Линклар

logo-print

Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumanidagi barcha maktab, bog‘cha o‘qituvchi va tarbiyachilari qo‘shni tumanga g‘o‘za chopig‘iga safarbar etildi. Ozodlik manbalariga ko‘ra, hasharchilar yotog‘i bilan o‘n kunlik chopiqqa jo‘natilgan. Rasmiylar, o‘qituvchilarning majburiy mehnatga jalb etilganini tasdiqlar ekan, bu haqdagi buyruq Qoraqalpog‘iston Vazirlar Mahkamasidan bo‘lganini aytdi.

Mo‘ynoq tumanidagi barcha maktab, bog‘cha va maktabgacha bo‘lgan muassasa o‘qituvchi va tarbiyachilaridan tashkil etilgan maxsus hasharchilar guruhlari Qonliko‘l tumani dalalariga g‘o‘za chopig‘iga safarbar etildi.

Har bir maktab va bog‘chadan tashkil etilgan hasharchilar guruhlari ko‘rpa-yostiqlari bilan o‘n kunlik yotoqqa jo‘natilgan.

Mo‘ynoq tumanining Lomonosov nomli 1- umumta’lim maktabida ishlaydigan o‘qituvchi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda, g‘o‘za chopig‘i o‘qituvchilar uchun majburiy qilib qo‘yilganini aytdi:

“Fermerning nima ishi borki, chopiq qilishmi, paxta terishmi baloga qolgan o‘qituvchilar bo‘lyapti. O‘tgan yil ham shu payt chopiq qilganmiz, kuzda paxta terganmiz. Hamkasblarimiz bir guruh bo‘lib, o‘zlarining yonidan “Gazel” yollab, yo‘lkirasiga 10 ming so‘mdan berib, 80 kilometr uzoqlikdagi Qonliko‘l tumaniga bugun jo‘nab ketishdi. O‘n kundan so‘ng navbatdagi o‘n kishilik guruh ketadi”, dedi o‘qituvchi.

Ismi sir qolishini so‘ragan bog‘cha tarbiyachilaridan birining aytishicha, chopiqdagi xarajatlar ham o‘z yonlaridan bo‘ladi:

“Insofliroq biror fermerga tushib qolsak yaxshi, choy-poy qilib berib turadi. Bo‘lmasa ovqatimizni ham o‘zimizning hisobimizdan qilamiz. Aqalli, yo‘lkirani ham berishmaydi. Oyliklarimiz esa faqat plastikda. Uni naqd qilish uchun 13-15 foizidan kechishga majbur bo‘lyapmiz”, dedi tarbiyachi.

Mo‘ynoq tumani hokimligining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, o‘qituvchi va tarbiyachilarning g‘o‘za chopig‘iga majburan safarbar etilganini tasdiqladi:

“Bu bizning xohishimiz emas. Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashidan har bir hokimga berilgan og‘zaki buyruq. Biz ham o‘qituvchilarning o‘z ishlarini qilishini istaymiz. Lekin, buyruqni bajarish kerak. Bo‘lmasa yomon bo‘ladi”, dedi hokimiyat mulozimi.

O‘zbekistonda byudjet tashkilotlari ishchi-xodimlarining dala ishlariga majburiy safarbar etilishi har yili kuzatiladi.

Jumladan, joriy yil may oyining boshida Toshkent viloyati Angren shahridagi tashkilot va korxonalarning ishchi-xizmatchilari g‘o‘za chopig‘iga haydaldi. Angrenlik ishchilarga ko‘ra, chopiqqa chiqmaganlarga ishdan haydash bilan tahdid qilinmoqda.

O‘tgan yili ham davlat korxonalari ishchi-xizmatchilaridan tortib talabalargacha g‘o‘za chopig‘i va yaganasiga jalb etilgan va talabalardan chopiq uchun pul yig‘ish holatlari ham kuzatilgan edi.

Xalqaro tashkilotlar O‘zbekiston hukumatini majburiy mehnatga chek qo‘yishga chaqirib keladi. Jahonning yuzdan oshiq shirkati rasmiy Toshkentni bunga undash maqsadida majburiy mehnat mahsuli bo‘lgan o‘zbek paxtasiga boykot e’lon qilgan.

XS
SM
MD
LG