Линклар

Шошилинч хабар
02 май 2024, Тошкент вақти: 03:09

Terrorchilikda ayblangan muhojirlarning aksari qo‘yib yuborildi


Moskvada terrorchilikda gumonlanib qo‘lga olingan 12 nafar mehnat muhojirining aksari ozodlikka chiqarildi. 9 may arafasida Rossiya poytaxtida hibsga olingan 4 qirg‘izistonlik uzbekka terrorchilik moddasi asosida jinoiy ayblov e’lon qilindi. Ayni paytda Rossiyaning boshqa mintaqalarida ham “terrorchilikda” gumonlanayotgan markaziy osiyolik dindorlarga qarshi maxsus amaliyotlar o‘tkazilayotgani ma’lum bo‘ldi.

“Terrorchilar”ning aksari qo‘yib yuborildi

Rossiyada keng nishonlangan G‘alaba bayrami arafasida Rossiya poytaxtida terrorchilikda gumonlanib hibsga olingan mehnat muhojirlarining 8 nafari ozodlikka chiqarildi. Ularning bir qismi migratsiya qonunchiligini buzgani uchun mamlakatdan deportatsiya qilinishi aytilmoqda.

Oxirgi bir necha yildan buyon “aybsizlik prezumpsiyasi” qoidalariga rioya qilishni bas qilgan Rossiya ommaviy axborot vositalarining yozishicha, qo‘lga olinganlardan Oybek Saidov 3 iyulgacha hibsda qoladigan bo‘ldi: u politsiyaga qurolli qarshilik ko‘rsatganlikda ayblanmoqda.

Rasmiylar asli qirg‘izistonlik, hozirda Tojikiston fuqarosi bo‘lgan 32 yoshli Oybek Saidov nafaqat Moskvada, balki Dushanbeda ham terrorchilik hujumlarini uyushtirishga tayyorgarlik ko‘rganini ma’lum qildi.

Shuningdek, Moskvaning Meshchanskiy tuman sudida qirg‘izistonlik Farhodjon Murotov, Sirojiddin Ergashev va Anvarjon Tojboltaevlarni tergov yakuniga qadar hibsga olish to‘g‘risida qaror chiqarilganini Ozodlikka bildirishdi. Anvarjon Tojboltaev va Oybek Saidovdan politsiya ikkita avtomat va ikkita o‘qdon musodara qilgani ma’lum qilindi.

6 may kuni Dushanbe aeroportida 1994 yilda tug‘ilgan Doston Mengliqulov ham ushlandi: mahalliy huquq-tartibot tuzilmalari rasmiylari uni mamlakatda portlash uyushtirishni rejalashtirganlikda ayblamoqda. Dostonning ko‘rsatmalari asosida Tojikiston IIBsi Qubodiyonda yana uchta “islomiy jangarini” qo‘lga oldi.

Avvalroq Moskva nashrlari Rossiya kuchishlatar tizimlari tomonidan “terrorchi” va “Islom davlat” guruhi jangarilari”, deb e’lon qilinganlarning 9 nafari O‘zbekiston, 2 nafari Rossiya va 1 nafari Qirg‘iziston fuqarolari ekani to‘g‘risida xabarlar tarqatgan edi. Bu shaxslar Moskvaning turli tumanlarida asosan farroshlik bilan kun kechirib kelgani ma’lum bo‘ldi.

Keyinroq Interfaks agentligi farrosh-migrantlar G‘alaba kuni “Barhayot polk” tadbirida “terakt uyushtirishga hozirlanganini” o‘z manbasiga tayanib xabar tarqatdi.

Federal xavfsizlik xizmati ma’lumotnomasida ta’kidlanishicha, “qo‘lga olingan shaxslar Suriya va Turkiya hududida faoliyat yuritayotgan xalqaro terror tashkilotlari rahbarlari ko‘rsatmasi asosida harakat qilgan”.

Terrorchilar va “ID”guruhi janggarilari Rossiyaning barcha mintaqalarida aniqlandi

Biroq Rossiya FSBsi hanuzgacha qo‘lga olingan xorijlik ishchilarga qo‘yilgan jiddiy ayblovlar bo‘yicha faqat Life kabi hukumatga qarashli telekanallar orqali tasdiqlash mumkin bo‘lmagan ma’lumotlarni sizdirib kelmoqda. Jumladan, “Anakonda” deb nom berilgan FSB maxsus amaliyoti olib borilgan kunlari, Life Moskvaning g‘arbidagi stadionda futbol o‘ynayotgan 49 nafar mehnat muhojiri qo‘lga olingani to‘g‘risida xabar tarqatdi.

