Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:36

Qozoq rasmiylari SMS va Facebook yordamida namoyishlar oldini olishga urindi


Nazarboev Yer Kodeksiga moratoriy qo‘ydi
Nazarboev Yer Kodeksiga moratoriy qo‘ydi

6 may kuni aksar qozog‘istonlik kutilmagan manbadan – mamlakat prezidenti ma’muriyatidan ehtiyotkorlik bilan yozilgan SMS xabar oldi.

Xabarda “Respublika prezidenti Nursulton Nazarboev Yer kodeksining ommaviy tartibsizlik keltirib chiqargan ayrim bo‘limlariga moratoriy e’lon qildi”, deyiladi.

Xabarni Qozog‘istondagi yetakchi uyali aloqa operatorlari, jumladan, Altel, Beeline, Kcell hamda Tele2 shirkatlari yubordi.

SMS yuborilishidan avval Nazarboev mamlakatning bir qator hududlarida o‘tkazilgan norozilik namoyishlari sabab iyul oyidan boshlab hukumatga tegishli qishloq xo‘jalik yerlarini sotishga asos yaratuvchi qonunni keyinga qoldirgan edi.

Xabar yetkazish uchun SMSlardan foydalanish muxolifat butunlay jilovlangan va ommaviy axborot vositalari ustidan qattiq nazorat o‘rnatilgan Qozog‘iston uchun yangilikdir.

Bu hol hatto Qozog‘istonda ham ijtimoiy va boshqa tarmoqlar hukumat boshqaruvidagi gazeta-jurnallar, televidenie va radio kabi an’anaviy matbuotga raqobat yaratayotganini ko‘rsatadi.

Nazarboevning moratoriy haqidagi bildiruvi 5 may kuni ilk bor Oq o‘rdaning Facebook sahifasida paydo bo‘ldi.

Buning ortidan hukumat boshqaruvidagi matbuot xabar tarqatdi.

Aftidan, Nazarboev ma’muriyati o‘nlab mustaqil yoki muxolif matbuot yo‘q qilingan mamlakatda Facebook, VKontakte kabi tarmoqlar hamda SMS xabarlar ta’siri kuchli bo‘lishi mumkinligini anglab etgan.

Nazarboevning bu qadami yana prezident qozog‘istonliklar, jumladan, namoyish uyushtiruvchilari rejalashtirilgan o‘zgartirishlar keyinga qoldirilganini bilishini xohlashidan darak beradi.

Ammo 5 may kuni prezident yangi Ma’lumot hamda kommunikatsiya vazirligi yaratilishini, uning vazifasi “hozirgi informatsiya bilan bog‘liq muammolarni hal qilish hamda islohotlar samarali amalga oshirilishini ta’minlashga xizmat qilishdan” iborat bo‘lishini bildirdi.

Prezidentga ko‘ra, yangi vazirlik “eng dolzarb masalalarni o‘z vaqtida aniqlash va ularga javob qaytarish uchun barcha ma’lumot kanallarini, jumladan, Internet hamda ijtimoiy tarmoqlarni nazorat qiladi”.

Nazarboev yana yangi vazirlik “ham elektron, ham bosma manbalarda ma’lumot xavfsizligini ta’minlash uchun mahalliy ma’lumot mahsulotlari sifatini yaxshilash bilan shug‘ullanishini” qo‘shimcha qildi.

Facebook foydalanuvchilari bu vazirlikni “Haqiqat vazirligi”, “Baxt vazirligi”, “Oruellning dahshatli tushi” deya ta’riflab, xavotir izhor qilishdi.

Qozog‘istonda Yer kodeksiga kiritilgan o‘zgartishlarga qarshi namoyishlar 24 apreldan boshlanib ketgan edi. Namoyishlarda norozilar hukumatga qarshi chaqiriqlarni ayta boshlagan.

Namoyishchilardan ayrimlari hibs qilinib, ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

XS
SM
MD
LG