Линклар

Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi o‘qituvchilardan "Navbahor" futbol jamoasi uchun yana pul yig‘ishga majburlanganiga oid shikoyat keldi. Tumandagi ikki maktab o‘qituvchisining tasdiqlashicha, hokimiyat umumiy o‘rta ta’lim maktablari zimmasiga o‘lpon solgan va bu summa o‘qituvchilardan 10-15 ming so‘mdan yig‘ilmoqda. Bu futbol jamoasi va uning uchun maxsus qurilgan stadion uchun majburiy yig‘imlar avval ham kuzatilgan.

Tumandagi umumiy o‘rta ta’lim maktablaridan birining Ozodlikka bog‘langan o‘qituvchisi ismi va maktab raqamini oshkor qilmaslikni so‘radi.

Uning da’vo qilishicha, tugayotgan hafta ichida Namangandagi "Navbahor" futbol jamoasi uchun", degan sabab bilan solingan 10 ming so‘mlik o‘lpon naqd pul ko‘rinishida talab qilingan:

"Men Namanganlik o‘qituvchiman. Hamma viloyat bo‘yicha maktab o‘qituvchilariga "Navbahor" futbol komandasini rivojlantirish uchun, deb plastik ham emas naqd pulda 10 ming so‘mdan to‘lov qilasanlar degan buyrug‘i bo‘ldi. Bu buyruq viloyat hokimining buyrug‘i emish, xudo biladi, bu naqd pul qaerga ketar ekan. Yaqinda majburiy ravishda komanda o‘yinlariga bir yil kirish huquqini beruvchi abonoment biletini sotib oldik maktabga, u ham 500 minga tushdi. Undan oldin ham pul o‘tkazgan edik, Navbahorga, deb. Bu 3-marta. Bir yilda uch marta rivojlantirmaymiz-ku axir?!" deb yozdi o‘qituvchi.

Maktubi ortidan muxbir bilan mikrofonsiz suhbatlashgan o‘qituvchi naqd pul yig‘ishga majburlanayotgan boshqa hamkasblari telefon raqamlarini ham berdi va ular ham shunday buyruq bo‘lgani, kelgusi hafta ichida o‘qituvchilardan pulni berish so‘ralganini tasdiqladilar.

Hozircha Ozodlik raqami oshkor qilinmayotgan maktablar va To‘raqo‘rg‘on hokimiyatidan bu borada biror ma’lumot ololgani yo‘q.

Ammo, Namangan viloyatida "Navbahor" futbol klubi va uning uchun maxsus qurilgan stadionga, degan sabab bilan viloyatdagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘qituvchilaridan pul yig‘ilgani bir necha bor kuzatilgan.

Xususan, Chortoq tumanidagi 33-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchilari viloyat markazidagi "Navbahor" stadioni uchun 16 ming 500 so‘mdan pul yig‘ishga majburlanganidan shikoyat qilgan. O‘shanda o‘qituvchilar pulni bermasa, ishdan bo‘shatilishidan ogohlantirilganini aytgan edi. Tuman xalq ta’limi bo‘limi va 33-sonli maktab direktori Asila Rahmonova bu summa tuman hokimining farmoyishiga ko‘ra, barcha maktab o‘qituvchilaridan yig‘ilayotganini tasdiqlagan, ammo buning ixtiyoriy yig‘im ekanini iddao qilgan.

2013 yili “Navbahor” klubiga atalgan zamonaviy talablar darajasidagi stadion qurilishi uchun ham viloyat hokimining og‘zaki buyrug‘i bilan o‘qituvchilardan tortib, “Damas” haydovchilarigacha “soliq” solingan va bu ham norozilikka sabab bo‘lgan edi.

Eski stadion o‘rnida qayta tiklangan yangi stadionni O‘zbekiston mustaqilligining 22 yilligiga taqdim qilish uchun 40 milliard so‘mdan ortiqroq mablag‘ sarflangan va bu summaning asosiy qismi davlat idoralari hamda mahalliy tadbirkorlardan yig‘ib olingani haqida shikoyatlar ko‘p bo‘lgan.

Ozodlik "Navbahor" futbol klubi ma’muriyatidan bu borada izoh olishga uringan. Yig‘imlarga majburiy tus berilganiga oid xabarlarni izohlamagan klub rasmiylari ular uchun pul o‘tkazish borasida viloyat hokimi 2015 yil boshida qaror chiqargani, qaror bajarilmay qolgani uchun o‘sha yili dekabr oyida hokim tashkilot va idoralarga qayta topshiriq berganini tasdiqlagan edi.

1974 yilda tashkil topgan “Navbahor” klubi 1992 yildan beri O‘zbekiston oliy ligasida muntazam ishtirok etib kelayapti. "Navbahor" o‘tgan davr mobaynida birgina 1996 yilda O‘zbekiston chempioni bo‘lgan. Qolgan chempionat bahslarida ko‘proq bronza medalini qo‘lga kiritgan.

“Navbahor” jamoasi 1999-2000 yillarda o‘tkazilgan Osiyo kubok egalari kubogining final bosqichida ishtirok etib, qit’ada to‘rtinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan.

XS
SM
MD
LG