Линклар

Namangan viloyati Kosonsoy tumani markaziy poliklinikasida 15 kundan beri svet yo‘qligidan ayrim vrachlar uyidan akkumulyator olib kelib ishlamoqda. Vaziyatdan aziyat chekayotgan kosonsoyliklardan kelgan bu xabarni tuman tibbiyot birlashmasi rasmiysi ham¸ tuman elektr tarmoqlari xodimi ham bilvosita tasdiqladi. Ayni paytda¸ ikkala rasmiy idora aybni bir-biriga to‘nkashga urindi.

“Kosonsoy markaziy poliklinikasida 15 kundan beri svet yo‘q. Kasallar xor-zor. O‘zbekiston tibbiyoti shu qadar oqsoqki¸ oddiy svetni 15 kunlab berolmaydi. Fizioterapeya¸ LOR¸ okulist¸ hamma vrachlar kasal qabul qilishga qiynalishmoqda. UZI¸ FGDS vrachlari uylaridan akkumulyator olib kelib ishlatmoqda. Boshliqlar qaerga qarayapti?” deyiladi kosonsoyliklar biri shaxsi sir qolish sharti bilan yo‘llagan ma’lumotda.

Kosonsoy markaziy kasalxonasi va markaziy poliklinikasida elektr bilan bog‘liq muammolar mavjudligini tuman elektr tarmoqlari va tibbiyot boshqarmasi rasmiysi tasdiqladi.

Ammo ikkala tomon aybni bir-biriga yuklab¸ o‘zini oqlashga urindi:

- Transformator kuyib qolgan edi. Ikkinchisini ishga tushirdik. Biz transformatorgacha elektr energiyasini yetkazib beramiz. Undan u yog‘idagi kabellarga o‘zlarining elektromontyorlari qaraydi. Biz ichki tomonga qaramaymiz. Bizda chegara nuqtasi bor. Chegaragacha yetkazib beramiz¸ u yog‘iga o‘zlari qaraydi. Biz tuman tibbiyot birlashmasi bilan shartnoma qilganmiz. Shartnomada ko‘rsatilgan¸ elektr ta’minoti korxonasi falon nuqtagacha xizmat ko‘rsatadi. Bu nuqtadan u yog‘iga o‘zi xizmat ko‘rsatadi. Transformatordan u yog‘iga biz emas¸ ular qaraydi. Qarashga bizning haqqimiz yo‘q¸ dedi Kosonsoy elektr tarmoqlari korxonasi mutaxassisi.

Kosonsoy tibbiyot bo‘limi mas’uli esa¸ elektr ta’minotida muammo yuzaga chiqqani¸ markaziy kasalxona to‘rt soat¸ markaziy poliklinika esa¸ atigi uch kun elektrsiz qolganini bildirdi:

- Yomg‘irda transformator portlab¸ faqat bitta liniya qolgan. Transformator bizning balansimizda emas¸ RESni balansida edi. Tiklandi. Markaziy shifoxonani tiklash uchun to‘rt soat vaqt ketdi. Poliklinikada 3-4 kun svet bo‘lmadi¸ dedi Kosonsoy tibbiët birlashmasi vakili.

Markaziy poliklinika vrachlaridan biri o‘z shaxsi ochiqlanmasligi sharti bilan¸ elektr muammosi bartaraf etilmagani¸ xususan¸ fizioterapeya kabinetlariga haligacha elektr quvvati berilmaëtganini bildirdi:

- Muammo hal etilgani yo‘q. Transformator kuyganidan keyin¸ quvvati kichkinasini qo‘yishgan. Poliklinikada har xil apparatlar bor¸ ularning hammasiga elektr kerak. Bunga transformatorning kuchi etmaydi. Shuning uchun fizioterapeya kabinetlariga svet berishmayapti. Bu elektr tarmoqlarining ishi¸ bu yerda vrach va hamshiralar ishlaydi. Biz elektr bo‘yicha mutaxassis bo‘lmasak¸ transformator uchun biz mas’ul bo‘lmasak. Elektr tarmoqlari muammoni hal qilishni xohlamayapti. O‘rtada vrachlar ham ishini qilolmayapti¸ kasallar sarson¸ deydi Kosonsoy markaziy poliklinikasida ishlovchi vrachlardan biri.

O‘zbekistonda yildan-yilga kuchayib borayotgan elektr tizimidagi uzilishlar mamlakat viloyatlaridagi aholi haëtining barcha jabhasiga kirib borgan.

Xususan¸ Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ viloyatlar va Qoraqalopog‘iston elektr toki ta’minotidagi uzilishlar bois shifoxonalardagi ahvol og‘irlashib bormoqda.

- Svet bizda, deyarli yo‘q. Kuniga ikki soat bo‘ladi, keyin kuni bilan o‘chadi. Kechqurunlari umuman svet bo‘lmaydi. Dvijoklarni ishlatamiz, lekin doimiy tarzda svet o‘chaversa¸ dvijoklar ham foyda bermaydi. Og‘ir bemorlar keladi, operatsiya payti svet o‘chib qolsa¸ bu bemorning ahvoliga ta’sir qiladi. O‘tgan yili ko‘plab noxush holatlar bo‘lganini bilamiz. Hali qattiq sovuq boshlanmasidan buning oldini olish kerak. Men shifokorman, bemorlarga yordam berishim kerak, buning uchun zarur sharoit yaratib berilishi kerak. Haqiqatan ahvolimiz juda og‘ir, degan edi Ozodlik bilan suhbatda Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahridagi bolalar shifoxonasi vrachlaridan biri.

O‘zbekistonda aholining hayot-mamoti uchun belgilovchi bo‘lgan tibbiyot sohasidagi elektr muammolari ham yechimsiz qolayotgan bir paytda¸ O‘zbekiston hukumati o‘tgan yili qo‘shni Afg‘onistonda elektr quvvati sotishni yana 10 foizga ko‘paytirdi.

XS
SM
MD
LG