Линклар

logo-print

"GM Uzbekistan rahbarlarining qamoqqa olinishiga Rossiyadagi inqiroz sabab bo‘lgan"


GM Uzbekistan sobiq bosh direktori Tohir Jalilov.

GM Uzbekistan sobiq bosh direktori Tohir Jalilov.

GM Uzbekistan rahbariyatining qamoqqa olinishiga Ravon avtomashinalarini Rossiyaga eksport qilishdagi qonunbuzarliklar sabab bo‘lgani haqidagi ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Ravon brendi Rossiya vakolatxonasi rasmiysi Yelena Kuznetsova mana shunday bayonot bilan chiqdi. Avvalroq GM Uzbekistan rahbariyati Ravon avtomashinalarini Rossiyaga eskport qilish jarayonida katta miqdordagi mablag‘larni o‘zlashtirganlikda gumonlanib qamoqqa olingani xabar qilingan edi.

Ravon brendi Rossiya vakolatxonasi rasmiysi Yelena Kuznetsovaning bildirishicha, Ravon avtomashinalarini Rossiyaga eksport qilishdagi qonunbuzarliklar GM Uzbekistan rahbariyatining qamoqqa olinishiga sabab bo‘lgani haqidagi ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

“Ravon brendining taqdimoti o‘tgan yilning oktyabrida bo‘lib o‘tgan. Bu brend bo‘ycha katta miqdordagi qarzdorlik yo‘q. Alohida ta’kidlamoqchimanki, tergov jarayonida aytilayotgan avtomashinlar Uz-Daewoo brendi ostida 2014-2015 yillarda ishlab chiqarilgan. Ravon R2 avtomashinalarining birinchi partiyasini ishlab chiqarish esa faqat 2016 yilning 25 martida yakunlangan. Shuning uchun tergovga Ravon, jumladan, Ravon R2 mashinalarining aloqasi yo‘q. Ayniqsa, R2 faqat Rossiyaga jo‘natilish uchun ishlab chiqilgan, bu mashinani hech kim O‘zbekiston ichki bozorida sotgan emas”, deb bildirgan Yelena Kuznetsova Ozodlik radiosi bilan telefon orqali suhbatda.

Ozodlik manbalari 2010 yildan beri o‘zbek avtokonsernini boshqargan Tohirjon Jalilovning qamoqqa olinishiga aynan Ravon avtomashinalarini Rossiyaga eksport qilishdagi qonunbuzarliklar sabab bo‘lganini aytmoqdalar.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, Jalilov GM Uzbekistan korxonasi ishlab chiqargan mashinalarni Rossiyaga eskport qilishda noqonuniy sxemalar yordamida katta miqdordagi mablag‘larni o‘zlashtirganlikda gumonlanmoqda.

Bu ma’lumotlarda iddao qilinishicha¸ Jalilov “Rossiyaga jo‘natilgan avtomobillarni kriminal sxema asosida sotgan hamda pullarni offshor banklarga o‘tkazgan”.

- Bu mashinalar oldin qog‘ozda Rossiyaga “eksport” qilingan¸ aslida esa Qozog‘istonning Chimkent shahridagi otstoynikka (mashinalarni vaqtincha saqlash uchun tashkil etilgan maydon-tahr.) vaqtincha olib borib qo‘yilgan. Keyin esa imi-jimida bu mashinalar “reeksport” bo‘lib (mamlakatga qayta olib kirilib-tahr.), O‘zbekistonda qayta sotilgan,- deb bildirgan Ozodlik manbasi.

Ravon brendi Rossiya vakolatxonasi rasmiysi Yelena Kuznetsovaning iddao qilishicha, O‘zbekistonda GM Uzbekistan rahbariyatiga nisbatan boshlangan tergovga 2008 yildan 2015 yilgacha yuz bergan voqealar asos bo‘lgan.

“Men bu ish kim tomonidan va nima uchun o‘ylab topilganini bilmayman. Balki qandaydir odamlar ishlab chiqarishdagi rahbarlarni o‘rnini almashtirgisi kelgandir. Aslida bu voqealar dollarning rublga nisbatan kursi keskin ko‘tarilib ketishi bilan bog‘liq. 2014-2015 yillarda Rossiyada ishlab turgan avtomobil ishlab chiqaruvchilar mashinalar narxini sun’iy ravishda ushlab turishga majbur bo‘lganlar. Buning ortidan birgina Rossiyaning AvtoVAZ shirkati 73 milliard rubl ziyon ko‘rgan. GM Uzbekistan ham bundan iste’sno emas. Biroq boshqa avtomobil ishlab chiqaruvchilardan farqli o‘laroq ziyon GM Uzbekistan shirkatiga emas, balki uning Rossiyadagi rasmiy distribyuteri zimmasiga yuklangan”, dedi Yelena Kuznetsova.

