Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 23:14

HRU: O‘zbekiston hukumati Andijon qirg‘ini uchun javob berishi kerak


Bugun Andijon xunrezligining 11 yilligi xotirlanmoqda. Xalqaro tashkilotlar e’lon qilgan bayonotlarda jahon hamjamiyati 11 yil avvalgi qatliom uchun O‘zbekistonni javobgarlikka tortishga chaqiriladi. Huquq faollari 13 may voqealari ortidan O‘zbekiston hukumati boshlagan repressiyalar hamon avj olishda davom etayotganini aytishadi. 2005 yil 13 may kuni Andijon shahrida asosan qurolsiz namoyishchilarning hukumat qo‘shinlari tomonidan o‘qqa tutilishi oqibatida rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 187 odam halok bo‘lgan. Norasmiy manbalar o‘ldirilganlar soni 500dan 1500 nafargacha ekanini aytishadi.


AQShning Toshkentdagi elchixonasi ham 13 may kuni 11 yil avval Andijonda ro‘y bergan voqealarni xotirlab, “fojia paytida va uning oqibatida aziyat chekkanlarga chin yurakdan hamdardlik” bildirdi. Qo‘shma Shtatlar tinchlik va barqarorlikning eng to‘g‘ri vositasi sifatida o‘zaro totuvlik, barcha fuqarolar huquqlariga nisbatan mas’uliyat va hurmat bildirilishini muntazam ravishda rag‘batlantiradi, deyiladi qisqa bayonotda.

AQShdan boshqa davlatlar elchixonalari Andijon voqealari 11 yilligi munosabati bilan bayonot e’lon qilgani yo‘q. Ayni paytda xalqaro huquq tashkilotlari jahon hamjamiyati, birinchi navbatda G‘arb davlatlarini 2005 yil 13 may kungi voqealarni unutmaslikka chaqirdi.

Qo‘shma Shtatlar, Yevropa Ittifoqi va boshqa xalqaro siyosat ishtirokchilari Andijon qatliomidan 11 yil o‘tib O‘zbekiston hukumatini javobgarlikka chaqirishi lozim, deyiladi Hyuman Rayts Uotch tashkiloti bugun e’lon qilgan bayonotda. Tashkilot 2005 yil 13 may kuni O‘zbekiston hukumati qo‘shinlari asosan tinch aholidan iborat yuzlab namoyishchini o‘ldirganini ham eslatadi o‘z bayonotida.

“Oradan 11 yil o‘tib, Andijondagi qatliom va uning ortidan hukumatning o‘zgacha qarashning har qanday shakliga qarshi ayovsiz qatag‘oni O‘zbekistondagi ayanchli inson huquqlari vaziyatining timsoliga aylangan. Vashington, Yevropa Ittifoqi a’zolari va boshqa davlatlar O‘zbekiston hukumatini qatliom uchun hali ham javobgarlikka tortgani yo‘q, bu esa Toshkentning inson huquqlarini oyoq osti qilish amaliyotini odatiy holga aylanishiga hissa qo‘shdi”, deya bildirdi HRUning Markaziy Osiyo bo‘yicha tadqiqotchisi Stiv Sverdlov.

Juma kuni Fransiya va Norvegiyadagi bir qator tashkilotlar e’lon qilgan qo‘shma bayonotda ham 11 yil avval ro‘y bergan qonli voqealar O‘zbekiston hukumati bugun ham davom ettirayotgan repressiyalar manbasi bo‘lib qolayotgani ta’kidlanadi. Markaziy Osiyoda Inson huquqlari uyushmasi, Chegara bilmas muxbirlar, Norvegiya Helsinki qo‘mitasi, Inson huquqlari uchun xalqaro hamkorlik, Qiynoqlarni tugatish bo‘yicha nasroniylar harakati vakillari nomidan tarqatilgan bayonotda 13 may isyoni to‘g‘risida gapirish istagida bo‘lganlar O‘zbekiston hukumati ta’qiblariga duch kelayotganidan tashvish bildiriladi va xalqaro hamjamiyatdan Toshkent hukumati inson huquqlari vaziyatini yaxshilash borasida bosim o‘tkazish talab etiladi.

