Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:04

Hukumat shartnomani bajarmagan fermerni jazolashni kuchaytirdi


O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish shartnomasini bajarmagan fermerlar topshirilmagan mahsulot qiymatidan 30 foiz miqdorida jarima to‘laydigan bo‘ldi. Ayni paytda, topshirilgan mahsulot uchun haq to‘lamagan tashkilotlar ham jarima to‘laydigan bo‘ldi.

O‘zbekistonda shartnomada belgilangan planni bajarolmagan fermerlarga nisbatan jarima miqdori ko‘paytirildi.

Hukumat qaroriga ko‘ra, agar fermer shartnomada ko‘rsatilgan mahsulotni topshirishdan bo‘yin tovlagan yoki topshira olmagan bo‘lsa, ana shu topshirilmagan mahsulotining 30 foizlik narxi miqdorida jarima to‘laydi. Bundan avval jarima miqdori 25 foiz bo‘lgan.

Yangi qarorda aytilishicha, xo‘jaliklar mahsulotlarini qabul qilmagan tayyorlov idoralari esa, qabul qilmagan mahsulotning 20 foizlik narxi sifatida jarima to‘laydi.

Ismi sir qolishini so‘ragan sirdaryolik fermerlardan biri, bunday jarimalar avval ham bo‘lgani, lekin tayyorlov idoralari shartnoma qanday ob’ektiv sabablar bilan bajarilmay qolganini e’tiborga olmagan holda, jarima solib kelganini aytadi:

- Jarimani 30 foizgacha oshirgani, bizga yanada qiyin bo‘ldi¸ deganidir. Eng avvalo¸ shartnomani hech qaysi fermer o‘z ixtiyori bilan bajarmay qolmaydi. Hech kim zarariga ishlamaydi. Lekin shartnoma bajarilmay qolsa, uning bajarilmasligining ob’ektiv sabablari bilan hech kim qiziqmaydi. Mana, kuni-kecha bug‘doyga suv qo‘yilayotganda juda qattiq shamol bo‘lib, 15-20 foiz bug‘doyni yotqizib tashladi. Bu hosildorlik kamayadi¸ degani. Qishloq xo‘jaligi bo‘limidan mutaxassislarni chaqirib ko‘rsatdik. Men bilmayman, planni berasan deydi. Bu doim shunday, paxta yoki bug‘doy suvsiz qoladimi, do‘l urib ketadimi, ularga farqi yo‘q, shartnomadan bir tsentner ham kamaytirishmaydi. Masalan, 2008 yilda suv bo‘lmadi. Rejani bajarolmadik, aybdor biz emas, suv yetkazib bermagan tashkilot edi. Lekin qarzni bizning bo‘ynimizga urgan, haligacha o‘sha qarzdan qutulganimiz yo‘q, deydi fermer.

Farg‘ona viloyati Furqat tumanida fermerlik qilayotgan Ochil Begmatov fikricha, xo‘jaliklar va tayyorlov idoralari o‘rtasidagi shartnomalarning bajarilmay qolayotganida fermerlarning ham aybi bor:

- Agar fermer yaxshi ishlasa, albatta¸ bir narsa oladi. Masalan, menda agar tabiiy ofat sababmi yoki boshqa sababmi hosilim bo‘lmay qolsa, qishloq xo‘jaligi va sug‘urta tashkiloti vakillarini chaqirtirib, vaqtida hujjatlashtirib qo‘yaman. Keyin hosil kam bo‘lsa, hech kim hech narsa deyolmaydi. Bizda ko‘pchilik fermerlar esa ana shu oddiy narsalarni tushunmaydi. Fermerlar o‘zlari avval o‘z huquqlarini va qonunni bilishi kerak. Masalan¸ ular pul to‘lashdan qochib suv yetkazib beruvchi tashkilotlar bilan shartnoma tuzmaydi. Bizda 50 foiz fermer shunday. Ularning ko‘pini bilaman, o‘g‘itni sotadi, yonilg‘ini sotadi, yeridagi daraxtlarni kestirib sotadi va yerni harom-halish qilib, qulog‘igacha qarzga botib, keyin Rossiyaga qarab qochadi. Yerni olgandan keyin vijdonan ishlash ham kerak, dedi Ochil Begmatov.

Ozodlik bu qarorga oid batafsil ma’lumot olish uchun O‘zbekiston Fermerlar kengashi bilan bog‘landi. Kengash huquqshunosi Chorixon Qodirov barcha savollarga faqat maktub orqali javob bera olishini aytdi.

O‘zbekiston prezidenti 12 aprelda imzolagan "Meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorga binoan 2016 yilgi hosildan boshlab ho‘l meva-sabzavot, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzum xarid qilish bo‘yicha davlat buyurtmasi joriy etildi.

Kuzatuvchilarning aytishlaricha, bu qaror, Rossiya bilan katta shartnomalar imzolab kelgan prezidentning ishonchini oqlashga va asosan, meva va sabzavot yetishtiruvchi fermerlarning shartnomalarni to‘la bajarishini ta’minlashga qaratilgan.

Sobiq ittifoq davrida mamlakat qishloq xo‘jaligining asosi bo‘lgan kolxoz va sovxozlar mustaqillik yillarida batamom tugatilib, ularning o‘rniga fermer xo‘jaliklari tashkil qilingan edi.

Biroq fermerlar mustaqil faoliyat yuritmay, yuz foiz davlat qo‘ygan rejalarni bajarishga mahkum etilgan xo‘jalik tizimi bo‘lib qoldi.

XS
SM
MD
LG