Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:34

Andijonda ota-onalar bolasini masjidga jo‘natmaslikka kafolat bermoqda


Andijon shahridagi 30-umumiy o‘rta ta’lim maktabidagi o‘quvchilarning ota-onalaridan yozgi ta’til vaqtida bolalarini "masjid, noqonuniy hujralar, playstation, Internet"ga yubormaslik, "tilanchilik, mashina yuvish, benzin sotish" kabi ishlarga mashg‘ul qilmaslikka kafolat bermoqdalar. Ozodlikka yo‘llangan kafolat xatida bu talablar O‘zbekistonda "Ta’lim to‘g‘risida"gi qonunning 30-moddasi asosida qilinayotgani aytilgan.

Ozodlikka yo‘llangan xabarga kafolat xatining nusxasi ilova qilindi. Unda "Andijon XTMFMT va TE shahar bo‘limiga qarashli 30-umumiy o‘rta ta’lim maktabi" nomi bitilgan.

Tilxatda "Ta’lim to‘g‘risida"gi qonunning 30-moddasi asosida qo‘yilgan ilk talab namoz va masjidga oid.

"Men farzandimni yozgi ta’til davomida tartibli bo‘lib yurishga, ODOB-AHLOQ NORMALARIga to‘la rioya qilishga, Ta’lim to‘g‘risidagi qonunning 30-moddasini bajarishga, namoz o‘qish uchun masjidga bormasligiga, noqonuniy hujralarda tahsil olmasligiga, turli diniy oqimlarga qo‘shilmasligiga, bozorda savdo-sotiq bilan shug‘ullanmasligiga, tilanchilik, aravakashlik, mashina yuvish, benzin sotish kabi o‘quvchiga xos bo‘lmagan ishlar bilan shug‘ullanmasligiga, yo‘l harakati xavfsizligiga rioya qilishga, bolamning hayoti uchun xavfli bo‘lgan narsalarni istemol qilmasligiga, daydilik bilan shug‘ullanmasligiga, tig‘li vositalar olib yurmasligiga, ta’til vaqtida xorij davlatiga olib chiqib ketmaslikka, kechki soat 18:00 dan keyin ko‘chaga chiqarmaslikka, INTERNET, GAME CLUB, PLAYSTATIONlarga bormaslikka, ochiq va yopiq suv havzalari, anhorlar, kanallar, daryo va ko‘lda cho‘milmasligiga, kafolat beraman... Agar yuqorida keltirilgan talablarga javob bermasam men uchun amaldagi qonun hujjatlariga asosan chora ko‘rishingizga roziman".

Kafolat xati matnida talabni bajarmagan ota-onalarga nima chora ko‘rilishi haqida ma’lumot berilmagan.

O‘tgan haftada shahardagi maktablardan birining 3-sinfida o‘qiydigan farzandi uchun ana shunday tilxatni imzolagan andijonlik uy bekasi talablarni bajarolmagan holda unga qanday chora ko‘rilishi mumkinligi haqida ogohlantirilmaganini aytmoqda.

Unga ko‘ra, o‘qituvchi uyiga kelib, kafolat xatiga imzo chektirib ketgan:

- O‘tgan hafta uyimizga keldi bolamning o‘qituvchisi, shu kafolat xatiga qo‘l qo‘yib berdim. Biz aslida har chorakda qo‘l qo‘yamiz shunaqa tilxatlarga. O‘tkir tig‘li narsalarni qo‘liga bermaymiz, ko‘l, kanallarda cho‘milishga yubormaymiz, bozorda savdo qildirmaymiz, hujraga qo‘ymaymiz, degan gaplar bo‘ladi doim, - dedi ismini oshkor etmayotganimiz uy bekasi.

U may oyi oxiriga qadar umumiy o‘rta ta’lim maktabining 5-, 7-sinflarida o‘qiyotgan yana ikki bolasi uchun ham kafolat xatiga imzo chekishi kerakligini aytdi.

Uning aytishicha, o‘quvchilarining ota-onalaridan bunday kafolat xati olish amaliyoti keyini 3 yildan buyon kuzatilmoqda va bu kafolatning bajarilishini o‘qituvchilar muntazam kuzatib borishi kerak:

- Masalan, bolalarni masjidga kiritishmaydi. Juma, Hayit namozlarigayam militsionerlar, uchastkovoylar masjidga umuman qadam bostirishmaydi. Mening bolalarim hali kichkina, borishmaydi shundog‘am. Paxta paytida ham shunaqa biz bilan gaplashib, imzolatishadi. Endi ota-onalar ham o‘ylaydiku bolasini. Endi bizni ogohlantirib qo‘yishyapti, tushuntirish beriladi-da. Endi o‘qituvchilarga ham buyruq beriladi-da, ularni kasbi ham osonmas-ku, - dedi kafolat xatini imzolashga e’tirozi yo‘qligini ilova qilgan uy bekasi.

Ozodlikning ijtimoiy tarmoqlardagi mushtariylaridan biri shunday kafolat xatiga imzo chektirishganiga Farg‘ona shahrida guvoh bo‘lganini yozdi. Unga ko‘ra, bu yerda ham maktabning 3-sinfida o‘qiydigan o‘quvchining ota-onasi shu mazmundagi kafolat xatiga imzo chekkan.

O‘zbekiston Respublikasining "Ta’lim to‘g‘risida"gi qonuni 30-moddasida esa shunday belgilangan:

"30-modda. Ota-onalar yoki qonuniy vakillarning vazifalari

Voyaga yetmagan bolalarning ota-onalari yoki qonuniy vakillari bolaning qonuniy huquqlari va manfaatlarini himoya qilishlari shart hamda ularning tarbiyasi, maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi olishlari uchun javobgardirlar".

Hozircha Andijon viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi va Respublika Xalq ta’limi vazirligidan qonunning ushbu aniq-lo‘nda moddasini asos qilib olib, qo‘yilayotgan talablarning aksariyati bolalar va ularning ota-onalari haqlari, manfaatlarini himoya qilish emas, balki cheklayotganiga oid savollarga javob olishning imkoni bo‘lmadi.

XS
SM
MD
LG