Линклар

logo-print

Joriy yil mart oyida Buxoro viloyatiga ota-onasi va yaqinlarini ko‘rgani kelgan dindor Abdulaziz Hoshimov xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan hibs etilgan. 5 aprel kuni hibsda qoldirish to‘g‘risida bo‘lib o‘tgan mahalliy sud majlisida Hoshimovga “noqonuniy diniy tashkilotlarga a’zolik” va “ekstremizm” ayblari qo‘yilgan.

Rossiya shimolidagi Murmansk shahrida istiqomat qilib kelgan 30 yashar Abdulaziz Hoshimov mart oxirlarida yaqinlarini ko‘rish uchun Buxoroning Shofirkon tumaniga keladi.

U o‘sha kuniyoq u o‘z uyida maxsus xizmat xodimlari tomonidan hibs etiladi¸ deydi voqea tafsilotlarini o‘rgangan Moskvadagi “Yordam” tashkiloti rahbari Bahrom Hamroev:

- Abdulaziz kechasi kelganidan keyin uyiga 25ga yaqin “maskalik”lar kelib, butun xalqqa “shou” ko‘rsatib, uni olib chiqib ketdilar. U Shofirkonda qamalgan, lekin Buxoroda Milliy xavfsizlik yerto‘lasida saqlangan. Uni sudga olib chiqqanlarida Abdulaziz Hoshimov hatto oyog‘ida tura olmaydigan holatda bo‘lgan – ko‘tarib chiqqanlar. Unga qattiq jismoniy tazyiqlar o‘tkazilgan. Abdulaziz ,so‘zsiz, bu holatda “ekstremistik tashkilotni boshqarganman” deb tan oladi. U bilan aloqada bo‘lganlardan biri “Ketmang, borsangiz O‘zbekistonda qamalasiz!”, desa ham “Yo‘q. Men hech bir gunoh qilmaganmanku!” deb ketgan. Abdulaziz O‘zbekistonda yurganida ham diniy boshqarmada ishlagan, deydi huquq faoli.

Abdulaziz Hoshimov Rossiya fuqaroligini olish arafasida bo‘lgan

Abdulaziz Hoshimov Rossiya fuqaroligini olish arafasida bo‘lgan

Aytilishicha¸ Rossiyaga chiqib ketgunga qadar Abduliziz Hoshimov Buxoro viloyatidagi bir nechta masjidda imomlik qilgan. Ayni vaqtda u O‘zbekiston Davlat jismoniy tarbiya institutini tamomlagan.

Og‘ir iqtisodiy sharoit tufayli muhojiratga ketgan Abdulaziz Rossiyaning Murmansk shahrida joylashib, vaqtinchalik yashash ruxsatnomasiga ega bo‘lgan. U Murmansk shahrida ham musulmonlar jamoasi faoli bo‘lgan, shu yerdagi mehnat muhojirlariga yordam berib kelgan.

Bahrom Hamroevga ko‘ra¸ Abdulaziz eski pasportini almashtirish niyatida O‘zbekistonga qaytgan:

- Men uni Murmanskda shaxsan ko‘rganman – normal musulmon yigit. U Buxoro masjidlarida imomlik qilgan, hukumatga yaqin odam bo‘lgan. Axir O‘zbekistonda imom bo‘lish oson emasku – hukumat nog‘orasiga o‘ynamasangiz, masjidga imom bo‘la olmaysizku! Rossiyada ham diniy faoliyat ko‘rsatgan, faol bo‘lgan. Masjid qurilishida qatnashgan, O‘zbekiston fuqarolariga ish topib berib yurgan. U O‘zbekiston hukumatiga umuman qarshi gapirmagan. Men O‘zbekiston hukumatini tanqid qilganimda gaplarimni tasdiqlamagan, boshini egib, yuzlari qizarib jim turgan.Odamlar kelib bu yerda pul ishlab O‘zbekistonga jo‘natayapti, Karimovga qarshi hech kim biror narsa gapirayotgani yo‘q, dedi “Yordam” tashkiloti raisi.

Ozodlikka yuborilgan tergov materiallaridan Abdulaziz Hoshimov bir guruh buxorolik qatorida “Musulmon birodarligi” (“Al-Ixvon al-muslimun”) diniy tuzilmasi bo‘linmasida faollik qilganlik, unga “O‘zbekistondan kelgan mehnat muhojirlarini jalb qilganlikda” ayblanayotgani ma’lum bo‘ldi.

Tergov hujjatlarida “Musulmon birodarligi” yacheykasini tuzish va boshqaruv” hozirda Kareliya Musulmonlar jamoasi imomi va Rossiyada tanilgan diniy faol¸ asli falastinlik Visam Ali Bardvil tomonidan amalga oshirilgani aytilgan. Adulaziz Hoshimov ham ¸ bir necha yil oldin Murmanskda ishlab¸ O‘zbekistonga qaytgach Jinoyat Kodeksining 244-1 va 244-2 moddalari asosida qamalgan bir guruh o‘zbek dindorlariga sheriklikda ayblanmoqda.

(Ozodlik bundan ikki yil oldin Murmansk shahrida “Musulmon birodarligi”, ham “vahhobiylik” diniy-ekstremistik oqimi g‘oyalarini targ‘ib etganlikda ayblanib qamalgan ikki nafar buxorolik musulmon to‘g‘risida xabar bergan edi.)

O‘zbekiston xavfsizlik xizmati Hoshimov va uning safdoshlarini Murmanskda uyushtirilgan“xufya yig‘inlarda “vahobiylik” diniy-ekstremistik oqimi asoschisi Tohir Yo‘ldoshev g‘oyalarini targ‘ib etganlikda” ayblamoqda.

Abdulaziz Hoshimovning hozirda qaerda saqlanayotganiga oid aniq ma’lumot yo‘q.

XS
SM
MD
LG