Линклар

O‘zbekiston Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi hududida noqonuniy yashab yurgan balog‘atga etmagan fuqarolarini vataniga qaytarish haqidagi protokolni tasdiqladi. O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov imzolagan ayni hujjatga muvofiq O‘zbekiston 18 yoshgacha bo‘lgan fuqarolarini qaytarishda MDH davlatlari maxsus idoralari ko‘magiga tayanishi mumkin.

Rasmiy matbuotga ko‘ra, xorijdagi o‘smirlarni vataniga qaytarish O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi va xorijdagi vakolatxonalar zimmasiga yuklangan.

O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchixonasi mulozimining Ozodlikka aytishicha, gap ota-onasi yohud vasiysisiz yolg‘iz yurgan o‘smirlar haqida ketyapti:

– Yonida ota-onasi bo‘lsa yoki unga qarab yurish mas’uliyatini olgan biron qarindoshi bo‘lsa, ularga tegilmaydi. O‘zicha, ota-onasisiz bu yerga kelib yashayotgan, ishlayotgan yoki bekor yurgan 18 yoshgacha bo‘lganlar qaytariladi. Bu, eng avvalo, ularni o‘ylab qilinyapti. 18 yoshgacha bo‘lgan har bir o‘g‘il-qiz ota-onasini bag‘rida bo‘lishi kerak, o‘qishini o‘qishi kerak, - dedi elchixona mulozimi.

MDH mamalkatlari orasida o‘smirlarni qaytarish haqidagi shartnoma 2002 yilda imzolangan.

2015 yilning oktyabrida Tojikiston poytaxti Dushanbeda bo‘lib o‘tgan hamdo‘stlik davlatlari vakillari uchrashuvida, balog‘atga etmagan o‘smirlarni o‘z vataniga qaytarish vaqtida paydo bo‘ladigan xarajatlar tartibini belgilash bo‘yicha protokol ham imzolangan.

Shu hujjatga muvofiq, MDH davlatlarida noqonuniy ravishda yashayotgan bolalarni o‘z vataniga qaytarish vaqtida paydo bo‘ladigan harajatlarni mezbon davlat va elchixona ko‘tarishi ko‘zda tutilgan.

– Bolani vataniga kuzatib qo‘yish, transport harajatlari xammasi mezbon davlat va elchixona tomonidan qoplanadi, - dedi O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchixonasi mulozimi.

Moskvadagi mehnat muhojirlariga huquqiy ko‘maklashuvchi "Yordam" tashkiloti rahbari Bahrom Hamroev kollejdagi o‘qishini tashlab Rossiyaga ishlagani kelayotgan o‘zbekistonlik o‘spirinlar soni ortayotganini aytadi.

- Ular majbur bo‘lyapti. O‘qigan bilan O‘zbekistonda ish yo‘q-ku?! Kollej u yoqda tursin, universitetni tugatganlarga ish yo‘q-ku?! Undan ko‘ra, O‘zbekistondagi hukumat shu yoshlarni istiqbolini o‘ylab, ularni ish bilan taminlash haqida qayg‘ursa bo‘lardi, - deydi Bahrom Hamroev.

O‘zbekistonda xorijga ishlashga ketgan kollej o‘quvchilarini qaytarish harakati esa bir necha yil avval boshlangan.

O‘qishni tashlab xorijga ishlashga ketgan farzandini qaytarmagan ota-onalar O‘zbekiston ma’muriy-javobgarlik kodeksining 47-moddasi (Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) bo‘yicha javobgarlikka tortilayapti.

Ma’muriy-javobgarlik kodeksining 47-moddasida "Eng kam ish haqining besh barobaridan o‘n barobarigacha miqdorda jarima solish" jazosi ko‘zda tutilgan.

XS
SM
MD
LG