Линклар

O‘tgan haftada centrasia.ru sayti e’lon qilgan, boshqa axborot vositalari qatori Ozodlikka ham kelgan bir maqolada Toshkent Davlat Iqtisodiyot universitetida korrupsiya ildiz otgani, poraxo‘rlikning bu o‘quv yurtida shakllangan “klassik modeli mamlakatning boshqa struktura va o‘quv yurtlariga tarqalayotgani” iddao qilindi.

“V Uzbekistane nachalsya protsess Narxozizatsii sotsialnogo kompleksa”, degan sarlavha ostida rus tilida yozilgan maqola Nodir Jumaevniki, deb taqdim etildi.

“Iqtisodiyot fanlari doktori, sobiq deputat va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mitasi sobiq raisi, professor N. X. Jumaev”ning maqolasida ilgari surilgan iddaolar uchun asos borligini sobiq “Narxoz”ga aloqasi bor ba’zi o‘qituvchilar e’tirof etdi.

Biroq bu maqola e’lon qilinganiga bir haftadan oshganiga qaramay, uning Iqtisodiyot universitetidagi hayot maromiga ta’sir qilgani sezilmadi.

Nodir Jumaev nomi bilan e’lon qilingan maqola qariyb 1800 ta so‘zlik kattagina matndan iboratligi bois¸ uni hijjalab o‘qish vazifasini O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga qoldiramiz.

Biz esa, maqola ruhini belgilab beruvchi ba’zi parchalarnigina keltiramiz.

Nima debdi, o‘zi?

Demak, “Nodir Jumaev”ga ko‘ra, Toshkent Davlat Iqtisodiyot universitetida “poraxo‘rlikning klassik modeli shakllangan va bu mamlakatning boshqa struktura va o‘quv yurtlariga tarqalamoqda”.

Muallifning yozishicha, “poraxo‘rlikning muvaffaqiyat bilan ishlayotgan klassik modeli ikki asosiy bosqichdan iborat:

Birinchi bosqich qabul komissiyasi faoliyati bilan bog‘liq bo‘lib, u mijozlardan (muallif shu so‘zni ishlatgan – tahr.) qabul qilishdan boshlanib, ularni universitetga qabul qilish bilan yakunlanadi.

Ikkinchi bosqich ta’lim bilan bog‘liq va o‘qishning birinchi kunidan boshlanib, mijoz-bitiruvchilarga tayyor diplomlar berish bilan yakunlanadi”.

“Nodir Jumaev”ga ko‘ra, har ikkala bosqich davomidagi hal qiluvchi omil poradir.

Muallif o‘z maqolasida konkret misollar bilan universitetda tomir otgan poraxo‘rlik ko‘rinishlari, foydalanilayotgan korruptsion sxemalarni ochib berishga, tushuntirib berishga uringan.

“Nodir Jumaev” universitetdagi “poraxo‘rlikning klassik modeli”ni barpo qilish ustida konkret arboblar - akademiklar, vitse-bosh vazirlar “ter to‘kib ishlaganini” iddao qiladiki, ular kim ekanligini bilishga qiziqqanlar maqolani o‘zlari o‘qishi mumkin.

Muallifni chaqiring, muallifni!

Maqola muallifi, deyilayotgan professor Nodir Jumaevni topishning hozircha iloji bo‘lmadi.

Biroq uning kursdoshi bilan bog‘landik. Ismini aytmasligimiz sharti bilan gapirgan kursdoshning aytishicha, asl Nodir Jumaev centrasiada chiqqan maqolani yozganini inkor etgan.

"Sauna? Qizlar?" "Provokatsiya!"

Ayni paytda Nodir Jumaev bilan do‘st maqomidagi boshqa bir manba Ozodlikka aynan mana bu gaplarni aytdi:

“Nodir Jumaev 1976 yilda tug‘ilgan. Harvard universitetida o‘qigan. Doktorlikni ham o‘sha yerda yoqlagan. Dastlab Diplomatiya universitetida prorektor bo‘ldi. Keyin Narxozga rektorlik qildi. Oxiri¸ Diplomatiya universitetiga rektor qilib tayinlanganida¸ provokatsiya qurboni bo‘ldi. Saunada qizlar bilan suratga tushirishgan va shundan keyin uni ishdan ketkazishgan. Hozir ishsiz. Vazir Bahodir Hodiev bilan munosabati yomon bo‘lgan. Vazir Jumaev Narxozda rektor bo‘lib turgan paytda ikki yil uni qabuldan chetlatib qo‘ygan, ya’ni qabul davrida uni majbur otpuskaga chiqarib yuborgan. Nodirning aybi - uning O‘zbekistondagi vaziyatni tushunmagani bo‘ldi, o‘zini G‘arbdagiday, Harvarddagiday tutdi. Majlislardayam, bir gapdan qolmas, betgachoparlik qilardi. Nodir hozir ishsiz”, dedi Nodir Jumaevning do‘sti.

“Maqolani Nodir Jumaev yozgan bo‘lishi mumkinmi?”

Bu savolimizga javoban suhbatdoshimiz: “Ha, deya olmayman, lekin prezidentga shikoyat yozganidan xabarim bor”, dedi.

"Narxoz"da ishlagan domlaning fikri

Toshkentlik iqtisodchi G‘olibbek Xolnazarov Iqtisodiyot universitetida o‘qigan emas, lekin u bu o‘quv yurtida bir muddat o‘qituvchilik qilgan. Ma’lum bo‘lishicha, G‘olibbek hali Nodir Jumaevniki, deyilayotgan maqolani o‘qishga ulgurmabdi. Suhbatdoshimizga maqola mazmuni to‘g‘risida aytmay turib, undan Iqtisodiyot universitetidagi muhit to‘g‘risida so‘radik.

G‘olibbek Xolnazarov bunday dedi:

- Shaxsan o‘zimning tajribamdan kelib chiqqan holda bilamanki, Narxoz yoki Iqtisodiyot universiteti korrupsiyaning makoni va uning g‘oyaviy markazi. Butun oliy ta’limdagi korrupsiyaning g‘oyaviy markazi, o‘rischa aytganda kuznitsasi, deb bilaman.

G‘olibbek Xolnazarov, bu so‘zlari bilan, beixtiyor, Nodir Jumaevniki, deyilayotgan maqolaning mag‘zini aytib qo‘ydi.

"Narxoz"da shu kunda nima gap?

5 may kuni Toshkent Davlat Iqtisodiyot universiteti rektori qabulxonasi bilan bog‘landik. Ismini aytmagan, o‘zini rektor yordamchisi, deb tanishtirgan yigit rektor Mahmudjon Boltaboevning xizmat safari bilan Farg‘onada yurganini aytdi. Yordamchining maqolani o‘qimaganini¸ so‘rab bildik.

Rektorning qo‘l telefonini topdik. Kun davomida bog‘lanishga urindik. Telefon kun davomida o‘chiq bo‘ldi.

XS
SM
MD
LG