Линклар

logo-print

Tojikiston huquq-tartibot idoralarining ma’lum qilishicha¸ Vose’ rayonida yashab kelgan to‘qqiz kishilik oila ikki oy oldin Suriyaga jo‘nab ketgan. Tojikiston huquq tizimlari bu oilaga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘adi va ularni xalqaro qidiruvga berdi.

Xalqaro maydonda Suriyadagi jihodiy guruhlarga qarshi harbiy kurash faollashgan bir davrda¸ Tojikistonning Vose’ tumanida yashab kelgan 43 yashar Subhon Qosimov xotini va yetti bolasini olib Suriyaga ketib qolgan.

Bu oila yashagan mahalla raisasi Amina Gulmadovaga ko‘ra¸ bu oila Vose markazida ijaraga olib yashab kelgan uyni huquq xodimlari muhrlab ketgan.

- Huquq idoralari Qosimovlarning ikki oy oldin Suriyaga chiqib ketganini aniqladi. Qosimovning onasi ham mahallamizda yashaydi. Sho‘rlik ona¸ bu xabardan keyin butunlay yotib qoldi¸ deydi mahalla raisasi.

Vose rayon ichki ishlar bo‘limi rasmiysining Ozodi muxbiriga bildirishicha¸ ushbu oilaga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan va ular xalqaro qidiruvga berilgan.

Ayni paytda¸ bu rasmiy to‘qqiz jonlik oilaning qanday qilib Suriyaga chiqib ketganiga oid tafsilotlarni bildirmadi.

Subhon Qosimovning katta opasi Bargigul Qosimova Ozodi bilan suhbatda ukasining pul ishlash maqsadida Sochiga ketgani¸ u yerda sabzavot sotib¸ oilasiga pul jo‘natib turganini aytadi. Opasiga ko‘ra¸ o‘tmishda Subhon narkoman bo‘lgan.

- Ukam nima uchun Suriyaga ketganini bilmayman. U oldin narkotiklarga ruju qo‘ygan edi. Uni bu balodan qutqarishga qancha harakat qilmaylik¸ baribir oxiriga tuzalmadi. Shundan keyin¸ Sochiga ketdi. Telefon qilib¸ narkomanlikdan juda tez qutulganini aytdi. Xotini bilan bolalari Tojikistondan qachon¸ qanday chiqib ketganini bilmay ham qolibmiz. Keyin Iroqdan telefon bo‘ldi. Boshda har kun telefon qildi¸ urush yo‘q¸ hammasi joyida dedi. Yaqinda ukamning ikki hafta oldin o‘lgani¸ xotinining azada yurgani haqida xabar keldi. Telefonda xotini umuman shikoyat qilmaydi. Yettita o‘g‘li qoldi. Kattasi 17 da¸ kichigi 5 yoshda¸ deydi Subhon Qosimovning opasi.

Tojikiston huquq idoralariga ko‘ra¸ birgina Ko‘lob viloyatidan Suriya va Iroqdagi “Islomiy davlat” safiga qo‘shilganlar soni 100 nafarga etgan. Aytilishicha¸ ularning kamida o‘ntasi hozirgacha o‘lgan.

IShID safidagi tojikistonliklar umumiy sonining mingdan oshgani¸ ulardan o‘lganlari sonining esa¸ 150 ka etgani taxmin qilinadi.

Tirik qolganlarning hammasiga nisbatan Tojikiston Jinoyat Kodeksining 401-moddasi bo‘yicha jinoiy ish ochilgan¸ xalqaro qidiruvga berilgan.

O‘z fuqarolarining terrorchi guruhlar safiga qo‘shilishi oldini olish uchun Dushanbe hukumati keskin tadbirlar qo‘llamoqda.

Xususan¸ mamlakat qonunchiligiga kiritilgan yangi o‘zgartishga ko‘ra¸ xorijdagi jangavor amaliyotlarda qatnashganlik uchun jazo kuchaytirildi va 12 yilgacha qamoq jazosi belgilandi.

Ayni paytda¸ o‘z ixtiyori bilan vataniga qaytganlarga amnistiya va’da qilinmoqda.

O‘tgan yili ana shu amnistiya asosida 50 nafar tojikistonlikning avf qilingani aytilmoqda.

XS
SM
MD
LG