Линклар

Шошилинч хабар
17 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:14

Abdulaziz Mansur: Bolalar masjiddan qaytarilishiga idoraning aloqasi yo‘q


O‘zbekiston Musulmonlari diniy idorasi Andijon viloyatidagi masjidlardan birida "norasida bolalar"ni masjiddan yiroq tutish haqida osilgan e’lonni mahalliy imomlarning "tashabbusi", deb baholadi. Idora raisi o‘rinbosari Abdulaziz Mansur aslida mamlakatda bolalarning masjidga kiritilmayotganidan xabardorligi va bu dinni davlatdan ajratgan hukumatning qarori ekanini ta’kidladi.

Masjiddagi e’lon

Ozodlikka Andijondagi masjidlardan birining darvozasiga osib qo‘yilgan e’lon fotonusxasi yo‘llandi va unda "norasida bolalar"ni Islom payg‘ambaridan qolgan hadis asosida "masjiddan yiroq qiling" deyilgan.

Ozodlikka fotonusxasi yo‘llangan e’lon matnida shunday deyiladi:

"Rasulolloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: masjidlaringizdan yosh bolalar va majnunlar (aqli zaif kishilar)ni yiroq qilinglar!"

Ismini oshkor etmayotganimiz mushtariyga ko‘ra, bunday e’lonlar shu kunlarda aksar masjidlar darvozlariga ilingan va ana shu hadis asosida masjid xodimlari namozga kelayotgan bolalar - kichik go‘daklardan tortib 16, hatto, 18 yoshgacha bo‘lgan o‘smirni ortga qaytarmoqda.​

Ozodlikka bog‘lanayotgan yana bir necha mushtariy bunday e’lon Andijon va Farg‘ona viloyatidagi qator masjidlarda osig‘liq turganiga guvoh bo‘lganini yozdi.

Aziyatdan qochish

O‘zbekistonda masjidlarga 17 yoshga to‘lmaganlarni kiritmaslik holatlari yillardan buyon kuzatib kelinmoqda. Ozodlik bilan suhbatlashgan oddiy aholi vakillari bu kampaniyaga masjid va ta’lim muassasalari hamda IIV xodimlari jalb qilinganini aytib keladilar.

Ta’lim maskanlari xodimlari esa bolalarning darsdan qolishi oldini olish vaji bilan ularni juma namoziga yubormaslik talab qilinayotganini aytishgan. Ammo, shu paytgacha bolalarni masjidga kiritmaslikka diniy asos ko‘rsatilmagan edi.

Toshkentlik ahli-ilmlardan biri masjid devoriga ilingan hadis va uning aynan bolalarga nisbatan qo‘llanishiga munosabatini bildirarkan: "Masjiddagilar dinni suiste’mol qilmoqda", dedi.

So‘nggi yillar davomida aynan hadislar matni ustida tadqiqotlar olib borayotgan ahli-ilm ismi oshkor etilishi va ovozi yozib olinishini istamadi:

- Bu aslida masjidlardan aziyatni ketkazish uchun qilingan ish. Bu davlatning siyosati, deb qo‘yishsa bo‘laverardi. Bunga diniy vaj keltirish shart emas edi. Aslida, to‘g‘ri, bu zaif hadis va bu masalada ixtilof yo‘q. Ibn Mojada rivoyat qilingan. Bu rivoyatni Ibn Javziy: "Sahih holda rivoyat qilinmagan hadis", degan. Yana Hofiz ibn Hajar, Ajluniy, degan mashhur muhaddislar bor, hadisning sanadini zaif, deyishgan, - deydi ismini oshkor qilmayotgan o‘zbekistonlik ahli-ilm.

U O‘zbekistonda bunday hadislar asosida 17 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar va bolalarning masjidga qo‘yilmasligini "shar’iy jihatdan oqlab bo‘lmaydi" deb baholadi:

- Bunaqa narsa shariatda yo‘q. Buni yozayotgan odamlar ertaga qanday javob beradilar - men buni bilmayman. Ammo, hadisni zaif, deb tashlab yuborish ham noto‘g‘ri. Ya’ni, ulamolar bu hadisni sharhlaganida aytishganki, yosh bolalarni masjidga payg‘ambarimiz chaqirgani haqida hadis yo‘q, qaytargani haqida ham yo‘q. Bu masjidga kirib, namozni qadrini bilmay o‘yinqaroqlik qiladigan, tushunmaydigan go‘daklar nazarda tutilgan. Maktab yoshidagi bolalar esa masjiddan qaytarilmasligi kerak. O‘zbekistondagi bu holat - hadisni suiste’mol qilish, deyiladi, - deydi suhbatdosh.

