Линклар

“G‘alaba” kuni Toshkentda Stalin rasmini ko‘tarib namoyish qilishdi


9 may kuni Toshkentda Stalin portretini ko‘tarib turgan ayol

9 may kuni Toshkentda Stalin portretini ko‘tarib turgan ayol

Toshkentning Cho‘ponota (Ilgarigi Volgograd) ko‘chasida joylashgan "Birodarlar qabristoni" memorial majmuasida Ikkinchi Jahon urushi qurbonlari xotirasiga bag‘ishlangan 9 may kungi "Barhayot polk" aksiyasida Stalin rasmini ko‘tarib turishdi.

Qo‘llarida qizil armiya va kommunistik timsollar bilan bezalgan suratlarini tutgan ishtirokchilardan birining maykasida rossiyalik siyosatchi Ramzan Qodirovning ham surati bor edi.

9 maydagi tadbir

9 maydagi tadbir

Ozodlik tasarrufidagi videoda ishtirokchilarning ayrimlari ko‘ksida "Georgiy lentalari", ayrim bolalar esa harbiy kiyimlarni kiyib olishgani aks etgan.

Tadbir tashkilotchilari aksiyaga shahar hokimiyati ruxsat berganini aytmoqda. 2-may kuni hokimiyat bunday marsh rejalashtirilmagan, degan edi.

O‘zbekiston huquq tartibot organlaridagi Ozodlik manbasining aytishicha¸ Toshkentning Cho‘ponota ko‘chasida "Barhayot polk" tadbiriga hech kim izn bermagan:

- Qabristonga kelib gul qo‘yishadi deb aytishdi. Keyin "Birodarlar qabristoni"ga kelganlar o‘zicha "Barhayot polk" tadbirimiz deb qo‘llarida qizil bayroq¸ ko‘kraklarida esa lenta taqib turishdi. Militsiya xodimlari imkon qadar lentalarni olib tashlattirishga harakat qildi. Masalan televidenie suratga olayotganda lentali odamlarni kadrga tushmasligini ta’minladik¸ deydi manba.

Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasidagi Ozodlik manbasi esa¸ mashinalarga lenta taqqanlarga qarshi jiddiy kurash olib borilganligini aytdi:

- Georgiy lentasi taqqan mashinalarni to‘xtatib yechtirib tashladik. Bir ikkitalari mashinasiga Stalin rasmini ham yopishtirgan ekan uni ham olib tashlattirdik. Mashinasini orqa oynasiga "Berlinni oldik" degan yozuvlarni ham yozishgan ekan uni ham olib tashlattirdik¸ deydi manba.

"Barhayot polk" aksiyasida qatnashgan toshkentlik 30 yashar fotosuratchi Sardorbek Davlatov “Stalin portretini ko‘targan kishilar hatti-harakatini tushunishini” aytdi.

- Ularni tushunaman. Birinchidan Toshkentdagi rusiyzabonlar doimo Rossiyadan va Rossiya tarixidan yupanch izlaydi. Ikkinchidan ular ertadan kechgacha rus propaganda kanallarini ko‘rishadi. Uchinchidan esa ular va umuman o‘zbeklar o‘z liderlariga ishonishmaydi. Stalin¸ Putin¸ Ramzan bugungi o‘zbek yoshlari uchun ham sig‘iniladigan timsolga aylangan¸ deydi suhbatdosh.

Toshkentda "Barhayot polk" marshi

Toshkentda "Barhayot polk" marshi

O‘zbekistonda Stalin sharpasi

Bu yil minglab o‘zbek ziyolilarini qatag‘on qilgan Iosif Stalin vafot etganiga 63 yil to‘ldi. Sobiq sovet kommunistlarining stalinizmdan rasman voz kechganiga 60 yil bo‘ldi.

Rasmiy bayonot va va’zlarida voz kechganlari bilan kommunistlar amalda stalinizmdan voz kecholmadilar va Stalin lagerlarida o‘lgan-o‘ldirilgan millionlab aristonning suyaklari ustiga qurilgan Sovet davlati oxir-oqibat parchalanib bitgan bo‘lsa ham hanuz Stalin sharpasi O‘zbekistonda yurgandek taassurot qoladi.