Uning aytishicha, avvalgi tartib bo‘yicha O‘zbekistondan Rossiyaga eksport qilingan mashinalarga distribyuterlar 180 kun ichida haq to‘lashi kerak bo‘lgan. Ammo GM Uzbekistan AvtoVAZ kabi distribyuterlar ko‘rgan ziyonni o‘z zimmasiga olmay, aksincha qarz sifatida ko‘rsatgani oqibatida banklar distribyuterlarga kredit berishdan voz kechgan.

Uning aytishicha, buning ortidan 2016 yilning mart oyiga kelib, distribyuterlar GM Uzbekistan shirkatiga 2015 yilda eksport qilingan mashinalar uchun haq to‘lash imkoniyatidan mahrum bo‘lgan.

“Zavod bu ziyonni o‘z zimmasiga olgan emas, buning ortidan mana shu tergov boshlandi. Qozog‘istonga hech qanday mashinalar olib kirilmagan va olib chiqilmagan. Eksport qilingan mashinalar uchun to‘lanishi kerak bo‘lgan haqning shirkat byudjetidan topilmagani GM Uzbekistan rahbariyatiga nisbatan tergovning boshlanishiga asos bo‘lgan”, deb hisoblaydi Yelena Kuznetsova.

Unga ko‘ra, bugungi kunda Ravon R2 xetchbeklari yuklangan 10ta avtomobil tashuvchi mashina O‘zbekiston chegarasidan Rossiyaga o‘tkazilmay, ushlab turilibdi.

“Buning sababi pulga bog‘liq bo‘layapti, chuni avtomobillarga avvaldan to‘lab qo‘yilgan haq mashinalarning to‘la qiymatini qoplamaydi. Yaqindagina o‘zbek tomoni to‘lab qo‘yilgan pul hisobidan avtomobillarni Rossiyaga jo‘natishga tayyor edi. Mashinalar chegaraga yetib kelganida, ularga to‘liq pul to‘lanishi shartligi ayon bo‘ldi. Rossiyada naqd pul topish juda qiyin, shuning uchun bizga pul topishga vaqt kerak bo‘ldi. Avtomashinalarni yaqin kunlarda chegaradan olib o‘tishga ruxsat berilishini kutib turibmiz, lekin ular Rossiyaga qachon etib kelishini faqat mashinalar chegaradan olib o‘tilganidan so‘nggina aniq ayta olamiz”, dedi Yelena Kuznetsova Ozodlik bilan suhbatda.

Mart oyida Ozodlik radiosi Ravon R2 xetchbeklarining Rossiyaga eksport qilinadigan birinchi partiyasi hali mamlakatga yetib kelmasdanoq sotib bo‘lingani, xaridorlar kamida 250ta avtomashina uchun pul to‘lab qo‘ygani haqida xabar bergan.

Avtomashinalar Rossiyadagi dilerlarga aprel oyining oxirigacha yetkazib berilishi shart edi. Ravon R2 xetchbekining bazaviy komplektatsiyasiga Rossiyada 369 ming rublь narx belgilangan. Xetchbekning Optimum va Elegant komplektatsiyalari esa 429 ming va 469 ming rubldan sotiladi. Ammo Ravon R2 uchun pul to‘lab qo‘ygan rossiyaliklar ikki oydan beri va’da qilingan avtomashinalarini ololmayapti.

“O‘zavtosanoat” va GM Uzbekistan rasmiylari Ozodlik radiosi bilan suhbatda Yelena Kuznetsova bergan ma’lumotlarni tasdiqlagani ham, rad etgani ham yo‘q.

GM Uzbekistan rasmiysi esa Ozodlik radiosi muxbiri shirkat bosh direktori nomiga rasmiy so‘rov bilan murojaat qilgan taqdirdagina qonunda belgilangan muddatlarda bu ma’lumot yuzasidan izoh berilishini bildirdi.

GM Uzbekistan rasmiysining aytishicha, qamoqqa olingan Tohirjon Jalilovning o‘rniga bosh direktor vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib Rustam Rajabov tayinlangan.

XS
SM
MD
LG