Ushbu bayonot mualliflaridan biri Markaziy Osiyoda Inson huquqlari uyushmasi rahbari Nadejda Otaeva Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekistonda avj olib borayotgan qatag‘onlarni to‘xtatish uchun BMT darajasida bu mamlakat bo‘yicha maxsus vakil tayinlanishi lozim, deya bildirdi:

- Bu fojia hech qachon unutilmasligi lozim, chunki ommaviy qatliom uchun javobgarlik muddati cheklanmagandir. Oradan 11 yil o‘tib ham O‘zbekiston hukumati haqiqatni xaspo‘shlash maqsadida qatliom guvohlarini ta’qib qilayotgani mamlakatdagi inson huquqlari vaziyati yomonlashuviga hissa qo‘shayotgan asosiy omillardan biridir. Shuning uchun BMT Inson huquqlari kengashi O‘zbekistondagi inson huquqlari vaziyatini monitoring qilish mexanizmini ishlab chiqishi, buning uchun O‘zbekiston bo‘yicha maxsus ma’ruzachini tayinlashi juda muhimdir,- deydi Nadejda Otaeva.

2005 yil 13 may kuni Andijonning Bobur maydonida ro‘y bergan voqealarda, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 187 odam halok bo‘lgan. Lekin huquq faollari beradigan norasmiy raqamlarga ko‘ra, 500 nafardan 1500 nafargacha namoyishchi o‘ldirilgani taxmin etilgan.

Nadejda Otaeva bu raqamlar xunrezlik guvohlari ko‘rsatmalariga asoslangan, deydi:

- Tashkilotlarimiz tomonidan so‘roq qilingan Andijon voqealari guvohlari ana shunday raqamlarni keltirishadi. Bilasiz, 11 yil davomida bu tashkilotlarning barchasi o‘zlarining alohida monitoringini o‘tkazgan va bu borada BMTga o‘z hisobotlarini topshirgan. Bu hisobotlardan kelib chiqib ana shu raqamlar, ya’ni o‘ldirilganlar soni 500 nafardan 1500 nafargachani tashkil etishi taxmin etiladi. Bu yerda ommaviy qirg‘in alomatlari borligi aniq. Lekin afsuski, aniq raqamlarni bilish uchun mustaqil xalqaro tergov boshlashning imkoni bugungi kunda yo‘q,- deydi Fransiyada muhojiratda yashayotgan huquq faoli Nadejda Otaeva.

2005 yil 13 may kuni tongda bir guruh qurollangan kishilar Andijon shahridagi qamoqxonaga bostirib kiradi. Ular Akramiy oqimiga aloqadorlik aybi bilan qamoqqa tashlangan 23 nafar tadbirkorni ozod qilishadi va hukumatga qarashli binolarni egallab olishadi. Keyingi kun davomida Andijonning markaziy Bubor maydoniga minglab qurolsiz odamlar to‘planadi. Ular hukumatdan ijtimoiy adolat o‘rnatilishi, iqtisodiy muammolar hal etilishi, siyosiy islohotlar o‘tkazilishini talab qilishadi.

Kechga yaqin hukumat qo‘shinlari Bobur maydoniga eltuvchi ko‘chalarni harbiy mashinalar bilan to‘sib qo‘yadi va namoyishchilarga qarata palapartish o‘t ochadi.

Yuzlab odamning qurbon bo‘lishiga olib kelgan voqealar ortidan xalqaro hamjamiyat O‘zbekiston hukumati harakatlarini qoralaydi hamda AQSh va YeI Toshkentga nisbatan sanktsiyalar joriy etadi. Sanksiyalar olib tashlanishi uchun qonli voqealar yuzasidan mustaqil xalqaro tekshiruv o‘tkazish talabi bajarilmaganiga qaramasdan oradan bir necha yil o‘tib jazo choralari bekor qilinadi.

2005 yil 13 may kuni Bobur maydonidagi namoyishchilardan 550 nafari qo‘shni Qirg‘izistonga qochib o‘tadi va keyinchalik AQShdan tortib Avstraliyagacha dunyoning turli davlatlaridan boshpana oladi.

Andijon isyoni ortidan yuzlab odam sud qilinib, qamoqqa tashlandi. Ularning bir necha o‘n nafari qamoqda qiynoqlar oqibatida nobud bo‘ldi.

Joriy yil yanvar oyida Ozodlik manbalari Andijon isyonini qamoqdan turib boshqargani va Akramiylar oqimi yetakchisi, deya iddao qilingan Akram Yo‘ldoshev 2010 yilda sil kasalidan o‘lganini ma’lum qilishdi.

2005 yil 13 may voqealari ortidan O‘zbekistonda boshlangan qatag‘onda o‘nlab huquq faoli, muxolifatchi va jurnalistlar turli ayblovlar bilan qamoqqa tashlandi.

XS
SM
MD
LG