Линклар

Andijonning Asaka shaharidagi "Holid ibn Volid" masjidida 173 million so‘m o‘marilganiga oid ishni surishtirgan tergovchilar ehson puli tovuqxona qurishga sarflanganini aniqlashgan. Iddao qilinishicha, o‘zlashtirilgan mablag‘larni yashirish maqsadida O‘zbekiston musulmonlari idorasiga topshirilgan moliyaviy hisoblotlarda ehson miqdori kamaytirib ko‘rsatilgan.

Andijon viloyati huquq tartibot idorasidagi Ozodlik manbasi iddaosiga ko‘ra¸ "Holid ibn Volid" masjidi imomi¸ mutavallisi va hisobchisi masjid ta’miriga deya ajratilgan pulning bir qismiga jo‘ja sotib olib, tovuqxona tashkil qilgan.

- Tergov mobaynida bu tovuqxonaning soliq idoralari qaydidan o‘tkazilmagani anqilandi. Ya’ni, tovuqxonaning masjidniki ekaniki haqida ham hujjat yo‘q. Tovuqxona ehsondan o‘marilgan pul evaziga shaxsiy boyligini orttirish maqsadida tuzilgani aniqlandi, - dedi manba.

"Holid ibn Volid" masjididagi Ozodlik manbasi esa bu da’voni qisman quvvatladi, ammo pul o‘marilganiga oid ayblovni inkor qildi:

- Remontga ajratilgan pul, to‘g‘ri. Ehsondan tushgan. Biz bu pulni protsentga qo‘ya olmaymiz. Shu bois, jo‘ja olib boqib qo‘ygan edik. Sal katta bo‘lsa, sotib pulini masjidga qaytaramiz, deb. Bu faqat masjid puli barakali bo‘lsin, deb qilingan niyatdagi ezgu ish edi, - dedi "Holid ibn Volid" masjididagi Ozodlik manbasi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, shu kunlarda masjid hisobchisi ishdan bo‘shatilgan, imom va mutavalli tergov qilinmoqda.

Xayr-ehsondan tushgan pulni o‘marganlikda gumon qilinayotgan bu uch shaxsning ism-familiyasi Ozodlik tasarrufida mavjud. Aybsizlik prezumpsiyasi nuqtai nazaridan bu ismlar ochiqlanmayotir.

Andijon-huquq tartibot idorasidagi Ozodlik manbasining aytishicha¸ O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 167-moddasi asosida jamoat mulkini o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish ayblovi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishiga tirkalgan 173 million so‘m shu kundagi qora bozor kursida, taxminan, 27 ming AQSh dollari bo‘ladi.

Masjidning o‘tgan besh yillik buxgalteriya hujjatlari bilan tanishib chiqqan mahalliy hisobchilardan birining Ozodlikka aytishicha, xayr-ehsondan tashqari masjid qavmidan obuna uchun ham pul yig‘ilgan.

- Namozga keluvchilar “Hidoyat“, ”Islom nuri” gazetalariga obuna qildirilgan, buning uchun shu masjidga kelgan odamlardan pul olingan. Zakot pullari olingan, fitr pullari olingan. Kvitansiyalar yozilgan, lekin, 173 million so‘m daromad daftariga tushmagan, bankka ham topshirishmagan,- deb iddao qildi ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka gapirgan asakalik hisobchi.

Bu holat masjidga keluvchi namozxonlarda ishonchsizlik uyg‘otdi, deydi masjid jamoasi a’zolaridan biri.

- Masjidga keluvchilar bundan juda norozi bo‘lib turishibdi. Axir gap ehsonga, deb berilgan pullar haqida ketyapti-ku,- deydi ismi sir qolishini istagan asakalik namozxonlardan biri.

Bunga qadar Ozodlik ayni mavzuni yoritgan va iddaolarga oydinlik kiritish uchun Asaka tumanidagi "Holid ibn Volid" masjidiga qo‘ng‘iroq qilgan edi. O‘shanda ham masjid xodimlaridan biri “rastrata” sifatida ko‘rilayotgan 173 million so‘m masjid remonti uchun sarflanganini aytib, ehson puli o‘marilganiga oid iddaolarni rad qilgan.

"Holid ibn Volid" masjidi O‘zbekistondagi boshqa masjidlar qatori asosan xayr-ehson hisobidan kun ko‘radi. Masjidga ehsondan tushadigan yillik daromad esa yuz million so‘mdan ko‘proqni tashkil etishi aytiladi.

O‘zbekistonda imom-xatib va mutavalli masjidga ehson sifatida berilgan xayriya mablag‘ini o‘zaro o‘zlashtirgani avval ham kuzatilgan.

O‘tgan yil Toshkent shahri Yashnobod (sobiq Hamza) tumanida joylashgan masjidlardan birining imom-xatibi va mutavallisi 18 million so‘mlik ehson pullarini o‘zlashtirishda ayblangangan.

XS
SM
MD
LG