Линклар

21 may kuni prezident Islom Karimovning Qo‘ng‘irotdagi UzKorGasChemical qo‘shma korxonasining ochilish marosimiga borishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan Qoraqalpog‘istondagi ishchidan tortib talabagacha hasharga jalb qilindi. Hatto Nukusdagi oliygohlar talabalari bir necha soatlab yo‘l bosib, Qo‘ng‘irotdagi yangi korxonaning obodonlashtirish ishlarida ishtirok etayapti.

Hamma hasharga!

May oyi boshidan buyon Qo‘ng‘irot tumani Aqchalak posyolkasidagi UzKorGasChemical O‘zbekiston-Koreya qo‘shma korxonasining atrofi va korxonaga olib boruvchi yo‘llarda keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Nukuslik talabalardan birining Ozodlikka aytishicha, ularni 2 maydan boshlab Aqchalak posyolkasiga olib boruvchi yo‘llarni obodonlashtirishga jalb qilishgan:

“2 maydan buyon deyarli o‘qimayapmiz. Aqchalakdagi zavodning ochilish tadbiriga prezident Islom Karimov kelar ekan. Shunga Nukusdan tortib, shu zavodgacha bo‘lgan yo‘llarda obodonlashtirish ishlari ketayapti. Yo‘l atroflarini tozalayapmiz. Domlalarimiz hashar yana bir hafta davom etadi deb aytishdi”, deydi ismini ochiqlamaslikni so‘ragan nukuslik talaba.

Yo‘liga 4 soat sarflab, hasharga qatnagan talabalar

Toshkent Davlat Agrar universitetining Nukus filialida qarindoshi o‘qiyotgan qoraqalpog‘istonlik manbaning aytishicha, universitet talabalari bir haftadan buyon Aqchalakdagi korxonaga hasharga qatnayapti:

“Ularni bir hafta Aqchalakka olib borishdi. Ertalab avtobusga ortib olib ketishgan, kechqurin qaytarib olib kelishgan. Yo‘l uchun borish 2 soat, qaytish yana ikki soat vaqt ketgan. Shuncha uzoq yo‘lga olib borishgan hasharga. Yana yo‘l kirani talabalarning o‘zidan olishgan. Yeb-ichishi ham talabalarning o‘z kissasidan bo‘lgan. Talabalarni shunaqa qilib, majburiy mehnatga jalb qilishayapti. Bu bespredel qachon tugaydi o‘zi?”, deydi qoraqalpog‘istonlik manba.

Nukusdan olingan ma’lumotga ko‘ra, shahardagi barcha korxona va tashkilotlarning ishchi-xizmatchilari ham shu kunlarda Aqchalakdagi korxona bilan bog‘liq hasharga jalb qilingan.

Qo‘ng‘irot tuman hokimligi mulozimlariga ko‘ra, Aqchalak posyolkasidagi UzKorGasChemical korxonasi bilan bog‘liq obodonlashtirish ishlari bir hafta ichida nihoyasiga etadi.

Mulozimlarning aytishicha, 21 may kuni korxonaning ochilish marosimi o‘tkaziladi va tadbirda prezident Islom Karimovning shaxsan ishtirok etishi rejalangan.

4 milliard dollarlik zavod

2008 yil fevralida O‘zbekneftegaz milliy xolding kompaniyasi Janubiy Koreyaning Kogas, Honam Petrochemical, LG International Corp., SK Gas va STX Energy kabi shirkatlaridan iborat konsortsium bilan Ustyurtdagi Surgil koni negizida gaz-kimyo majmuasi qurish uchun UzKorGasChemical qo‘shma korxonasiga asos solgan.

Ustyurt gaz-kimyo majmuasini qurish 2012 yilda boshlangan. Majmuaning umumiy qiymati 4 milliard AQSh dollariga baholanib, 2013 yili O‘zbekiston hukumati bilan Janubiy Koreyaning Kogas shirkati o‘rtasida bu borada shartnoma imzolangan.

Majmuada yiliga 4,5 milliard kub metr gazni qayta ishlab iste’mol uchun 4 milliard kub metr gaz, 400 ming tonna turli ko‘rinishdagi polietilen, 100 ming tonna polipropilen, 110 ming tonna piroliz benzini ishlab chiqarish rejalangan.

“Kogas” shirkati 2006 yildan beri O‘zbekistonda gaz konlarini qidirib topish va o‘zlashtirish sohasida ishlab keladi.

Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, Surgil konidagi gaz zahirasi 120 milliard kubometrni tashkil qiladi.

XS
SM
MD
LG