Линклар

Andijonning Asaka tumanidagi "Holid ibn Volid" masjidida ehsondan tushgan millionlab so‘mlik pullar talon-taroj qilingan. Hozirda viloyat moliya va soliq idoralari masjidning moliya-xo‘jalik faoliyatini tekshirmoqda. Masjid hisobchisi ishdan bo‘shatilgan.

Masjidning o‘tgan besh yillik buxgalteriya hujjatlari bilan tanishib chiqqan mahalliy hisobchilardan birining Ozodlikka aytishicha, gap xayr-ehson va obuna uchun aholidan olingan 173 million so‘m (qora bozor kursida taxminan 27 ming AQSh dollari) pul haqida ketyapti.

- Namozga keluvchilar “Hidoyat“, ”Islom nuri” gazetalariga obuna qildirilgan, buning uchun shu masjidga kelgan odamlardan pul olingan. Zakot pullari olingan, fitr pullari olingan. Kvitansiyalar yozilgan, lekin, 173 million so‘m daromad daftariga tushmagan, bankga ham topshirishmagan,- deydi ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka gapirgan asakalik hisobchi.

Bu holat masjidga keluvchi namozxonlarda ishonchsizlik uyg‘otdi, deydi masjid jamoasi a’zolaridan biri.

- Masjidga keluvchilar bundan juda norozi bo‘lib turishibdi. Axir gap ehsonga, deb berilgan pullar haqida ketyaptiku,- deydi ismi sir qolishini istagan asakalik namozxonlardan biri.

Ozodlik bu iddaolarni o‘rganish uchun Asaka tumanidagi "Holid ibn Volid" masjidiga qo‘ng‘iroq qildi.

Masjid mutavallilaridan biri “rastrata” sifatida ko‘rilayotgan 173 million so‘m masjid remonti uchun sarflanganini aytdi.

- 173 million so‘m masjid remontiga, tomini yopishga ishlatildi. Shuni tasdiqlovchi protokol bor. Lekin, oldingi buxgalter bu narsalarni to‘liq aktlashtirmagan. Shuning uchun shunday rastrata chiqyapti,- deydi "Holid ibn Volid" masjidi mutavallisi.

"Holid ibn Volid" masjidi O‘zbekistondagi boshqa masjidlar qatori asosan xayr-ehson hisobidan kun ko‘radi.

Masjidga ehsondan tushadigan yillik daroman esa yuz million so‘mdan ko‘proqni tashkil etishi aytiladi.

- Bizda masjidga beriladigan har bir so‘m buxgalteriya hisobida qayd etib boriladi. Besh kishidan iborat hay’at shu pullar taqsimlanishini nazorat qiladi. Masjidga keluvchilarga aytamizki, bizda ehson pullariga hiyonat qilinmaydi, oxiratda hisob-kitobi borku buning,- deydi "Holid ibn Volid" masjidi mutavallisi.

Lekin, aholi xayr-ehson pullari haqiqatan ham masjid remontiga ketganini masjid imomidan isbotlab berishni talab etmoqda.

- Bu ahmoqqa ham aniq remontga ketmagani. Remont bo‘ladigan bo‘lsa, juma namozlarida aytilar edi. Shuncha pul qaerga ketgan? Olganlar javob berishi kerak, imom buni nazorat qilishi kerak edi,- deydi asakalik namozxon.

O‘zbekistonda imom-xatib va mutavalli masjidga ehson sifatida berilgan xayriya mablag‘ini o‘zaro o‘zlashtirgani xolatlari avval ham bo‘lgan.

O‘tgan yil Toshkent shahri Yashnobod (sobiq Hamza) tumanida joylashgan masjidlardan birining imom-xatibi va mutavallisi 18 million so‘mlik ehson pullarini o‘zlashtirishda ayblangandi.

O‘zlashtirilgan mablag‘larni yashirish maqsadida O‘zbekiston musulmonlari idorasiga topshirilgan moliyaviy hisoblotlarda ehson miqdori kamaytirib ko‘rsatilgan.

- Bu Allohning uyi. Hiyonat qilmaymiz, Xudodan qo‘rqamiz, deyishadi. Hiyonat qilmasa, pullarni daftarga kirgizishi kerak edi. Bankga topshirish kerak edi. Hamma sohada bo‘lganiday dinda ham shunaqa odamlar bor ekan-da,- deydi ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka gapirgan asakalik hisobchi.

XS
SM
MD
LG