Линклар

Pasport stol, OVIR va DAN eng poraxo‘r idora deb topildi


O‘zbekistonda borayotgan biometrik pasportga o‘tish jarayoni¸ oddiy aholiga ko‘ra¸ korrupsiya oloviga yangidan moy quymoqda.

O‘zbekistonda borayotgan biometrik pasportga o‘tish jarayoni¸ oddiy aholiga ko‘ra¸ korrupsiya oloviga yangidan moy quymoqda.

Ijtimoiy tarmoqlardagi o‘zbekistonliklar orasida o‘tkazilgan mustaqil so‘rov xulosasiga ko‘ra¸ mamlakatda eng korrupsiyalashgan tizimlar IIV, sud, prokuratura va ularga kadr tayyorlovchi o‘quv dargohlaridir. So‘ralganlar poraxo‘rlik bo‘yicha davlat idoralari orasidagi birinchilikni Ichki ishlar vazirligiga¸ o‘quv dargohlari orasidagi peshqadamlikni esa Yuridik universitetiga berdilar.

Korrupsionerlarning aksariyati IIVda

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida O‘zbekistonda yagona so‘rov markazi bo‘lib qolayotgan "Ijtimoiy fikr"ning alvon so‘rovlariga muqobil tarzda mustaqil so‘rov o‘tkazildi.

AsiaTerra blogida e’lon qilingan xabarga ko‘ra, "O‘zbekistonda qaysi sohada korrupsiya/davlat g‘aznasidan pul o‘g‘irlash avj olgan?" degan savolga javoban ishtirokchilarning asosiy qismi "Hamma sohalarda", deb javob bergan.

So‘rov natijalariga ko‘ra¸ mamlakatdagi eng korrupsiyalashgan tizimlar ro‘yxatidagi birinchi o‘rinni IIV tuzilmalari, ikkinchi o‘rinni esa oliy ta’lim, keyin soliq xizmati, sud, so‘ngra tibbiyot sohasi egallagan.

So‘rovni uyushtirganlar eng korrupsiyalashgan IIV tuzilmalari qaysilar, degan savolni bergan va natijalarga ko‘ra, respondentlarning aksar qismi - Pasport stollari, Xorijga chiqish-kirish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlari, Davlat avtomobil inspeksiyasi hamda uchastka nozirlarini sanagan.

Oliy o‘quv yurtlari orasida esa eng korrupsiyalashgan muassasa sifatida Toshkent Davlat Yuridik universiteti tilga olingan. Keyingi o‘rinda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent Davlat Iqtisodiyot univesitetlari sanalgan.

Eng katta xavf - korrupsiya va qashshoqlik

So‘rov tashkilotchilari yana bir muhim savolni o‘rtaga tashlagan: "O‘zbekiston uchun asosiy xavf nima?"

Respondentlarning asosiy qismi "O‘g‘irlik/korrupsiya/qashshoqlik", degan javobni belgilagan. Ishtirokchilarning qariyb choragi "Terrorchilar ("Islomiy davlat", O‘zbekiston Islomiy harakati, Vahhobiylar) degan javobni belgilagan. Yana chorakka yaqini "AQSh/NATO" degan javobni belgilagan.

So‘rov ishtirokchilariga javoblarini sharhlash imkoni ham berilgan va aksar sharhlar mazmuniga ko‘ra, O‘zbekistonda eng korrupsiyalashgan sohalar - IIV, sud va prokuratura organlari bo‘lg‘usi kadrlarni yetkazib beradigan ta’lim dargohlaridan to bu idoralar rahbariyatiga qadar poraxo‘rlik botqog‘iga botgan.

Tashabbuschilar

AsiaTerra blogida natijalari e’lon qilingan bu so‘rovni hozircha kim o‘tkazgani ochiqlanmayotir.

Blog muallifi - o‘zbekistonlik mustaqil jurnalist Aleksey Volosevich bu yaxshi tashabbusni bo‘g‘maslik uchun ijtimoiy tarmoqlarda ish boshlagan guruh nomini oshkor qilmayotganini aytadi:

- O‘zbekistondagi yagona so‘rov o‘tkazuvchi markaz borligi va bu "Ijtimoiy fikr" markazining buyurtma asosidagi so‘rovlari, O‘zbekistonda aholining 96 foizi hukumat siyosatini to‘liq quvvatlaydi, degan yolg‘onlaridan zerikkan ayrim kishilar ijtimoiy tarmoqlardan birida o‘zlarining mustaqil so‘rovini o‘tkazishga qaror qilishdi. Agar ularning kimligini ochiqlasak, shu zahotiyoq ularning sahifasi blok qilinadi va fuqarolik jamiyatining bunday nodir tashabbusi bo‘g‘iladi. Zero, bunga ko‘p bor guvoh bo‘lganmiz, - deydi Volosevich.

Jurnalist so‘rov natijalari o‘ziga yo‘llangani va ishtirokchilar davlat nazorati ostidagi "Ijtimoiy fikr" markaziga parallel ravishda, mustaqil tarzda o‘tkazilgan natijalardan jamoatchilikni xabardor qilishni so‘raganini aytadi:

- Agar xotiram pand bermayotgan bo‘lsa, O‘zbekistondagi yagona "Ijtimoiy fikr" markazi eng aktual bo‘lib turgan korrupsiya sohasida yaqin-atrofda so‘rov o‘tkazmagan. Har holda men eslolmayapman. Rasmiy matbuot ham bu haqda qariyb gapirmaydi. To‘g‘ri, keyingi paytda poraxo‘r amaldorlar ushlandi, sudlandi, mazmunida xabarlar ko‘paygan. Lekin bular, asosan, tuman darajasidagi amaldorlar, uzog‘i bilan tuman hokimi darajasidagi amaldorlardir. Yoki bo‘lmasam, maxsus buyurtma asosida onda-sonda tanqid qilinadigan viloyat hokimlari bo‘lishi mumkin, - deydi Volosevich.

Jurnalistga ko‘ra, mustaqil tarzda o‘tkazilgan so‘rov metodi judda oddiy - ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilariga savollar berilgan va ular javoblarni belgilagan hamda o‘z javoblarini sharhlagan. Hozircha bu so‘rovda bir necha yuz ishtirokchi qatnashgani aytilmoqda.

"Ijtimoiy fikr" korrupsiyani o‘rgangan

"Ijtimoiy fikr" markazidan olingan ma’lumotga ko‘ra, markaz har yili aynan korrupsiya masalalariga bag‘ishlangan so‘rov o‘tkazadi.

Markaz rahbariyati so‘rovlar erkin o‘tkazilishi va respondentlar ham mutlaqo tasodifiy tarzda tanlanishini aytadi.

Aynan korrupsiya masalasida shu kunlarda ushbu markaz ham so‘rov o‘tkazayotgani va uning natijalari may oyi yakunida matbuotga e’lon qilinishi aytildi.

Mustaqil sotsiologlar “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazini ilmiy muassasa sifatida tan olmaydi. Ular fikricha, mazkur markaz hokimiyatning buyurtmasini bajaradigan idoradir.

XS
SM
MD
LG