Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:33

Yolg‘iz o‘g‘li Rossiyaga ketgan ona o‘z joniga qasd qildi


Ayol o‘zini Pop tumani Chodak qishlog‘idan oqib o‘tuvchi mana shu soyga tashlagan.
Ayol o‘zini Pop tumani Chodak qishlog‘idan oqib o‘tuvchi mana shu soyga tashlagan.

Namangan viloyati Pop tumani Chodak qishlog‘ida yashab kelgan 50 yashar ayol sel kelayotgan soyga o‘zini tashlab joniga qasd qildi. Voqea tafsilotlaridan xabardor manbalarga ko‘ra, yolg‘iz o‘g‘li Rossiyaga ishga ketgan bu ayol kelini bilan chiqishmay¸ qattiq depressiyaga tushgan.

Pop tumani Chodak qishlog‘ida yashagan 50 yashar Dilbar Rustamova 12 may kuni tong saharda o‘zini sel kelayotgan soyga tashladi.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan poplik manbaga ko‘ra, ayolning o‘z joniga qasd qilishiga kelini bilan janjali sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin:

“Dilbar opa tong sahar soat to‘rtlarda o‘zini soyga otgan. Opa o‘zi beva ayol bo‘lib, Islom ismli yolg‘iz o‘g‘li Rossiyada mehnat muhojirligida bo‘lgan. Odamlarning aytishlaricha, kelini bilan juda ko‘p janjal qilgan va qo‘ni-qo‘shnilar aksariyat kunlarda uni tushkun holatda ko‘rishgan ekan. Endi uning o‘z joniga qasd qilishiga kelini bilan bo‘lgan janjallar sabab bo‘lganmi yoki u ruhiy depressiyaga tushganmi, buni yolg‘iz Xudo biladi. Opaning murdasi soyning dambasiga borib, ilinib qopti. O‘sha yerdan chiqarib olishdi”, deydi manba.

Pop tuman hokimiyatida ishlaydigan Ozodlik manbasi shunday voqea bo‘lganini tasdiqladi:

“O‘g‘liga xabar berilipti, yo‘lga chiqqan emish. Opaning nima sababdan o‘zini soyga tashlagani aniq sabablari hozircha ma’lum emas. Voqeani tuman prokuraturasi o‘rganayapti”, dedi mulozim.

So‘nggi paytda o‘z joniga qasd qilaëtganlar soni O‘zbekiston¸ qolaversa qo‘shni davlatlarda ko‘payib bormoqda.

O‘zbekistondagi “Ezgulik” inson huquqlari tashkilotiga ko‘ra, Samarqand shahri, Urgut, Bulung‘ur, Kattaqo‘rgon tumanlarida shu yilning birinchi choragida o‘z joniga qasd qilish bilan bog‘liq 60dan ortiq holat qayd etilgan.

O‘tgan yilning iyul oyida Dushanbe shahrida eri “uch taloq” qilgan ayol uch bolasi bilan o‘zini daryoga tashlagan, odamlar ayolni qutqarib qolishga muvaffaq bo‘lgan, lekin uning uch farzandi cho‘kib, nobud bo‘lgan edi.

Joriy yilning boshida yana bir tojikistonlik ayol ikki farzandi bilan o‘zini Vaxsh daryosiga g‘arq qilgan edi.

XS
SM
MD
LG