Bolalar xatar ostida

O‘zbekiston Musulmornlari diniy idorasi Ozodlikka surati yo‘llangan "Masjid odobi qoidalari"ga oid e’londan xabardor emasligi ma’lum bo‘ldi.

Diniy idora raisi o‘rinbosari, shayx Abdulaziz Mansur zaif hadisligiga hech bir shubha bo‘lmagan bunday matnning bolalarni masjidga kiritmaslik uchun vosita o‘laroq qo‘llanilganini "masjid imomining tashabbusi", deb baholadi.

Ayni paytda, shayx hazratlari yillar davomida kichik yoshdagi bolalar va o‘quvchilarning masjidga qo‘yilmayotganiga Diniy idoraning aloqasi yo‘q, deb javob berdi:

- Bizda din dunyodan ajratilgan, huquqiy-demokratik davlatda yashaymiz. Biz diniy idorasi sifatida bolalarning masjidga qo‘yilishini istaymiz, albatta, bolalar masjidga borolmayotganiga achinamiz. Ammo, hukumatning o‘z siyosati bor va bolalarning turli oqimlar xataridan saqlash masalasida hukumat biz bilan maslahatlashmaydi. Bunday oqimlar xatari esa bor, afsuski va shaxsan, men o‘zim ko‘rib turibman buni... Bu e’lon masalasiga kelsak, bizning bundan xabarimiz yo‘q. Bo‘lganda edi, bu vaqtgacha surishtirgan bo‘lardik, - dedi Abdulaziz Mansur.

Ozodlik bilan suhbatda Diniy idora mas’uli O‘zbekistonda bolalarning masjidga qatnashida mavjud xavf-xatar, bundan tashqari, Andijon viloyatidagi maktablarda ota-onalardan yozgi ta’til vaqtida bolalarni masjidga namozga yubormaslik haqida olinayotgan "Kafolat xati" masalasiga ham munosabatini bildirdi.

Quyida shayx hazratlari bilan suhbatni to‘liq tinglashingiz mumkin:

Абдулазиз Мансур: Болаларнинг масжиддан қайтарилишига алоқамиз йўқ!
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:16:50 0:00
Бевосита линк

O‘zbekistonda masjidlarga 17 yoshga to‘lmaganlarni kiritmaslik holatlari yillardan buyon kuzatib kelinmoqda.

Xususan, Ramazon oylarida Toshkent shahrida o‘quvchilarning juma namozlariga bormasliklari uchun dars soatlari uzaytirilgani, ayrim maktab o‘qituvchilari masjidlar oldida navbatchilik ham qilgani kuzatilgan.

Toshkentdagi maktablardan birining o‘quv ishlari bo‘yicha mudiri "O‘qituvchilar, ma’naviyatchilar masjidga borib, kuzatadi. Juma kunlari juda qattiq davomatni olamiz. Ota-onalari masjidga boradiganlar bizda hammasi uchyotda" degan edi.

O‘zbekistonda nafaqat maktablar, balki oliy o‘quv yurti va maxsus ta’lim muassasalari talabalarining ham masjidlarga borishlari qattiq nazorat qilinadi.

O‘zbekiston hukumati rasmiylari bu cheklovlarini bilvosita tan oladilar va buni yoshlarning turli diniy oqimlarga berilib ketishi, xususan, keyingi vaqtda O‘zbekistonda faollashgani kuzatilayotgan "Hizbut Tahrir" hamda "Jihodchilar" radikal guruhlar, mamlakat tashqarisidan xavf solib turgan "Islomiy davlat" terror guruhi tarafdorlari ta’siriga tushib qolishi oldini olish maqsadi bilan izohlaydilar.

Ammo, inson huquqlarini himoya qiluvchi faollar va xalqaro tashkilotlar bu amaliyotni bolalar hamda ularning qonuniy vakillari bo‘lgan ota-onalarining fuqaroviy va diniy erkinliklari buzilishi sifatida qoralab keladilar.

XS
SM
MD
LG