Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:17

Andijonlik bolalarni oilasiga qovushtirgan chex jurnalistiga O‘zbekiston viza bermayapti


Andijonlik qochqinlarning O‘zbekistonda qolib ketgan bolalarini Chexiyaga olib kelgan va oilasiga qovushtirgan chexiyalik jurnalist Tomash Vlax Toshkent hukumati unga viza bermayotganini aytdi. Sakkiz yil avval u olti bola va bir ayolni Andijondan Chexiyaga olib kelgan edi.

Chexiyalik mustaqil jurnalist Tomash Vlax Ozodlik bilan suhbatda o‘shandan buyon O‘zbekiston hukumati unga viza bermayotgani va Toshkent uchun istalmagan shaxsga aylangan bo‘lishini aytdi.

– Hatto tranzit vizasini ham berishmayapti. Bir marta Afg‘onistonga Toshkent orqali uchmoqchi bo‘ldim. O‘zbekiston elchixonasidan tranzit vizasi so‘rab murojaat etganimda, oldiniga “beramiz, muammo yo‘q” deyishdi. Keyin, “qani viza”, desam “yo‘q” degan javob oldim. “Umuman bermaysizlarmi”, desam “ha” deyishdi. Hozir so‘rasam berishadimi, yo‘qmi, bilmayman, - deydi Vlax.

Ammo, jurnalist andijonlik qochqinlarga yordam qilganiga afsuslanmaydi.

– Hayotimdagi eng ezgu ish deb bilaman buni. O‘shanda bilganman bu ishim O‘zbekiston hukumatiga yoqmasligini. Lekin, qandaydir hukumat mendan xafa bo‘ladi, deb ota-onasidan yiroqda qolib ketgan bolalarga yordam qilmasligim kerak edimi? Bolalarga yordam kerak edi-da o‘shanda. Men uchun ularni oilasiga qovushtirish muhim edi. O‘zbekiston hukumati bir tomondan oila muqaddas ekanini aytib keladi, boshqa tomondan qochqinlarni farzandlarini garovga oladi. Bu aqlga sig‘maydigan xol edi. Keyin bilsak Andijondan qochib ketganlarni qaytarish uchun ular bolalari orqali bosim o‘tkazishgan. Qochqinlar orasida O‘zbekistonga qaytib borganlari ham bo‘ldi, qaytib borganlarida ayrimlari qamaldi. O‘shanda qochqin bolalarini bu yerga olib kelib, juda to‘g‘ri ish qilganimizga amin bo‘ldik, - deydi chexiyalik jurnalist.

2005 yilning mayida Andijonda hukumat kuchlari oddiy odamlarga o‘t ochishi ortidan 500ga yaqin o‘zbekistonliklar avvalo O‘sh, so‘ngra Ruminiya va u erdan uchinchi davlatlarga ko‘chirilgandi.

15 andijonlik qochqin Chexiyada boshpana topishgandi. Biroq ko‘plarining oila a’zolari Andijonda qolib ketishgandi. O‘shanda Chexiya hukumati ularni ota-onalari bilan birlashtirishga harakat qildi.

Bu natija bermagach chexiyalik jurnalist Tomash Vlax xalqaro tashkilotlar ko‘magida bolalarni Qirg‘iziston orqali Chexiyaga olib keldi, Praga aeroportida bolalarni ota-onalari qo‘liga topshirdi.

Chexiyalik jurnalist o‘shandan beri Andijondan olib kelingan bolalarni ko‘rmaganini aytadi.

– O‘shanda ota-onalari bolalarini bag‘riga olib yig‘laganini ko‘rdim. Ularni ko‘rib men ham yig‘laganman o‘shanda. Keyin xayrlashdik va o‘shandan beri ularni ko‘rmadim. Ular bilan uchrashishini juda istar edim, - deydi chexiyalik jurnalist Tomash Vlax.

XS
SM
MD
LG