Линклар

Sochida 2014 yilda o‘tgan Olimpiada o‘yinlarida sovrinli o‘rinlarni egallagan sportchilardan kamida 15 nafari Rossiya hukumati tomonidan boshqarilgan doping dasturining bir qismi bo‘lgan.

Bu haqda 12 may kuni New York Times gazetasi Rossiya antidoping labaratoriyasining sobiq direktori Grigoriy Rodchenkovga tayangan holda xabar tarqatdi.

Rodchenkov gazetaga laboratoriya direktori bo‘lib turgan paytda taqiqlangan moddalardan kokteyl ishlab chiqqanini va bu kokteyl rus sportchilarga ichirilganini aytib bergan.

Rodchenkovga ko‘ra, Rossiya antidoping labaratoriyasi va razvedka xizmati xodimlari kamida yuz nafar sportchining analizini doping ichilguniga qadar bo‘lgan analizlarga yashirincha almashtirish bilan shug‘ullangan.

Ayni paytda Los Anjelesda yashayotgan Rodchenkov bergan ma’lumotlarni Rossiya sport vaziri Vitaliy Mutko “nonsens”, deb atadi. U TASSga bergan intervyusida mazkur ayblovlar jiddiy bo‘lgani munosabati bilan xalqaro antidoping tashkilotni “zudlikda tergov o‘tkazishga chaqirdi”.

Rossiya sportchilarining doping iste’mol qilgani to‘g‘risida bir necha oy oldin boshlangan xalqaro janjal ortidan Rossiya dopingga qarshi kurash agentligi vakolati bekor qilingan va Moskva o‘z sportchilarining joriy yil avgustida Braziliyaning Rio de Janeyro shahrida o‘tkaziladigan Yozgi Olimpiya o‘yinlariga qo‘yilishi uchun qo‘yilgan talablarni bajarishga zo‘r berib harakat qilmoqda.

XS
SM
MD
LG