Линклар

Gulnora pora sifatida olgani iddao qilinadigan 850 million dollar taqdiri AQSh-O‘zbekiston muzokarasida hal bo‘ladi


TeliaSonera, Vimpelcom va MTS Gulnora Karimovaga yuzlab million dollar pora bergani iddao qilinadi

TeliaSonera, Vimpelcom va MTS Gulnora Karimovaga yuzlab million dollar pora bergani iddao qilinadi

O‘zbekiston prezidenti qizi Gulnora Karimovaga pora sifatida berilgani iddao qilinadigan va AQSh rasmiylari musodara qilishga harakat qilayotgan 850 million AQSh dollarining taqdiri Qo‘shma Shtatlar va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasidagi muhokamalarda hal bo‘ladi.

AQShda chiqadigan the Wall Street Journal gazetasining yozishicha, 2015 yilda ochilgan va 300 million AQSh dollariga teng mablag‘ni musodara qilishni maqsad qilgan ish bo‘yicha ikki mamlakat o‘rtasida borayotgan muhokamalar kun tartibi kengaytirilib, shu yil boshrog‘ida ochilgan ish doirasidagi 550 million AQSh dollari masalasini ham o‘z ichiga oladi.

Yevropaning bir necha mamlakatlaridagi bank hisob raqamlarida muzlatib qo‘yilgan pulga O‘zbekiston hukumati da’vo qilmoqda va tomonlar suddan tashqari muhokamalarda kelishib olishi uchun 31 iyulga qadar ikkala ish bo‘yicha sud tergovida tanaffus e’lon qilingan.

“Amerika Qo‘shma Shtatlari va O‘zbekiston Respublikasi...suddan tashqari echim ehtimolini muhokama etish niyatidadir va surishtiruvning to‘xtatib turilishi bu muhokamalarni rag‘batlantiradi hamda tomonlar va sudning mablag‘larini tejaydi, degan fikrda”, deya iqtibos keltirdi gazeta sud qaroridan.

Bu ishni yaqindan kuzatayotgan tadqiqotchi Alisher Ilhomov O‘zbekiston tomoni mamlakat prezidentining qizi shaxsi bilan bog‘liq korrupsion janjalni bosdi-bosdi qilishga zo‘r berib harakat qilmoqda, deydi.

- AQSh hukumati o‘tgan yili Yevropaning bir nechta bankida saqlanadigan jami 300 million AQSh dollariga teng aktivlarni musodara qilish to‘g‘risida fuqaroviy sudga ariza bilan murojaat qilgan. Lekin bu aktivlar egalari Avakyan, Madumarovlardan hech qanday javob bo‘lmagach, o‘tgan yilnig dekabrida pullarni sud qarori bilan musodara qilish bo‘yicha jarayonni boshlashdi. Lekin O‘zbekiston hukumati bu pullarga da’vo qilib, AQSh sudiga murojaat qildi va go‘yoki bu pullarni o‘margan shaxslar O‘zbekistonda sud qilinib, qamalganiga doir hujjatlarni keltirishdi. Shundan keyin 300 million taqdiri AQSh va O‘zbekiston o‘rtasidagi muzokaralarga qoldirildi... Shu yilning 18 fevralь kuni AQSh Adliya vazirligi ikkinchi ishni boshladi va bu safar Shveytsariya bankidagi 550 million dollar musodara qilinishini talab qildi. Yana javobgarlardan javob bo‘lmadi va AQSh Adliya vazirligi o‘tgan oyda bu pullarni ham sud qarori bilan musodara qilishga doir jarayonni boshladi. O‘zbekiston yana da’vo bilan chiqdi, sud O‘zbekistonning pullarga da’vo qilish huquqini tan oldi va shu sababdan 550 million taqdiri ham muzokaralarga qoldirildi. Endi 31 iyulga qadar AQSh va O‘zbekiston kelishib olsa, kelishib oldi. Bo‘lmasa ish yana sudga qaytadi,- deydi Alisher Ilhomov.

AQSh sudida surishtirilayotgan ishlar O‘zbekistonda biznes qiladigan uchta yirik telekom shirkati – TeliaSonera, Vimpelcom va MTS bu mamlakat prezidentining qizi Gulnora Karimovaga yuzlab million dollar pora bergani iddaolari bilan bog‘liq. AQShning Xorijdagi korruptsion harakatlarga doir qonun doirasidagi sud tergovida javobgarlar orasida Gulnora Karimova ham bor.

O‘zbekiston telekom bozorida faoliyat qiladigan uchta yirik xorijiy shirkat -- VimpleCom, Shvetsiyaning TeliaSonera va Rossiyaning MTS shirkatlari bir necha yil davomida prezident Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnoraga kamida 1 milliard AQSh dollari miqdorida pora berganiga doir iddaolar AQSh va Yevropa mamlakatlarida tergov qilinmoqda.

Bu tergovlar doirasida Shveysariya va yana bir necha mamlakatlardagi bank hisob raqamlarida Gulnora Karimovaga tegishli ekani ishoniladigan 1 milliard dollardan oshiq aktivlar muzlatib qo‘yilgan.

XS
SM
MD
LG