Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:43

O‘zbekistonda bolalarni masjiddan qaytarishga "shar’iy asos" topishdi


Masjidlardan birining darvozasiga osib qo‘yilgan e’londa "norasida bolalar"ni Islom payg‘ambaridan qolgan hadis asosida "masjiddan yiroq qiling" deyilgan. Masjidga kirish va ibodat qilishga oid 14 qoidaning so‘nggisiga asos qilib keltirilgan ushbu hadis matni esa, Ozodlikka murojaat qilgan mushtariy va bu borada sharh bergan ahli-ilmga ko‘ra, zaifdir.

Ozodlikka fotonusxasi yo‘llangan e’lon matnida shunday deyiladi:

"Rasulolloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: masjidlaringizdan yosh bolalar majnunlar (aqli zaif kishilar)ni yiroq qilinglar!"

Ushbu e’lon aks etgan suratni Ozodlikka yo‘llagan o‘zbekistonlik mushtariy mana bu jumlalarni ilova qildi:

"O‘zbek masjidlaridan yoshlar zaif va to‘qima hadislar bilan qaytarilmoqda. Ibn Jovziy va boshqa ulamolar bunday hadislar sahih emasligiga fatvo berishgan".

Ismini oshkor etmayotganimiz mushtariyga ko‘ra, bunday e’lonlar shu kunlarda aksar masjidlar darvozlariga ilingan va ana shu hadis asosida masjid xodimlari namozga kelayotgan bolalar - kichik go‘daklardan tortib 16-18 yoshgacha bo‘lgan o‘smir bolalarni ortga qaytarmoqda.

Toshkentlik ahli-ilmlardan biri ismini aytmaslik sharti bilan masjidlar peshtoqiga ilingan hadis tarixi va uning masjid mas’ullari tomonidan qo‘llanishiga o‘z munosabatini bildirar ekan, "masjiddagilar dinni suiste’mol qilishmoqda", deb fikr bildirdi.

- Bu hadis zaif hadis. Ibn Mojada rivoyat qilingan. Bu rivoyatni Ibn Javziy: "Sahih holda rivoyat qilinmagan hadis", degan. Bu kishi Ibn Taymiyaning shogirdi bo‘ladilar. Yana Hofiz ibn Hajar degan mashhur muhaddis bor: "Bu hadisning barcha sanadlari zaif", deganlar. Yana bir Ajluniy, degan mashhur muhaddis bor, u kishi ham hadisning sanadini zaif, degan. Lekin, bu hadisni quvvatlovchi turuqlari bor, degan. Ya’ni, ulamolar bu hadisni sharhlaganida aytishganki, yosh bolalarni masjidga payg‘ambarimiz chaqirgani haqida hadis yo‘q, qaytargani haqida ham yo‘q. Bu kabi hadislarda masjidda kirib, namozni qadrini bilmay o‘yinqaroqlik qiladigan, tushunmaydigan bolalar nazarda tutilgan. Lekin, yana qattiq ta’kidlanganki, yosh bolalarning qalbiga masjidning hurmatini yoshligidan singdirish kerak. Shuningdek, buni tushunib, namozni qadrlaydigan saviyaga etgan bo‘lsa, masjiddan to‘smaslik kerak, - deydi ismini oshkor qilmayotgan o‘zbekistonlik ahli ilm.

U O‘zbekistonda bunday hadislar asosida 15-18 yashargacha bolalarning masjidga qo‘yilmasligini "shar’iy jihatdan oqlab bo‘lmaydi" deb baholadi:

- Bunaqa narsa shariatda yo‘q. Buni yozayotgan odamlar ertaga qanday javob beradilar - men buni bilmayman. Ammo, buni oqlab bo‘lmaydi. Hadisni zaif, deb tashlab yuborish ham noto‘g‘ri va aynan shu hadis masjidga zarar beradigan, namozga xalaqit qiladigan go‘daklarga tegishli. Maktab yoshidagi bolalar esa masjiddan qaytarilmasligi kerak. O‘zbekistondagi bu holat - hadisni suiste’mol qilish, deyiladi, - deydi suhbatdosh.

O‘zbekistonda masjidlarga 17 yoshga to‘lmaganlarni kiritmaslik holatlari yillardan buyon kuzatib kelinmoqda. Ozodlik bilan suhbatlashgan dindorlar bu kampaniyaga masjid va ta’lim muassasalari hamda IIV xodimlari jalb qilinganini aytib kelmoqda.

Aksar ta’lim maskanlari xodimlari bolalarni darsdan qolmasligi vaji bilan ularni juma namoziga yubormaslik talab qilinayotganini aytishgan. Ammo, shu paytgacha 18 yoshga to‘lmaganlarni masjidga kiritmaslikka diniy asos ko‘rsatilmagan edi.

Shuningdek, Ramazon oylarida Toshkent shahrida o‘quvchilarning juma namozlariga bormasliklari uchun dars soatlari uzaytirilgani, ayrim maktab o‘qituvchilari masjidlar oldida navbatchilik ham qilgani kuzatilgan.

Toshkentdagi maktablardan birining o‘quv ishlari bo‘yicha mudiri "O‘qituvchilar, ma’naviyatchilar masjidga borib, kuzatadi. Juma kunlari juda qattiq davomatni olamiz. Ota-onalari masjidga boradiganlar bizda hammasi uchyotda" degan edi.

O‘zbekistonda nafaqat maktablar, balki oliy o‘quv yurti va maxsus ta’lim muassasalari talabalarining ham masjidlarga borishlari qattiq nazorat qilinadi.

O‘zbekiston hukumati rasmiylari bu cheklovlarini bilvosita tan oladilar va buni yoshlarning turli diniy oqimlarga berilib ketishini oldini olish maqsadi bilan izohlaydilar.

XS
SM
MD
LG