muhojirlari.

Qozog‘iston hukumati “Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlaridan bo‘lgan mehnat muhojirlarining erkin harakatlanishiga imkon yaratish maqsadida” xorijliklarni ro‘yxatga olish tartibiga o‘zgartishlar kiritdi. Endilikda Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari fuqarosi bo‘lganlar, masalan, qirg‘izistonlik yoki armanistonliklar Qozog‘istonda qaydsiz 90 kungacha yurishi mumkin. Ayni paytda MDHning boshqa davlatlaridan, xususan, O‘zbekistondan bo‘lgan fuqarolar, qo‘lida ish ruxsatnomasi bo‘lmasa, Qozog‘istonda 1 oydan ko‘p qololmaydi.

Namanganlik Isroil Jo‘raev Qozog‘istonning Qarag‘anda shahriga bir oy muqaddam kelgan. U hamqishloqlari bilan birga vokzalda somsa sotmoqchi bo‘lgan. Biroq ish ruxsatnomasi yo‘qligi uchun endilikda uni sud qaroriga ko‘ra mamlakatdan badarg‘a qiladilar.

- Qarag‘andaga 24 mart kuni kelgandim. Kelganimdan keyin 5 kun ichida migratsiya politsiyasiga borib, hujjatlarimga muhr bostirishim kerak edi. Ammo men bu ishni qilganim yo‘q. Keyin tekshiruv chog‘ida meni tutib olishdi, - deydi Isroiljon.

O‘zbekistonga ketayotgan Isroil Jo‘raev vatanda hujjatlarini qayta rasmiylashtirib, Qozog‘istonga qaytib kelishni mo‘ljallamoqda.

Qarag‘andaning “Altin Arba” bozorida kiyim-kechak sotayotgan tojikistonlik Mansur esa bu yerda “fuqaroligi bo‘lmagan shaxs” guvohnomasini olib ishlayotganini aytadi.

Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligining migratsiya politsiyasi departamenti katta inspektori Nurg‘ali Ristanovga ko‘ra, hukumatning migratsion nazorat va chet elliklarni qaydga olish ishini amalga oshirish tartibi to‘g‘risida shu yil aprelida qabul qilingan 190-qaroriga muvofiq, “Qozog‘istonda O‘zbekiston kabi mamlakatlar fuqarolarining kelish shartlari o‘zgargan”.

- Bu o‘zgarishlar Qozog‘istonga vizasiz kirishi mumkin bo‘lgan MDH mamlakatlari fuqarolariga tegishli. Qozog‘iston bilan O‘zbekiston o‘rtasida ikki tomonlama shartnoma tuzilgan. Bu mamlakat fuqarolari Qozog‘istonda qaydsiz 30 kungacha yurishi mumkin. Bu muddatni cho‘zdirish mumkin emas. Chunki 30 kun shaxsiy safarlar uchun yetarli. Agar o‘zbekistonliklar mehnat muhojiri sifatida kelayotgan bo‘lsalar, ish uchun ruxsatnoma olishlari va ichki ishlar idoralarida ro‘yxatdan o‘tishlari shart, - deydi Nurg‘ali Ristanov.

Hukumat qarorida Qozog‘istonda mehnat muhojirlarining ro‘yxatga olinishi ularga berilgan ish ruxsatnomasining yaroqlilik muddatiga qarab rasmiylashtirilishi aytilgan. Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo davlatlardan bo‘lgan muhojirlar esa Qozog‘istonda 90 kungacha yurishlari, keyin esa qayd muddati cho‘zdirilishi mumkin. Ristanovga ko‘ra, iqtisodiy ittifoqqa a’zo davlat fuqarolari hatto “soliq to‘lamasdan ishlashlari mumkin”.

- Ular Qozog‘istonda maxsus ruxsatnomasiz va to‘lovlarsiz ishlay oladi. Buning uchun ish beruvchi bilan shartnoma tuzib olish va ichki ishlar idoralarida bir yillik qaydga turish kifoya. Bu muddat tugagach, qayd muddatini yana bir yilga cho‘zdirish mumkin, - deydi migratsiya politsiyasi mulozimi.

Qozog‘iston qonunchiligiga ko‘ra, bu mamlakatda ish ruxsatnomasi uchun mehnat muhojirlari oyiga 4 ming 242 tanga yoki qariyb 12 dollardan pul to‘lab borishlari lozim. Ish ruxsatnomasini muhojirlar mahalliy ijroiya organlaridan olishlari mumkin.

Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2015 yili ichki ishlar idoralari tomonidan 1 milliondan ortiq xorijlik, shu jumladan, 100 mingdan ko‘proq mehnat muhojiri ro‘yxatga olingan. Mehnat muhojirlarining aksariyati ishlash uchun Janubiy Qozog‘iston va Mang‘istau viloyatlariga hamda Olmaota shahriga boradi. Joriy yil boshidan beri 16 ming nafardan ko‘proq muhojirga ish ruxsatnomasi berilgani aytilmoqda.

XS
SM
MD
LG