Линклар

Toshkentda o‘zini MXX xodimi deb tanishtirib firibgarlik qilgan fuqaro qamaldi. Qashqadaryoda voyaga etmagan bola ov miltig‘ida qo‘shnisini otib qo‘ydi. Taniqli aktyor Zikir Muhammadjonov echki suti ichib saraton xastaligini yenggan. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida yozdi.

Toshkentda o‘zini MXX xodimi deb tanishtirib, firibgarlik qilgan fuqaro qamaldi

Toshkentda o‘zini Milliy xavfsizlik xizmati xodimi sifatida tanishtirib, firibgarlik jinoyatlarini sodir etgan fuqaro ushlandi (“Huquq”, 5 may). Qo‘lga olingan shaxs MXX xodimlarining xizmat kiyimiga o‘xshash ust-boshda, qo‘lida ratsiya aloqa vositasi, pnevmatik pistolet olib yurishga mo‘ljallangan moslama bilan yurib, odamlarni davlat organi xodimi ekaniga ishontirgan. Shu tariqa ismi oshkor etilmagan firibgar avtosalondan “Kaptiva” mashinasi olib berish va’dasi bilan bir fuqarodan 13 ming dollar, Toshkent shahriga doimiy propiska qo‘yib berish va’dasi bilan boshqa bir fuqarodan 1000 dollar va 135 ming so‘m olgan. Firibgarlikda ayblangan fuqaro jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumani sudi tomonidan olti yarim yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

“O‘zbektelekom” vakili ayrim saytlarning ochilmasligiga munosabat bildirdi

“O‘zbektelekom” kompaniyasi Biznesni rivojlantirish markazi filiali direktori Behzod Arslonov internetdagi ayrim saytlarning ochilmasligiga munosabat bildirdi (“Oila davrasida”, 5 may). Muxbirning “Internetda ba’zan dunyoqarashni kengaytiradigan saytlarning hammasi ham ochilmaydi. Bunda biron cheklov bormi?” degan savoliga filial direktori B. Arslonov “O‘zbektelekom” internet tarmog‘ida alohida segmentlarning ishlashi va undan foydalanish bo‘yicha javobgar emas”, deb javob bergan. Shuningdek, “O‘zbektelekom” vakili 2016 yil davomida Toshkent shahri, Samarqand va Buxoro viloyatlaridagi 40 ta ob’ektda Wi-Fi zonalar tashkil etilishini ma’lum qilgan.

Militsiya xodimini urib yuborgan xususiy shifoxona rahbariga jinoiy ish ochildi

15 aprel kuni Toshkent viloyati Qibray tumani “Usmonobod” blok-postida “Malibu” mashinasida ketayotgan Toshkentdagi “Gospital-Doktor-D” jamiyati rahbari Xurshid Ergashev to‘xtatilgan (“Postda”, 30 aprel). Ammo X. Ergashev yo‘l patrul xizmati inspektori talabiga bo‘ysunishni ep ko‘rmagan, boz ustiga, inspektorni urib yuborib, transport vositasining kapot qismida bir necha metrga sudrab, harakatni davom ettirgan. Natijada yo‘l patrul xizmati xodimi jarohatlangan. Xabarga ko‘ra, ushbu holat yuzasidan haydovchiga nisbatan jinoiy ish ochilib, tergov olib borilmoqda.

Qashqadaryoda voyaga yetmagan bola ov miltig‘ida qo‘shnisini otib qo‘ydi

Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani Chiljuvit qishlog‘ida yashovchi fuqaro Murodovning o‘g‘li uyda yashirib qo‘yilgan ov miltig‘ini topib olib, u bilan qo‘shni bolani otib qo‘ydi. Bu haqda “Huquq” nashri xabar beradi. Oqibatda bola nobud bo‘lgan. Mazkur holatga doir boshqa tafsilotlar oshkor etilmagan. Chiroqchi tumani prokurori Odil Payanovga ko‘ra, 2015 yilda qurolga noqonuniy egalik qilgani uchun 10 nafar shaxsga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Taniqli aktyor Zikir Muhammadjonov echki suti ichib, saraton xastaligini yenggan

