Линклар

logo-print

O‘tgan yilning kuzida Afg‘onistonning Qunduz shahrida bo‘lgan va "yanglishib" shahardagi shifoxona bombardimon qilingan janglarda ishtirok etgan AQSh harbiylari voqea joyidagi "alg‘ov-dalg‘ov hamda sarosima" haqida so‘zlab berishdi.

Pentagon 9 may kuni e’lon qilgan hisobotda yozilishicha, afg‘onistonlik hamkasblariga maslahatchi sifatida yordam berish uchun yuborilgan AQSh harbiylari dushman hujumi ortidan jangda ishtirok etishga majbur bo‘lganini aytishgan.

O‘tgan yilning sentyabr oyida toliblar qisqa muddat Qunduzni egallab olgan edi. AQShning “Yashil beret” maxsus amaliyot qo‘shinlari o‘shanda Afg‘oniston kuchlari gangib qolgani, shuning uchun ularga yordam berishga majbur bo‘lgani haqida guvohlik berishgan.

700 sahifadan iborat hisobotda yozilishicha, ismi oshkor qilinmagan harbiy “U yerda hech birimiz hech qachon ko‘rmagan tayyorgarlik hamda koordinatsiyaga duch keldik”, degan:

“U yerda turli mamlakatlardan kelgan xorijliklar ishtirok etgani haqida bir necha hisobot e’lon qilindi. Ular hozirga kelib tasdiqlangan. Shaharni qayta olishga urinar ekanmiz, biz tarafga minglab o‘q otildi. Qanday qilib hech kim o‘lmagani, hatto, jarohat olmagani mo‘’jizadir”, degan amerikalik harbiy.

Askar yana Afg‘onistondagi AQSh kuchlarida strategiya yo‘qligini tanqid qilib, bu hol xaosga olib kelganini aytgan.

Yana bir xorijiy maxsus kuchlar jangchisi boshliqlaridan Afg‘oniston kuchlariga qanchalik darajada yordam berish kerakligi haqida qayta-qayta so‘ragani, ammo javob ololmaganini aytgan.

“Qanchalik darajada yordam berishimiz kerak?” degan savolga “Qanchalik darajada yordam berishni istaysizlar?” deb javob berish yaxshi emas”, degan askar. U AQSh harbiylarida strategiya bo‘lmagani, buning oqibati urush muhitida har doim achinarli bo‘lishini qo‘shimcha qilgan.

O‘tgan yilning 3 oktyabrida “Chegara bilmas shifokorlar” tashkilotining Qunduz shahrida joylashgan shifoxonasi bombardimon qilingan, natijada 42 tibbiy xodim hamda bemor halok bo‘lgan edi.

Guvohlik bergan AQSh harbiylarining birortasi bunday bo‘lishiga urushda qatnashish qoidalarini bilmaslik sabab bo‘lganini aytmagan.

Pentagon avvalroq e’lon qilgan bildiruvda qator xatolar ortidan shiddatli janglarda ishtirok etayotgan Lockheed AC-130 harbiy samolyoti ekipaji shifoxonani adashib, toliblar qo‘lidagi bino deb bilgani va uni bombardimon qilgani aytilgan edi.

Pentagon bu hodisa ortidan 16 askar va rasmiyni jazoladi. Ammo shifoxona atayin bombardimon qilinmagani uchun bu hujumni urush jinoyati sirasiga qo‘shmagan.

XS
SM
MD
LG