Линклар

Toshkent qarshi chiqayotgan CASA-1000 loyihasini amalga oshirish boshlandi


CASA-1000 loyihasining rasman boshlanishi marosimi. Suratda (chapdan o‘ngga): Qirg‘iziston bosh vaziri So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov,Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon, Pokiston bosh vaziri Navoz Sharif,Afg‘oniston bosh vaziri Abdulla Abdulla.

CASA-1000 loyihasining rasman boshlanishi marosimi. Suratda (chapdan o‘ngga): Qirg‘iziston bosh vaziri So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov,Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon, Pokiston bosh vaziri Navoz Sharif,Afg‘oniston bosh vaziri Abdulla Abdulla.

Dushanbeda 12 may kuni Toshkent qarshi chiqayotgan CASA-1000 loyihasini amalga oshirish rasman boshlandi. Loyihaning boshlanishi munosabati bilan o‘tkazilgan rasmiy marosimda Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon, Qirg‘iziston bosh vaziri So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov, Afg‘oniston bosh vaziri Abdulla Abdulla, Pokiston bosh vaziri Navoz Sharif ishtirok etdi.

Tojikiston va Qirg‘izistonga umid baxsh etgan loyiha

CASA-1000 loyihasi doirasida Tojikiston va Qirg‘iziston elektr energiyasini Afg‘oniston hamda Pokistonga sotish nazarda tutiladi. Rasmiy tadbirda bu haqda gapirgan Emomali Rahmon, jumladan, mana bularni aytdi:

- Bu yuqori kuchlanishli liniya orqali Janubiy Osiyo mamlakatlari yiliga Tojikiston va Qirg‘izistondan 5 milliard kilovatt soatgacha bo‘lgan miqdorda ekologik toza elektr energiyasini sotib olishlari mumkin bo‘ladi.

Loyihaning umumiy qiymati 1 milliard 170 million dollar bo‘lib, Qirg‘iziston va Tojikistondan Afg‘oniston orqali Pokistonga 1222 kilometr uzunlikda yuqori kuchlanishli elektr tarmog‘i barpo etiladi.

Loyiha Jahon banki, Islom taraqqiyot banki, AQSh xalqaro taraqqiyot agentligi, AQSh Davlat departamenti, Britaniya xalqaro hamkorlik vazirligi, Avstraliya xalqaro taraqqiyot agentligi tomonidan moliyalashtiriladi.

Afg‘oniston elektr energiyasi sotib olish fikridan voz kechdi

11 may kuni Dushanbeda o‘tgan CASA-1000 anjumanida Afg‘oniston loyiha doirasida Tojikiston va Qirg‘izistondan elektr energiyasi sotib olish fikridan voz kechganini ma’lum qildi:

- Agar biz CASA-1000 loyihasi asosida elektr energiyasini sotib oladigan bo‘lsak, u holda uzoq yillar davomida Markaziy Osiyoga energetik qaram bo‘lib qolamiz. Ayni paytda bizda gidroenergetik zahiralar va sarmoyalar mavjud. Bugungi kunda Kobul energetik mustaqillikka erishish strategiyasini ishlab chiqqan, - dedi Afg‘oniston energetika va suv ta’minoti vaziri Ali Ahmad Usmoniy.

Unga ko‘ra, AFg‘oniston loyihada tranzit mamlakat sifatida ishtirok etadi. Afg‘oniston orqali Pokistonga tranzit qilingan elektr energiyasi uchun Kobul yiliga 45 millon dollar haq oladi.

O‘zbekiston loyiha mintaqa iqtisodi uchun halokatli ekanini aytmoqda

O‘zbekiston CASA-1000 loyihasi mintaqa iqtisodi va ekologiyasi uchun halokatli bo‘lishini bildirib, qarshilik ko‘rsatib kelmoqda.

O‘zbekistonlik mutaxasislarning bildirishlaricha, 1910 yildan 2009 yilgacha olib borilgan har oylik kuzatishlar tahlil qilinganida, aslida Tojikiston va Qirg‘iziston yiliga o‘rta hisobda 3 milliard kilovat soatdan ko‘proq elektr energiya defetsitiga ega ekani aniqlangan. 1974-1986 yillardagi kamsuvlik davrida esa bu defetsit yiliga 5,5 milliard kilovat soatni tashkil qilgan. O‘zbek mutaxasislari, Tojikiston va Qirg‘izistonda ortiqa energiya resusrlari mavjud emas hamda bu ikki davlat CASA-1000 loyihasi bo‘yicha majburiyatlarini bajara olmaydi, degan xulosaga kelgan.

O‘zbekistonlik ekspertlar, shundan kelib chiqqan holda, CASA-1000 loyihasini amalga oshirilishi Tojikistonning Rog‘un GESi, Qirg‘izistonning esa Qambarota 1 GESi qurilishi bilan uzviy bog‘liq ekanini aytmoqdalar. O‘zbekiston tomoni fikricha, mazkur qurilishlarning amalga oshirilishi mintaqa suv xo‘jaligi hamda ekologiyasiga katta miqdorda zarar yetkazadi.

Dushanbe va Bishkek nuqtai nazari

Dushanbe va Bishkek rasmiylari esa O‘zbekiston ekspertlarining xulosalari siyosiy asoslarga ega, deb hisoblamoqda. Tojikiston va Qirg‘iziston tomoni O‘zbekiston Pokiston va Afg‘oniston energetika bozoriga qo‘shnilarini kiritmaslik uchun mana shunday pozitsiyada turibdi, degan nuqtai nazarni bildirib kelayotir.

Bugungi kunda Afg‘onistonga eksport qilinayotgan elektr energiyasining asosiy qismi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keladi. O‘tgan yilning dekabrida O‘zbekiston hukumati Afg‘onistonga sotiladigan elektr energiyasi miqdori 10 foizga ko‘paytirilishi haqida bildirgan edi.

XS
SM
MD
LG