Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:05

Karimov Atambaevni "Ulug‘ Vatan urushidagi G‘alaba" bilan qutladi


O‘zbekiston va Qirg‘iziston prezidentlari Islom Karimov va Almazbek Atambaev
O‘zbekiston va Qirg‘iziston prezidentlari Islom Karimov va Almazbek Atambaev

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov qirg‘izistonlik hamkasbi Almazbek Atambaevni “Ulug‘ Vatan urushida” qozonilgan g‘alaba bilan tabrikladi. Bu haqda Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati tarqatgan xabarnomada aytilishicha, O‘zbekiston rahbari Atambaevga mustahkam sog‘liq va ezgu tilaklarni ham bildirgan.

“Xalqlarimiz tarixidagi bu shuhratli sanani nishonlar ekanmiz, o‘zlarining beqiyos qahramonligi, jasorati va matonati bilan, qonli jang maydonlarida o‘z hayotini qurbon keltirib kelgusi avlodlar uchun tinchlik va ozodlik uchun kurashgan, front ortidagi fidokor mehnati bilan umumiy G‘alabamizni ta’minlab berganlar xotirasi oldida ta’zim qilamiz”, deya iqtibos keltiriladi xabarnomada Karimovning telegrammasidan.

O‘zbekiston prezidenti qirg‘iz xalqiga tinchlik va ravnaq tilagani ham aytiladi rasmiy bildiruvda.

Bundan roppa-rosa bir yil avval Moskvada G‘alaba kuni munosabati bilan o‘tkazilgan MDH sammitida Karimov bilan Atambaev Ikkinchi Jahon urushida kim qancha hissa qo‘shgani masalasi ustida aytishib qolishgan edi. Bundan tashqari shu yil boshrog‘ida O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi bahsli hududga o‘zbek qo‘shinlari kiritilishi ortidan ikki prezident o‘rtasidagi ziddiyat yana kuchaydi. Qirg‘iziston prezidenti iyun oyida Toshkentda o‘tkaziladigan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitiga bormasligini e’lon qilgan.

Prezident Karimovning bu yilgi 9 may sanasi munosabati bilan qilgan chiqishlarida sobiq sovet davriga xos “Ulug‘ Vatan urushi” va “G‘alaba” atamalarini tilga olayotgani ham e’tiborlidir. O‘zbekistonda 1999 yilda bu atamalardan voz kechilgan va o‘shandan beri bu sana Xotirlash va qadrlash kuni sifatida nishonlanadi.

Karimov 8 may kuni Toshkentdagi Xotira maydonida sana munosabati bilan o‘tkazilgan marosimda so‘zlagan nutqida ham "Ulug‘ Vata urushi" va "G‘alaba kuni" atamalarini tilga oldi.

“Shu kunlarda yurtimizda, qishloq va shaharlarimizda, har bir oila va xonadonda kattayu kichik – barcha vatandoshlarimiz 9 may – Xotira va qadrlash kunini, Ulug‘ Vatan urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 71 yilligini keng nishonlamoqda”, dedi Karimov

Yakshanba kungi nutqida Islom Karimov tinchlik-osoyishtalik haqida, harbiy paradlar o‘tkazish kuch namoyishidan boshqa narsa emasligi haqida, buyuk davlatlar kichik davlatlar bilan teng maqomda bo‘lishi lozimligi haqida, O‘zbekiston hech kimga o‘z hududidan harbiy baza uchun joy bermasligi va harbiy bloklarga qo‘shilmasligi haqida, qo‘shnilar bilan tinch-totuv yashash kerakligi va boshqalar haqida so‘zladi.

XS
SM
MD
LG