Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:31

Toshkentda hokimiyat rejalashtirmagan "Barhayot polk" marshi bo‘ldi


Surat ijtimoiy tarmoqlardan olindi
Surat ijtimoiy tarmoqlardan olindi

Toshkentdagi ramziy "Birodarlar qabristoni"da Ikkinchi Jahon urushi qurbonlari xotirasiga bag‘ishlangan "Barhayot polk" aktsiyasidan olingan suratlar 9-may kuni ijtimoiy tarmoqlarda qo‘lma-qo‘l bo‘ldi. Tadbir tashkilotchilari aktsiya o‘tkazilishidan Toshkent shahar hokimiyati ogohlantirilgani va ruxsat olinganini aytmoqda. 2-may kuni hokimiyat bunday marsh 9-may - Xotira va qadrlash kuniga rejalashtirilgan tadbirlar orasida yo‘q, degan edi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan foto-video xabarlar mazmuniga ko‘ra, O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilgan tadbir shahardagi "Birodarlik qabristoni" memorial kompleksida kuning birinchi yarmida bo‘lib o‘tgan.

Tadbir tashkilotchilari va ishtirokchilari tarqatgan suratlarda qo‘llarida Ikkinchi Jahon urushida halok bo‘lgan va bedarak ketgan yaqinlarining suratlari aks etgan.

Ishtirokchilarning ayrimlari ko‘ksida "Georgiy lentalari", ayrim bolalar esa harbiy kiyimlarni kiyib olishgan.

Hozircha tadbirda qancha odam ishtirok etgani haqida aniq ma’lumot yo‘q. Ammo, bu borada xabar berayotgan yagona Internet nashri - Tafsilot.uz saytining xabar qilishicha, tadbir uning tashkilotchilari rejalaganidan ko‘ra kichikroq ko‘lamda o‘tkazilgan.

Shuningdek, ushbu saytda so‘nggi kunlar ichida taqdiri noma’lum qolgan tadbir tashkilotchilariga Toshkent shahar hokimiyati tomonidan berilgan rasmiy maktub nusxasi ham ilova qilingan.

Xabaringiz bor, O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovning 25-26 aprel kunlari Moskvaga safaridan so‘ng 2012 yildan buyon Rossiyada o‘tkazib kelinayotgan "Barhayot polk" tadbiri Toshkentda o‘tkazilishi haqida xabar paydo bo‘lgan edi.

Tadbir tashkilotchilari tadbirning o‘tkazilishiga Toshkent shahar hokimiyati ruxsat berganini aytgan edilar.

Ozodlik bilan suhbatlashgan tadbir uyushtiruvchilari “Barhayot polk” tadbirini Rossiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi va Rossotrudnichestvo agentligi moliyalashtirayotgani, muvofiqlashtirish ishlarini esa Rossiyadagi "Barhayot polk" tadbiri asoschilari tomonidan tuzilgan bosh shtab nazorat qilayotganini aytgan edilar.

Tafsilot.uz sayti e’lon qilgan maktub Toshkentda "Barhayot polk" aktsiyasini uyushtirishda ko‘maklashgan "Veteran" jangchi-faxriy va nogironlar birlashmasiga yo‘llangan hamda unda IIV bilan kelishilgan holda 9-may kuni rejalashtirilgan tadbirlardan so‘ng "gulchambar qo‘yish marosimi"ga ruxsat berilgani aytilgan.

Toshkent shahar hokimiyatidan bu maktub respublika poytaxtida ilk bor "Barhayot polk" mashrini o‘tkazishga rozilik berganini anglatadimi yoki yo‘qmi - bu savolga hozircha hokimiyatdan aniq javob olishning imkoni bo‘lmadi.

Ammo, 25 aprel sanasi bilan berilgan bu rasmiy javobdan so‘ng Toshkent shahar hokimiyati o‘z saytida rasmiy bayonot e’lon qilgan va bayonot so‘nggida: "Darhaqiqat, ba’zi internet saytlarida nazarda tutilayotgan “O‘lmas polk” (“Bessmertniy polk”) aktsiyasi rejalashtirilayotgan tadbirlar ro‘yxatida mavjud emas" deb ta’kidlangan edi.

Ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinayotgan fotosuratlar va videolar ko‘lamiga qaraganda, Toshkentda ilk bor o‘tkazilgan tadbirda yuzlab odam ishtirok etgan.

Tarmoqlarda tadbir haqida qoldirilayotgan fikr-munosabatlar esa, asosan, ikki yo‘nalishda bo‘lmoqda.

Tadbir ishtirokchilari va tarafdorlari 9-may kuni Toshkentda ham aynan "Barhayot polk" aktsiyasi o‘tkazilishi hamda uning ramziga aylangan "Georgiy lentasi" tarqatilishiga to‘sqinlik qilinmasligi lozim.

Ayni paytda, tadbir va "Georgiy lentasi"ning O‘zbekistondagi targ‘ibotiga qarshi bo‘lganlar, boshqa davlat hukumati tomonidan rasmiy maqomga ega bo‘lgan belgilar mamlakatda qo‘llanilishi to‘g‘ri emas, degan fikrni ilgari surmoqda.

Ma’lumki, so‘nggi yillar davomida O‘zbekistonda Ikkinchi jahon urushiga oid yodgorliklar olib tashlandi. O‘zbekistonda tarixning bu sahifasiga oid yodgorliklarni olib tashlash yoki urush qahramonlarining nomlari berilgan ob’ektlarni qayta nomlash an’anaga aylangani kuzatiladi.

Masalan, 2010 yil noyabrida Toshkentda Sobir Rahimov nomli metro stansiyasi nomi Olmazorga o‘zgartirilgan. 2011 yili esa O‘zbekiston poytaxtidagi tumanlardan biridan ham general Rahimov nomi olib tashlangan. Hozir bu tuman “Olmazor” deb ataladi.

Keyinroq Farg‘ona, Samarqand va Urganch shahridagi Sobir Rahimov ko‘chalarining ham nomi almashtirildi.

O‘tgan yili Angren shahrida Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaga bag‘ishlangan yodgorlik buzib tashlangan edi.

Biroq O‘zbekiston rasmiylari bu harakatlarga biror-bir izoh bermaganlar.

O‘zbekistonda SSSR paytida tarixga kiritilgan Ulug‘ Vatan urushi atamasi ham rasman qo‘llanilmaydi. Buning o‘rniga butun dunyoda ishlatiladigan Ikkinchi jahon urushi atamasi qo‘llanilib kelayotgan edi.

“Nuroniy” jamg‘armasining bildirishicha, bugungi kunda O‘zbekistonda Ikkinchi jahon urushida ishtirok etganlardan 3 ming nafari yashamoqda.

Ikkinchi jahon urushi jangohlarida 1 million 400 ming o‘zbekistonlik jang qilgan edi. Ulardan 400 mingdan ko‘prog‘i halok bo‘lgan, 130 minggi bedarak yo‘qolgan.

XS
SM
MD
LG