Линклар

“GM Uzbekistan” ta’minot tizimi direktori o‘rinbosari 70 ga yaqin fuqaroni chuv tushirdi. Xalq banki”ning Qashqadaryo viloyati rahbari 564 million so‘mlik kreditni o‘mardi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida yozdi.

“GM Uzbekistan” shirkati ta’minot tizimi direktori o‘rinbosari 70 ga yaqin fuqaroni chuv tushirdi”

“GM Uzbekistan” kompaniyasi ta’minot tizimi direktori o‘rinbosari Ravshan Iskandarov avtomobil olib berish va’dasi bilan 68 nafar fuqaroni chuv tushirdi (“Huquq”, 12 may).

R.Iskandarov 2012-2014 yillarda turli rusumdagi avtomobillarni ma’lum vaqtda olib beraman deya, fuqarolardan qariyb 667 ming dollar va 65,1 million so‘m mablag‘ yiqqan.

Bu borada unga to‘rt marta sudlangan tanishi Zaynobiddin Nizomov ko‘maklashgan. Ammo yig‘ilgan pullar o‘zlashtirilib, va’da bajarilmagan.

Qayd etilishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Anjidon viloyat sudi sudlanuvchilarga jazo muqarrarligini ta’minlagan.

“O‘zbekistonda ajrashishlarning deyarli yarmi er-xotin xarakteri to‘g‘ri kelmagani bois ro‘y bermoqda”

O‘zbekistonda 2015 yilda qayd etilgan ajrashishlarning 46 foizi er-xotin xarakterining to‘g‘ri kelmagani oqibatida ro‘y bergan (“Oila davrasida”, 12 may).

Shu bilan birga, o‘zaro tushunmovchiliklar (36,5 foiz), giyohvandlik moddalari iste’mol qilish (1,9 foiz), spirtli ichimliklar ichish (3,8 foiz), farzandsizlik (1,9 foiz) va rashk (1,9 foiz) ham oilalar buzilishiga sabab bo‘lmoqda.

Ajrashayotganlarning aksari 1-4 yilgacha (32,7 foiz) va 5-9 yilgacha (31 foiz) yashagan oilalardir. Shuningdek, ajrashayotganlarning 61,5 foizi bitta, 26,9 foizi ikkita farzandli ekani qayd etilgan.

“Xalq banki”ning Qashqadaryo viloyati rahbari boshchiligida jinoiy guruh 564 million so‘mlik kreditni o‘mardi”

“Xalq banki”ning Qashqadaryo viloyati rahbari Yusuf Arziqulov boshchiligidagi jinoiy guruh moliyaviy nayranglar vositasida 564 million so‘mlik kreditni o‘zlashtirgani fosh qilindi (“Darakchi”, 12 may).

Mazkur jinoiy ishda viloyat filiali rahbariga uning muovini Sobir Iskandarov, opertsion bo‘lim boshlig‘i Yoqubjon Mamashoev, kredit bo‘limi boshlig‘i Hamza Nazarov va boshqalar yordam bergan, moliyaviy nayranglarda jami 20 dan oshiq shaxs va o‘nlab firma qatnashgan.

Jinoiy to‘da tanish-bilishlar orqali o‘nlab fuqarolarning pasportini qo‘lga kiritib, ular nomiga kredit rasmiylashtirgan. Mahalla raislari bankirlarga kredit rasmiylashtirilayotgan fuqarolarning kam ta’minlangani haqidagi soxta ma’lumotnomalarni “qarsillatib yozib bergan”.

Shu tariqa 222 kishi o‘zi bilmagan holda bankdan qarzdor bo‘lib qolgan. Shu bilan birga, “Xalq banki” viloyat filiali rahbari Yu.Arziqulov 17 milliard so‘mdan oshiq lizing bitimlarini noqonuniy rasmiylashtirishga ham bosh-qosh bo‘lgan.

Qayd etilishicha, jinoiy guruhning barcha a’zolari qo‘lga olindi va sud jarayonida barcha aybiga iqror bo‘ldi.

XS
SM
MD
LG