Линклар

O‘zbekistondagi FM radio va telekanal rahbarlari o‘zlarini nazorat qiladigan MXX kuratorlaridan Abdulaziz Karimning qo‘shiqlarini efirga bermaslik bo‘yicha ko‘rsatma olishdi. Bu haqda Ozodlikning Hamroh FM radiosidagi manbasi bildirdi.

Manbaning aytishicha¸ bundan buën Abdulaziz Karimning eski va yangi qo‘shiqlarini efirga uzatish hamda bu qo‘shiqchining ismini efirda zikr qilish taqiqlangan.

Ozodlik O‘zbekistondagi Oriyat FM, Grand va Yoshlar kanali rahbarlariga ham ayni mazmundagi taqiq kelganligini aniqladi.

Bundan oldin Bosh vazir Shavkat Mirziyoev xonanda Abdulaziz Karimni unvonlaridan mahrum qilgan edi.

Abdulaziz Karimning qo‘shiqlarini internet brauzerlarida saqlagan davlat mulozimlarini ham tekshirish boshlangani haqida ma’lumot bor.

Ozodlikning Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot institutidagi manbasiga ko‘ra¸ 6 may kuni mazkur ilm dargohidagi hodimlarning kompyuterlari MXX zobitlari tarafidan tekshirilgan.

Taftish chog‘ida diniy¸ siyosiy adabiyotlardan tashqari Abdulaziz Karimning qo‘shiqlari ham qidirilgan.

- Ularni qo‘lida maxsus ro‘yxat bor edi. Ro‘yxatda taqiqlangan adabiyotlar qatorida Abdulaziz Karimning qo‘shiqlari va Nurulloh Muhammad Raufxonning “Bu kunlar” siyosiy romani¸ bor edi deydi manba.

Manbaning aytishicha¸ bu kabi tekshiruv guruhlari boshqa ta’lim idoralariga yuborilishi kutilmoqda.

Tekshiruv mobaynida proksi o‘rnatilgan kompyuter egalarini jarimaga tortish uchun bayonnoma tuzilgani ham aytildi.

Bosh vazir xonandaga qarshi

O‘zbekiston Vazirlar mahkamasidagi yig‘ilishda so‘zga chiqqan Bosh vazir Shavkat Mirziyoev Turkiya vatandoshligini olgan xonanda Abdulaziz Karimni “vatan xoini” deb atab¸ uni barcha unvonlardan mosuvo qilinganligini aytgan.

“O‘zbeknavo” estrada birlashmasi¸ O‘zbekiston madaniyat va sport vazirligi xodimlari va san’atkorlar ishtirok etgan bu majlisda qatnashgan toshkentlik mulozim ismi aytilmasligi sharti bilan Ozodlikka ayrim tafsilotlarni aytib berdi:

- Ikki haftacha oldin Vazirlar Mahkamasida majlis bo‘ldi. Majlisda shaxsan Shavkat Miromonovich qatnashdi. Majlis boshida har xil mavzularga tegib o‘tildi. Oxirida asosiy mavzu O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Abdulaziz Karim haqida bo‘ldi. Abdulaziz Karim Turkiya fuqaroligini olgani bo‘yicha juda katta noroziliklar bildirishdi. Uni hattoki "vatan xoini" darajasiga chiqarib qo‘yishdi. “Turkiyaning Bosh vaziriga e’tiroz bildiramiz. Nega bizning unvoni bor san’atkorimizni fuqarolikka qabul qiladi”, degan har xil gaplar ham bo‘lib o‘tdi. Abdulaziz Karim 2000 yilda olgan Nihol mukofoti va 2003 yilda olgan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvonlari shaxsan Mirziyoev tomonidan olib tashlandi¸- deydi O‘zbekiston madaniyat va sport vazirligi mulozimi.

Istalmagan artistlar

Madaniyat va sport vazirligi e’lon qilgan O‘zbekiston xalq artistlari ro‘yxatidan hukumat artistlarni istalgan va istalmaganlarga ajratganini sezish mumkin.

Ushbu ro‘yxatdan Sherali Jo‘raev, Farruh Zokirov, Yulduz Usmonova, Ortiq Otajonov va Bobomurod Hamdamov kabi xalq artistlari ham tushirib qoldirilgan.

Vazirlik saytidagi ro‘yxatning xalq artistlari bo‘limida faqat 10 nafar artistning nomini ko‘ramiz. Gulsanam Mamazoitova bilan boshlanadigan bu ro‘yxatga Zulayxo Boyxonova, Mahmud Namozov, Munojot Yo‘lchieva, Nasiba Abdullaeva, Ozodbek Nazarbekov, O‘ktam Axmedov ismlari tirkalgan.

Faxrli ro‘yxat so‘ngida G‘ulomjon Yoqubov ismi turibdi. So‘z ustalari bo‘limida qiziqchi Mirza Holmadov boru lekin Obid Asomov yo‘q.

Ro‘yxatning xonandalar bo‘limida Feruza Jumaniyozovani ham Lola Yo‘ldoshevani ham ko‘rmaymiz, Sherali Jo‘raevning ikki ashulachi o‘g‘li ismi ham ko‘rinmaydi.

Ro‘yxatda Ortiq Otajonovning o‘g‘li Ulug‘bek Otajonov ham yo‘q. Lekin Yulduz Usmonovaning qizi Nilufar Usmonovaning ismi bu ro‘yxatga san’atkor bilan vazirlik o‘rtasidagi murosa timsoli o‘laroq qo‘yilgandek tuyuladi.

Bu ro‘yxatning O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar bo‘limida Abdulaziz Karimning ismi yo‘q.

O‘zbek bosh vaziri g‘azabiga uchragan hofizni turk bosh vazir siyladi

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Abdulaziz Karim joriy yilning 29 mart kuni shaxsan Turkiya bosh vaziri Ahmad Dovudo‘g‘lidan maktub olgan edi.

Maktubda Abdulaziz Karimga "istisno tariqasida" Turkiya vatandoshligi (bu mamlakatda "fuqaro" so‘zi o‘rniga "vatandosh" so‘zi qo‘llaniladi) berilgani ma’lum qilingan edi.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Abdulaziz Karim qo‘shiqlari O‘zbekistonda taqiqlab qo‘yilishi ortidan 2015 yil may oyida Turkiyaga chiqib ketgandi.

Ozodlik bilan ilgari qilgan suhbatida Abdulaziz Karim O‘zbekistonda Davlat televideniesi, "O‘zbeknavo", Madaniyat vazirligidagi ba’zi mulozimlar qo‘shiqchilar oldiga to‘siqlar qo‘yish bilan shug‘ullanishini aytgan edi.

​Abdulaziz Karim 90-yillarda "Qurbon bo‘laman" qo‘shig‘i bilan O‘zbekistonda eng taniqli xonandalardan biriga aylandi.

Keyinchalik Abdulaziz Karimning Yassaviy g‘azallariga bastalagan kuylari xalq orasida shuhrat topdi.

U barcha qo‘shiqlarini o‘zi bastalagan sanoqli hofizlardan hisoblanadi.

O‘tgan yil oxirida bastakor-ijrochi taniqli o‘zbek shoiri va muxolifat arbobi Muhammad Solihninng "G‘arib daraxt"¸ "Oydinga" kabi oltita she’rini qo‘shiq qilib kuylagan edi.

XS
SM
MD
LG