Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 03:30

Toshkent viloyat Fermerlar kengashi beshyuzboshilarga bir yildan beri maosh bermayapti


Agronom-beshyuzboshilar qariyb bir yildan beri mehnati uchun haq ololmaëtgani uchun Fermerlar kengashini ayblamoqda.
Agronom-beshyuzboshilar qariyb bir yildan beri mehnati uchun haq ololmaëtgani uchun Fermerlar kengashini ayblamoqda.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ Toshkent viloyatining g‘allakor fermerlariga agrotexnik masalalar bo‘yicha maslahat beruvchi beshyuzboshilarga 11 oydan beri maosh berilmayotir. Har bir fermerdan yil boshida agronom xizmati uchun¸ degan iddao bilan oldindan pul olinganiga qaramay¸ viloyat Fermerlar kengashi bu pullarni egasiga o‘tkazishga shoshilmayotir.

Ozodlikka Toshkent viloyatida beshyuzboshchilik qiluvchi agronomdan kelgan ma’lumotga ko‘ra¸ g‘alla mavsumida 8 oy fermerlarga agrotexnika qoidalari bo‘yicha maslahatchilik qiluvchi beshyuzboshilar qariyb bir yildan beri oyligini ololmayotir:

- 2014 yil fevralida beshyuzboshilik degan ish joriy qilindi. Qishloq xo‘jaligini biladigan oliy ma’lumotli agronomga besh yuz gektarda g‘alla ekkan fermer biriktirilgan. Sakkiz oy davomida biz shularga maslahat beramiz¸ chunki hamma fermer ham qishloq xo‘jaligi bo‘yicha mutaxassis emas. Biz hokimlik bilan fermer o‘rtasidagi vositachimiz¸ g‘allani qachon ekib¸ qachon o‘rish¸ qachon¸ qanaqa dori berishga o‘xshagan masalalarda ularga maslahatchilik qilamiz. Mavsumda biror narsa o‘xshamasa¸ hokimdan so‘kish eshitadigan ham bizmiz¸ deydi beshyuzboshilik ishiga oydinlik kiritgan agronom.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ yangi ta’sis etilgan birinchi yilda beshyuzboshilarga maoshni G‘alla-Alteg (Galla-Alteg) aksiyadorlik jamiyati Agrobank tomonidan berilgan plastik kartochkaga sakkiz oy davomida pul o‘tkazish orqali to‘lab kelgan. 2015 yildan¸ hukumat yangi qaroriga ko‘ra¸ beshyuzboshilar maoshi fermerlar kengashiga o‘tkaziladigan bo‘ldiyu¸ maoshimiz g‘oyib bo‘ldi¸ deb davom etadi toshkentlik agronom-beshyuzboshi:

- Kengash 2015 yil hisobidan ikki oy uchun maosh berdi. Hozir 2015 yilning olti oyi¸ 2016 yilning besh oyi uchun maosh berilmagan. Viloyat G‘alla-Altegiga chiqsak¸ biz pulni fermerlar kengashiga o‘tkazganmiz¸ ulardan so‘ranglar deydi. Fermerning hamma pulini G‘alla-Alteg taqsimlaydi. Urug‘lik uchun buncha qarzsan¸ soliqqa buncha¸ agronom maslahati uchun buncha¸ deb fermerning hisobidagi pulni bular oladi. Fermerlardan so‘rasak¸ ulardan beshyuzboshilar uchun deb¸ mavsum boshidanoq pul olib qolishganini aytishdi. Har bir fermerdan agronom maslahatiga deb¸ 500 ming so‘mdan olinadi. Endi tasavvur qiling¸ bitta rayonda qancha fermer boru¸ asosan g‘allachilikka ixtisoslashgan viloyatda qancha bor! Bu sonni 500 mingga ko‘paytirsangiz¸ ancha pul chiqadi. Ana shu pulni bir yildan beri kimdir aylantirib¸ bizga bermayapti. Hozircha atrofdaxizmat haqini olgan birorta beshyuzboshini bilmayman¸ deydi Toshkent viloyatidagi beshyuzboshi-agronomlardan biri.

9 may kuni O‘zbekistonda Xotira va qadrlash bayrami sifatida dam olish kuni deb e’lon qilingani bois¸ bu shikoyatni o‘rganish davomida rasmiy idoralardan izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

O‘zbekiston fermerlar kengashi qorovuli bayram munosabati bilan mazkur idorada o‘zidan boshqa hech kim yo‘qligini bildirdi.

Ozodlik hafta davomida Toshkent viloyat fermerlar kengashining agronom-beshyuzboshilar nomidan kelgan murojaatga munosabatini o‘rganishga harakat qiladi.

XS
SM
MD
LG