Линклар

Avtosanoat uchun ma’sul Bosh vazir o‘rinbosari ishdan chetlatilgani aytilmoqda


O‘zbekiston Bosh vazir o‘rinbosariUlug‘bek Ro‘ziqulov

O‘zbekiston Bosh vazir o‘rinbosariUlug‘bek Ro‘ziqulov

Bosh vazir o‘rinbosari, ayni paytda “O‘zavtosanoat” AK boshqaruv kengashi raisi, 46 yashar Ulug‘bek Ro‘ziqulov o‘tgan juma kuni vaqtincha ishdan chetlatilgan. O‘zbekiston vazirlar mahkamasidagi Ozodlik manbasiga ko‘ra¸ "Ro‘ziqulov GM Uzbekistan shirkatida olib borilayotgan tergov ishi davomida so‘roq berayotgani bois o‘z arizasiga ko‘ra¸ vaqtincha ishdan ozod qilingan".

Bosh vazir o‘rinbosari tergovga tortilgani haqida gapirgan yana bir Ozodlik manbasi o‘tgan hafta MXXning maxsus guruhi tarafidan qo‘lga olinib, tergov qilinaëtgan GM Uzbekistan Bosh direktori Tohir Jalilov o‘zidan yuqori mulozimlarga qarshi ko‘rsatma bera boshlaganini ham iddao qildi.

Ayni manbaning aytishicha, tergov ketayotgani bois Ro‘ziqulovning diplomatik pasporti olib qo‘yilgan.

Material chop qilinayotgan vaqtda Ro‘ziqulov ismi O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari sifatida xukumat Internet portalidan olib tashlanmaganini qayd etish lozim. Uning hibs kilingani haqida rasmiy ma’lumot yuq.

“O‘zavtosanoat” idorasi matbuot xizmatiga “Ulug‘bek Ro‘ziqulov lavozimidan chetlatilgani va GM Uzbekistan Bosh direktori Tohir Jalilov qamoqqa olingani” to‘g‘risidagi Ozodlik so‘roviga javob qaytarmadi.

Bundan oldin O‘zbekistonda GM Uzbekistan ishi bo‘yicha shirkat bosh direktori Tohir Jalilovdan tashqari yana kamida 10 odam hibsga olingani ortidan “O‘zavtosanoat” boshqaruv raisi¸ O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari Ulug‘bek Ro‘ziqulovning ham tergovga chaqirilgani haqida Ozodlik manbalari o‘z tasarrufidagi ma’lumotlarga tayanib, bildirgan edi.

"Uch o‘rtoq" ertagining tugashi

O‘tgan hafta oxirida Bosh vazir o‘rinbosari Ro‘ziqulovning “Qochib ketayotib, aeroportda qo‘lga olingani” haqidagi mish-mishlar ijtimoiy tarmoqlarda urchidi.

Internetdagi Eltuz.com sayti esa “Ro‘ziqulovning izolyatsiya qilingani” borasida o‘z manbalariga tayanib bildirdi.

Ozodlik o‘z surishtiruvi davomida bu iddaolarni rasman tasdiqlata olmadi.

O‘zbekiston boshqaruv elitasini ichidan bilgan Ozodlikning yana bir manbasi "Ro‘ziqulov qamoqqa chap bera olmaydi. U hozir uy qamog‘iga teng holatda. Uy qamog‘inng haqiqiy qamoqqa aylanishi bir-ikki kun ichida kutilayotgan voqea. Uch o‘rtoq ertagi tugadi. Hayot Sharifxo‘jaev¸ Zelimxon Haydarovning jiyani (hozircha ismi Ozodlikka ma’lum emas-tahr.) va Ro‘ziqulov kursdosh o‘rtoq edi. Ular hamjihatlik bilan biznes qilib kelishdi. Keyin Sharifxo‘jaev qamaldi¸ Haydarovning jiyani o‘ldi¸ navbat Ro‘ziqulovga", deya iddao qildi.

Ayni paytda, GM Uzbekistan shirkatida keng ko‘lamli taftishlar davom etmoqda.

Avvalroq Ozodlik GM Uzbekistan Bosh direktori Tohir Jalilovdan tashqari yana kamida 10 odam hibsga olingan va ular orasida Jalilovning o‘g‘li ham borligini yozgan edi.

Ozodlik manbalari hibsga olinganlar orasida shirkat rahbarining o‘g‘li va o‘rinbosarlaridan bir ham borligini aytmoqda.

Jalilovning o‘zi hamon Milliy xavfsizlik xizmati erto‘lasida so‘roq qilinayotganini aytgan manba jinoiy sxemalar vositasida sotilgan avtomobillar egalaridan musodara etilayotganini ham iddao qilmoqda.

XS
SM
MD
LG