Линклар

Markaziy Osiyo mamlakatlari global iliqlashuv oqibatlaridan zarar ko‘radi, deya xulosa qildi Jahon banki tadqiqotchilari. The Telegraph gazetasida keltirilgan tadqiqot hisobotida chuchuk suvning yetishmasligi 2050 yilga kelib mintaqadagi yalpi ichki mahsulotning 11 foizga tushib ketishiga olib kelishi mumkinligi bashorat qilingan.

Lekin chuchuk suvning qayta taqsimlanishi bo‘yicha choralar ko‘rilsa, bu mintaqaning ayrim mamlakatlarida iqtisodning yaxshilanishiga hissa qo‘shishi mumkin, deyiladi hisobotda. Xususan, suvni to‘g‘ri taqsimlash Markaziy Osiyoda YaIMning 11 foizga o‘sishiga turtki bo‘lishi mumkin.

Jahon bankining ogohlantirishicha, global iliqlashuv natijasida chuchuk suv taqchillashishi jahon iqtisodining qisqarishiga ham olib keladi. Ayniqsa, Yaqin Sharq mamlakatlari katta zarar ko‘rishi mumkin.

Chuchuk suv taqchilligi AQSh va G‘arbiy Yevropada ham keskinlashmoqda, lekin buning iqtisodga zarari katta bo‘lmaydi, deya xulosa qiladi yana Jahon banki.

Jahon bankiga ko‘ra, Global iliqlashuv oqibatlarining oldini olishning eng samarali yo‘li suv zahiralarining bir mintaqadan boshqa mintaqaga qayta taqsimlash bo‘ladi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari suv zahiralarini isrof qilish bo‘yicha dunyoda yetakchilik qiladi. Ular orasida birinchi o‘rinda turadigan Turkmanistonda jon boshiga bir yilda 5,5 ming kub metr suv sarflanadi. O‘zbekistonda esa har bir odam uchun 2 ming kub metrdan ortiq suv ketadi. Qo‘shni mamlakatlarda ham ko‘rsatkchilar taxminan bir xil. Solishtirish uchun Xitoyda jon boshiga 400 kub metr suv ketadi xolos.

Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida mintaqa suv zahiralari ustida tortishuvlar yillardan beri davom etadi. Xususan, Tojikiston va Qirg‘izistonning transchegaraviy daryolar ustida yirik gidroinshootlar qurish rejalarigi O‘zbekiston qarshi chiqib keladi.

Suv zahiralaridan noto‘g‘ri foydalanish oqibatida Orol dengizi qurib, bugungi kunda 90 foizga qisqargan.

XS
SM
MD
LG