O‘zbekiston Qahramoni, taniqli aktyor Zikir Muhammadjonov yoshligida saratonga chalingan va ushbu xastalikni yengib hayotga qaytgan (“Darakchi”, 5 may). Tabib tog‘asining tavsiyasi bilan aktyor kasallikdan xalos bo‘lish uchun butun umr echki suti ichgan. Qolaversa, u xonadoniga tashrif buyurgan Raj Kapur, Xema Malini, Mixail Ulyanov, Nikita Mixalkov kabi o‘z davrining mashhur ijodkorlarini ham o‘zi boqqan echki suti bilan mehmon qilgan. Qolaversa, aktyor uyidan ishi – O‘zbek milliy akademik drama teatriga qadar 10-12 kilometr piyoda yurgan.

Teleboshlovchilar til qoidalaridan ko‘ra bo‘yanish qoidalariga e’tiborli

Aksar jurnalistlarning nutqiy mahorati ko‘ngildagidek emas, deb hisoblaydi filologiya fanlari doktori Nizomiddin Mahmudov (“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, 29 aprel). “Ko‘pgina telejurnalistlar, teleboshlovchilar chinakam ta’sirli, ifodali nutq qoidalaridan ko‘ra tashqi bezaklar, kiyinish va bo‘yanish qoidalarini mukammalroq biladiganday taassurot tug‘diradi. Radioboshlovchilarning aksariyati ham madaniy va mazali nutq malakasi bu yoqda qolib, sun’iy ovoz tovlantirish bilan ovoraday tuyuladi”, deydi tilshunos olim. Qayd etilishicha, millat hamiyatining bosh ustuni bo‘lgan tilning hurmatini rostlik bilan joyiga qo‘yishda hamma faol bo‘lishi kerak.

Samarqandlik askar 1945 yil Berlinda bir o‘zi 24 fashistni asir olgan

Turli medal va ordenlar sohibi, Kattaqo‘rg‘on shahridan Rashid ota Ochilov 1941 yili 19 yoshida Ikkinchi jahon urushiga kirib, Moskvadan Berlinga qadar yo‘lni bosib o‘tgan. “Darakchi” nashri ma’lumotlariga ko‘ra, R. Ochilov Berlin yaqinidagi jangda ko‘prik tagida berkinib yotgan 24 nafar dushman askarini asir olgan. Buning uchun unvon berilayotganda esa u rahbariyatdan unvon o‘rniga onasini ko‘rib kelishga ruxsat so‘ragan. Shu tariqa R. Ochilov 17 marta jangga kirib, 4 bor yaralagan.

“Kiss me” da’vati yozilgan futbolka kiygan qizning ko‘chaga chiqishiga akasi ruxsat bermadi

Toshkentlik maktab o‘quvchisi “Kiss me” (O‘p meni) degan yozuvli futbolka kiyib, ko‘chaga chiqmoqchi bo‘lganida akasi bunga qarshilik bildirdi (“Iste’molchi”, 4 may). Qayd etilishicha, o‘quvchi qiz tushunmagan holda shunday futbolkani sotib olgan. “Bugun ko‘cha-ko‘y, maydonlar, istirohat bog‘lari, jamoat transporti, xullas, turli joylarda ayrim yosh yigit-qizlarning ko‘ksiga xorij so‘zlari yozilgan liboslarda bemalol yurishganiga ko‘zingiz tushadi. Vaholanki, bu “bemalol”lik til biladiganlarning lab burishiyu istehzoli tabassumiga sabab bo‘lyapti. Chunki yorqin ranglardagi, bir qarashda kishini o‘ziga jalb etadigan ushbu kiyimlarga “I am alone” (Men yolg‘izman), “Call me (Menga qo‘ng‘iroq qil), “I want you, you want me” (Men seni xohlayman, sen meni-chi) singari so‘zlar yozilgan”, deyiladi maqolada.

XS
SM
MD
LG