“Ulardan aksari may oyi bayramlarida Moskvada terrorchilik hurujlarini sodir etishga tayyorgarlik ko‘rishga aloqadordir”, deb yozdi Rossiya propagandasi ilg‘orlaridan biri Life.

Hozircha na FSB va na boshqa huquq-tartibot idoralarida Kuntsevo hamda Mojayskiy politsiya bo‘limlariga avtobuslarda keltirilgan bu “futbolchi-terrorchilar”ga qo‘yilgan ayblovlar borasida biror ma’lumot olishning imkoni bo‘lmadi. Politsiya bo‘limlarida Ozodlikka o‘sha kuni keltirilgan muhojirlar hujjat va barmoq izlari tekshiruvidan keyin qo‘yib yuborilganini bildirishdi.

Life esa “Yasenevo va Golyanovoda bu jinoiy guruhning yangi vakillari”ga qarshi amaliyotlar olib borilganini yozishni davom etdi.

“Kommersant” nashri esa bayram arafasida qo‘lga olingan muhojirlarning barchasi “Hizb-ut Tahrir” tashkilotida “faoliyat yuritgani”ni ma’lum qildi.

Moskvada so‘nggi bir necha oyda “Islomiy ekstremist va terrorchilarga” qarshi olib borilgan amaliyotlar davomida birgina mart oxirida “Islom davlati” terrorchi guruhiga mansub 20 nafar odam qo‘lga olingani aytilgan. Biroq, ularning aksari oddiy ma’muriy qonunbuzarlik va hujjat qalbakilashtirishda ayblangani, qolganlari esa ozodlikka chiqarilgani borasida Rossiya ommaviy axborot vositalari hozircha lom-mim deganicha yo‘q.

Ayni paytda Rossiya FSBsi mamlakatning boshqa mintaqalarida ham portlatishlarni uyushtirmoqchi bo‘lgan migrantlarni aniqlagani borasida ma’lumotlarni tarqatmoqda.

Xususan, aprel oyi o‘rtalarida Volgograd viloyatining Pallasovka shaharchasida “Islomiy guruh” janggarilari ekani iddao qilingan 5 nafar dindor tergovi davom etayotir. Ulardan ham katta miqdorda qurol-aslaha, portlovchi kimyoviy moddalar musodara qilingani aytildi. Bu shaxslar “qurollangan tuzilma tuzishga tayyorgarlik” va “terrorchilik faoliyatiga ko‘maklashish” moddalari asosida ayblanmoqda.

Kuni kecha Federal xavsizlik xizmati rasmiy saytida “Krasnoyarskda terror hujumlarini uyushtirishda ayblangan markaziy osiyolik fuqarolar” qo‘lga olingani to‘g‘risida xabar chiqdi. Unda may bayramlari kunlari “xalqaro terrorchilik tashkilotlari bilan bog‘liq bo‘lgan” muhojirlar Krasnoyarsk mahalliy transportida portlash uyushtirishga hozirlangani aytildi. Tergovchilar talabiga ko‘ra, ismi oshkor etilmayotgan markaziy osiyoliklardan katta miqdorda “terrorchilik faoliyati vositalari” musodara qilingani xabar qilindi.

Rossiyaning turli viloyat va o‘lkalarida “Suriyaga urushga” odam yollaganlikda gumonlangan o‘nlab turli mamlakat fuqarolari, jumladan, o‘zbekistonliklar tergov qilinmoqda.

Avvalroq Rossiyaning Yekaterinburg shahrida qator terror hujumlarini amalga oshirishni rejalashtirganlikda gumon qilingan 7 qirg‘izistonlik o‘zbekka “terrorizm”, “g‘ayriqonuniy qurol savdosi” va “portlovchi moddalarni g‘ayriqonuniy saqlash” moddalari bo‘yicha ayblov e’lon qilingani to‘g‘risida Ozodlik xabar bergan edi. Hibsda qolayotgan biznesmen yigitlar yaqinlari rus maxfiy xizmatlari ayblovlari mutlaqo asossiz ekanini gapirib kelmoqda.

XS
SM
MD
LG