Gruziyadagi Stalin haykali

Gruziyadagi Stalin haykali

SNB Stalin haykaliga qarshi

Toshkent viloyatining Soyliq tumanida yashaydigan 49 yashar Lazokat Normirzaeva o‘z tomorqasi o‘rtasiga o‘rnatilgan Stalin haykalini har kuni yuvib-tarash kabi ishdan qutuldi.

O‘tgan yili Lazokat Normirzaevabing uyiga O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik xizmatining zobitlari kelib, 50 yil mobaynida tomorqani bezab turgan Stalin haykalini demontaj qilib olib ketishdi.

Zobitlar Lazokat Normirzaevaga Stalin haykalini uyda saqlash mumkin emasligini tushuntirishdi.

Stalin haykali Lazokat opaning uyida 50 yil turdi. 1956 yil fevral oyida Stalinga sig‘inish qoralanib unga qo‘yilgan haykallar olib tashlanishi haqida farmon chiqdi.

Soyliq qishlog‘i atrofidagi pioner lagerlar hududiga o‘rnatilgan Stalin haykallarining ko‘pchiligini mahalliy aholi uylariga kiritib vayron qilinishdan saqlab qolishdi.

Soyliq qishlog‘ida o‘z o‘quvchilari bilan fotosessiya o‘tkazgan tasvirchi Umida Ahmedovaga ko‘ra¸ xozir ham qishloqdagi uylarning bir-ikkitasida Stalin haykali bor.

Ammo endi ular Stalinni muxbirlardan himoya qilishmoqda.

Umida Ahmedova bilan gaplashgan Soyliq qishlog‘i vakillari Lazokat opaning uyida turgan haykal haqidagi maqola internetda chiqqanidan keyin muammo chiqqanini aytishdi.

Shu tariqa Xrushchev¸ Brejnev¸ Chernenko¸ Andropov¸ Gorbachev kabi rahbarlar davrini boshdan kechirgan va Karimov iqtidorining 20 yilida ham hech kim tegmagan Stalinning O‘zbekistondagi so‘nggi haykallaridan biri olib tashlandi.

Stalin qatag‘onlari haqidagi kitob muallifi Nabijon Boqiy O‘zbekistonning olis qishloqlaridan biridagi "xalqlar doxiysi" haykalini borib ko‘rdi.

Balkondagi Stalin

Lazokat Normirzaeva tomorqasidagi Stalin haykali haqida maqola yozgan mustaqil o‘zbek jurnalisti Aleksey Volosevich yaqinda xalqlar dohiysining yana bir timsoliga duch kelganini aytadi:

- Bu safar qaerdaligini aniq aytmayman. Chunki SNB xodimlari timsolni ham olib ketishlari mumkin. Toshkent viloyatidagi shaharchalardan biridagi ko‘p qavatli uylardan birida Stalinning qip -qizil qilib chizilgan suratini ko‘rdim. Bu potret haqida ataylab maqola yozmadim. Chunki Lazokat Xolmirzaevaning uyida turgan Stalin haykali haqida ëzganimdan keyin¸ haykalni olib ketib qolishdi. Haykalni musodara qilishga qonuniy asos yo‘q. Chunki O‘zbekistonda stalinizm rasman qoralanmagan. Stalinga sig‘inish¸ uning haykallarini uyda saqlash borasida qonunda biror bir cheklov yo‘q¸ deydi jurnalist.

O‘zbekistonlik keksa jurnalist Sharof Ubaydullaev stalinizm asoratlaridan qutulish oson emasligini aytadi:

- Oson emas. Bu asoratlardan qutula olmaganimiz uchun ahvolimiz havas qilguday emas. Stalinizmdan qutulish uchun mustaqillik paytida paydo bo‘lgan boshqa izmlar asoratidan qutulish kerak, deydi keksa jurnalist.

XS
SM
MD
LG