Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 18:39

Chegarachi o‘qidan yaralangan baliqchi Tojikistonga qaytarilmayapti


So‘g‘d viloyatidagi o‘zbek-tojik chegarasi
So‘g‘d viloyatidagi o‘zbek-tojik chegarasi

Tojikistonning Panjakent tumanida istiqomat qiluvchi Jahongir Nosirov yaqinlarining iddao qilishicha, Jahongir baliq oviga chiqqanida o‘zbekistonlik chegarachilar uni Tojikiston hududida otib yarador qilgan va O‘zbekiston hududiga olib ketgan. Tojik rasmiylarining Jahongirni qaytarish uchun qilayotgan xatti-harakatlari ham samara bermayapti.

O‘zbekiston chegarachilari otib yaralagan, Panjakent tumanining Sarazm qishlog‘ida istiqomat qilgan 37 yashar Jahongir Nosirov bir yarim oydan buyon Samarqanddagi kasalxonada qolmoqda.

Jahongirning yaqin qarindoshi Ilhomning aytishicha, 26 mart kuni u Zarafshon daryosiga baliq oviga borganida, o‘zbek chegarachilari uni otgan:

- Jahongir aka kambag‘al oiladan. Har zamonda daryodan baliq ushlab tirikchilik qiladi. O‘sha kuni ovga borganida neytral hududda o‘zbekistonlik chegarachilar uni otib yarador qilgan va olib ketgan. O‘shandan buyon daragi yo‘q. Ota-onasi boray desa chegaradan o‘tkazishmapti. Toki O‘zbekistondan taklifnoma kelmasa va bu taklifnoma bilan Dushanbe shahridagi O‘zbekiston elchixonasidan viza olmaguncha o‘tkazmas ekan, dedi Ilhom.

Sarazm qishlog‘i mahalla oqsoqoli Orif Haqberdievning Ozodlikka aytishicha, o‘zbek chegarachilari Jahongirni Tojikiston hududida otib, olib ketishgan:

- Jahongir baliqqa qiziqardi. Uni daryoning bu betida otib, olib ketishgan. Chunki chegaradagi Zarafshon daryosining O‘zbekiston tomoni tog‘, u erda baliq tutishning imkoni ham yo‘q. Belidan o‘q yegan ekan deyishyapti. Jahongirni olib ketishganidan so‘ng, tojik chegarachilariga xabar berishgan. Tojikiston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi xodimlari borib hamkasblari bilan uchrashib keldi. Aytishlaricha, Jahongirning ahvoli ancha og‘ir, Samarqand shahridagi kasalxonalardan birida davolanyapti ekan, dedi mahalla oqsoqoli.

O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatiga qarashli Davlat chegaralarini qo‘riqlash qo‘mitasidan bu voqeaga izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

O‘zbekiston va Tojikistonni 1400 kilometrlik chegara ajratib turadi.

Ikki davlat o‘rtasida 2000 yilda viza tartibi joriy qilingan va chegara bo‘ylab tikansim tortilgan.

Biroq, chegaraoldi hududida yashovchi mahalliy aholi vakillariga ko‘ra, o‘zbek-tojik chegarasida hech qanaqa belgi qo‘yilmagan uchastkalar ham bor.

Bu esa ba’zan har ikkala davlat fuqarolarining bilmagan holda qo‘shni mamlakat hududiga o‘tib ketishiga sabab bo‘lmoqda.

O‘tgan yilning iyul oyida O‘zbekistonning Samarqand viloyati Urgut tumani bilan Tojikistonning So‘g‘d viloyati Panjakent tumani kesishgan joyda o‘zbek chegarachisi otgan o‘qdan ikki tojik fuqarosi halok bo‘lgan, uch nafari yaralangan edi.

XS
SM
MD
LG