Линклар

Шошилинч хабар
02 май 2024, Тошкент вақти: 02:15

Rossiya prokurorlari yana muxolifatchi Navalniy iziga tushdi


Rossiya prokurorlari davlatga qarashli kamida ikki shirkatdan muxolifatchi Aleksey Navalniy qo‘l urgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan noqonuniy ishlar haqida ma’lumot berishni so‘ragan. Navalniyning o‘zi bunday so‘rov boshqa bir necha shirkatga ham yuborilganini aytdi.

28 aprel kuni yuborilgan rasmiy maktubda Bosh prokuraturaning yuqori lavozimli rasmiysi davlatga qarashli “Aeroflot” shirkati direktoridan Navalniy “qo‘l o‘rgan har qanday noqonuniy harakatlar” haqida ma’lumot berishni so‘ragan. Navalniy 11 may kuni ushbu maktub nusxasini o‘z saytida e’lon qildi.

“RBK” gazetasining xabar berishicha, ismi oshkor qilinmagan Bosh prokuratura xodimi xatning haqiqiy ekanligini tasdiqlagan. Gazetaga ko‘ra¸ ayni mazmundagi so‘rov davlatga qarashli“Rosneft” shirkatiga ham yuborilgan.

Davlat tizimlaridagi korruptsiyani fosh qilish bilan shug‘ullanib kelayotgan Navalniy “Aeroflot” direktorlar kengashi a’zosi bo‘lgan.

Navalniy Putin hokimiyatidagi qudratli shaxslardan biri Igorь Sechin rahbarlik qiluvchi“Rosneft”ni bir necha marta korrupsion shartnomalarni imzolashda ayblagan.

Rossiya rasmiylari muntazam ravishda Navalniyni mo‘ljalga olib keladi. Muxolifatchi 2011-12 yillarda bo‘lib o‘tgan aksilhukumat namoyishlarni uyushtirishda muhim rol o‘ynagan.

Hozirgi kunda Navalniy moliyaviy jinoyatlar uchun ikki shartli jazo muddatini o‘tamoqda. Muxolifatchi va uni qo‘llovchilar bu ayblovlar ortida siyosiy sabablar bor, deb ishonishadi.

Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi fevral oyida Navalniyga qarshi ochilgan ishlarning birida uning adolatli sud muhokamasiga bo‘lgan huquqi buzilgan, deb topdi va Rossiya hukumatini Navalniyga 56 ming yevro to‘lashga buyurdi. Rossiya sudning bu hukmidan norozi ekanini va shikoyat arizasini berishini bildirdi.

Navalniy o‘z saytida prokurorlar o‘zi korrupsiyada ayblab, tergov qilgan boshqa shirkatlarga ham bunday xat yuborishgani haqida yozdi. Bu shirkatlar orasida “VTB”, “Gazprom”, “Transneft” shirkatlari bor.

“RBK” gazetasining xabar berishicha, federal prokuratura ichidagi manba Navalьniy qo‘l urgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan qonunbuzarliklar haqida ma’lumot so‘rab o‘nlab shirkatga murojaat qilinganini aytgan.

XS
SM
MD
LG