Линклар

Toshkent viloyati Angren shahridagi tashkilot va korxonalarning ishchi-xizmatchilari g‘o‘za chopig‘iga haydaldi. Angrenlik ishchilarga ko‘ra, chopiqqa chiqmaganlarga ishdan haydash bilan tahdid qilinmoqda. Shuningdek, ayrim tashkilotlar ishchilari chopiq uchun o‘rniga odam yollashga majburlanayapti.

"Hamma chopiqqa!!!"

Bir haftadirki, angrenlik ishchilar Bo‘ka va Chinoz dalalarida tekinga ishlayapti. Ishchilar nomidan Ozodlikka bo‘lgan murojaatda aytilishicha, shahardagi har bir tashkilot va korxona ishchilari g‘o‘za chopig‘iga majburan haydalmoqda:

“Shahardagi barcha tashkilotlar ishchilari chopiqqa chiqarilganiga bir haftadan sal oshdi. Har yilgidek, bu yil ham ancha jiddiy bo‘layapti. Hamma navbati bilan chopiqqa chiqishi shart deyishdi”, deydi angrenlik ishchilardan biri.

"Ham ishlaysan, ham o‘rningga chopiq uchun odam yollaysan"

Angren shahridagi narkologiya dispanseri hamshiralaridan birining ismini ochiqlamaslik sharti bilan Ozodlikka aytishicha, ulardan chopiqqa odam yollash talab qilingan:

“Bizdan besh kunlik chopiq uchun 130 ming so‘m olishayapti. Bu pulga o‘rnimizga mardikor yollashar ekan. Dispanserdagi hamma ishchi-xodimlardan yig‘ishayapti. Biz o‘zimiz esa dispanserda ishimizni davom ettirayapmiz. Oyligimiz plastikka o‘tkaziladi, chopiq uchun pulni naqd berish kerak. Bizda naqd pul qaerdan bo‘lsin. Hozir ko‘pchilik qarz olib, chopiqqa pul berayapti”, deydi hamshira qiz.

"Chopiqqa bormagan, ishdan haydaladi"

Angrenlik ishchilardan olingan ma’lumotga ko‘ra, ayrim tashkilotlarda chopiqqa chiqmagan ishchilarga ishdan bo‘shatish bilan tahdid qilinmoqda:

“Toshkent viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining Angren bo‘limi ishchilaridan ikki nafarini chopiq uchun ishdan haydashganini aytishdi. Ularning o‘zi chopiqqa chiqishi kerak ekan. Lekin o‘sha ikki xodim pul berib o‘rniga odam yollab, chopiqqa jo‘natgan. Buni bilib qolib, ularni ishdan bo‘shatishgan”, deya iddao qiladi angrenlik ishchilardan biri.

Toshkent viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining Angren bo‘limi rasmiylari ishchilarning chopiqqa chiqarilganini tasdiqladi, biroq chopiq bois ishchilarning ishdan haydalganini inkor qilishdi.

Ayni paytda ushbu tashkilotda ishlaydigan Ozodlik manbasi, ikki xodimning chopiq bois ishdan bo‘shash xavfiga duch kelganini aytib, buning tafsilotlarini ochiqladi:

“Bizning bo‘limda o‘n beshga yaqin odam ishlaydi. Chinozdagi dalalarga olib borishayapti bizni. Bir haftadan ziyod vaqtdan beri navbati bilan borayapmiz. Har kuni 8-9 xodim chopiqqa borayapti. Bizning tashkilot harbiy statusda bo‘lgani uchun chopiqqa borishimiz ham qa’tiy nazorat ositida. 100 foiz hamma navbati bilan chiqayapti. Lekin o‘sha ikki hamkasbimiz o‘rniga pul berib, odam yollaganini boshliqlar bilib qolishdi. O‘rniga yollagan odam dalaga bormaganmi, shunaqa bir gap bo‘lgan. Keyin ikkalasini ham chaqirib, ishdan bo‘shash haqida ariza yozdirishdi. So‘ng nima uchundir, ularni ishdan bo‘shatishmadi. Sababini bilmaymiz. Hozir ikkalasi ham ishlayapti. Lekin hammaga agar chopiqqa chiqmasang va o‘rningga odam yollasang, ishdan bo‘shaysan, deb ogohlantirishdi”, dedi manba.

"Har bahorda shu bo‘lar takror"

O‘zbekistonda har yili bahorda ishchi-xizmatchilarning g‘o‘za chopig‘iga majburan chiqarilishi muntazam kuzatilayapti.

Hozircha joriy yil chopiq kampaniyasi bo‘yicha Angrendagi vaziyat Ozodlikka ma’lum bo‘lgan ilk ma’lumotdir.

O‘tgan yili ham davlat korxonalari ishchi-xizmatchilaridan tortib talabalargacha g‘o‘za chopig‘i va yaganasiga jalb etilgan va talabalardan chopiq uchun pul yig‘ish holatlari ham kuzatilgan edi.

Xalqaro tashkilotlar O‘zbekiston hukumatini majburiy mehnatga chek qo‘yishga chaqirib keladi. Jahonning yuzdan oshiq shirkati rasmiy Toshkentni bunga undash maqsadida majburiy mehnat mahsuli bo‘lgan o‘zbek paxtasiga boykot e’lon qilgan.

XS
SM
MD
LG