Линклар

Qoraqalpog‘istonning Nukus tumanidagi maktablarning o‘qituvchilariga maosh o‘rniga jo‘ja berilyapti. Bozor narxidan ikki baravar qimmat narxda pullanayotgan jo‘jalarning egasi kim ekanligi haqida rasmiylar ma’lumot bermayapti. O‘tgan yil ham o‘qituvchilarga maosh o‘rniga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari zo‘rlab o‘tkazilgan edi.

Nukus tumanidagi aksariyat maktablarning o‘qituvchilari naqd pul yo‘qligi bois jo‘ja olishga majburlanyapti.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan nukuslik manbaga ko‘ra, jo‘jalar o‘z narxidan ikki baravar qimmatga pullanmoqda:

“Kecha o‘qituvchi tanishimning uyiga borgan edim. Hovlisida bir uyum jo‘jalar chirqillab yurgan ekan. “Ha, og‘a, tovuq biznes qilmoqchimisan deb”, deb so‘radim. U esa, “qo‘ysangchi, mendan biznesmen chiqarmidi, maktabimizdan majburlab maosh o‘rniga berishdi”, dedi. Uning aytishicha, agar bozorda bir dona jo‘janing narxi uch ming so‘m bo‘lsa, ularga yetti ming so‘mdan sotilgan. 20 ta jo‘jani 140 ming so‘mga o‘tkazishibdi, dedi nukuslik manba.

Ovozini yozib olmaslik sharti bilan Ozodlikka gapirgan Nukus tumanidagi maktablardan birida ishlaydigan o‘qituvchiga ko‘ra, jo‘jalarni sotib olish majburiy qilib qo‘yilgan:

“Bunday sharmanda ishlar qachon tugaydi? O‘tgan yili oylikni o‘rniga kartoshka, sabzi, oshqovoq o‘tkazishgan edi. Bu yil esa inkubatordan endi chiqqan jo‘jalarni tiqishtirishyapti. Agar bizga kerak bo‘lsa, shu jo‘jalarni bozordan ancha arzon narxda o‘zimiz sotib olaveramizku. Endi, kimnidir o‘tmay qolgan tovarlarini bozordan ikki baravar qimmat narxda o‘qituvchilarga majburan o‘tkazilishi hukumatga pozor”, dedi o‘qituvchi.

Nukus tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri Sapar Qo‘snazarovni kun davomida topishning imkoni bo‘lmadi. Xalq ta’limi bo‘limidagi o‘zini tanishtirmagan mulozim, ba’zi maktablarga maosh o‘rniga jo‘ja tarqatilayotganini tasdiqladi, lekin bu jo‘jalar kimga tegishli ekanini bilmasligini aytdi.

O‘zbekistonda naqd pul taqchilligi, ayniqsa, keyingi ikki yilning surunkali kasaliga aylandi. Bu muammo maosh va pensiyalarning bir necha oylab kechiktirilishiga sabab bo‘layotgani kuzatilmoqda.

Avvalgi yillarda ham O‘zbekistonda maosh o‘rniga lampochka, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini bozordan ancha qimmat narxda ishchilarga, o‘qituvchilarga o‘tqazish holatlari sodir bo‘lgan edi.

Jumladan, joriy yilning fevralь oyida “O‘zbekenergo” boshqaruvi raisi Iskandar Basidov buyrug‘iga asosan¸ 66579 nafar xizmatchi har oy uch donadan “O‘zbekenergo” hissadori bo‘lgan ikki shirkat ishlab chiqaraëtgan LED lampochkasini bozor narxidan qimmatga sotib olishi shart qilib qo‘yilgan edi.

XS
SM
MD
LG