Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 17:45

Yetakchi muharrirlar “RBK” media xoldingini tark etmoqda


Medvedev va RBK rahbariyati uchrashuvi, 2015 yil dekabr
Medvedev va RBK rahbariyati uchrashuvi, 2015 yil dekabr

Uch yetakchi muharrir Rossiyaning “RBK” media xoldingini tark etdi. Xolding keyingi yillarda Rossiyaning biznes hamda siyosiy elitalari, jumladan, Vladimir Putinning yaqin do‘stlari va qarindosh-urug‘i haqida tahliliy maqolalar e’lon qilib nom chiqargan.

“RBK” direktori Nikolay Molibog 13 may kuni xoldingning bosh muharriri Yelizaveta Osetinskaya, “RBK” gazetasi muharriri Maksim Solyus hamda “RBK” xabar agetnligining muharriri Roman Badanini “shirkat kelajagi haqida bir fikrga kela olmaganlari uchun 13 may kunidan boshlab shirkatni tark etishdi”, dedi.

“RBK”ni 2010 yilda millarder tadbirkor Mixail Proxorov sotib olgan. Proxorov yetakchiligida xolding o‘zining jurnalistik surishtiruvlari bilan nom chiqardi.

Bu esa Kremlni bezovta qilib keladi. O‘tgan yilda xakerlar Molibog hamda Kreml rasmiysi o‘rtasidagi SMS muloqotni oshkor qildi. SMS xabarlardan Ukrainadagi hodisalarning “RBK”da yoritilishi matbuotni nazorat qiluvchi yuqori lavozimli rasmiylarga xush kelmaganini anglab olish mumkin.

Molibog bu xabarlarning haqiqiy ekanligini tasdiqladi. Ularning birida Kreml rasmiysi ayirmachilar bilan Kiev kuchlariga qarshi kurashayotgan Rossiya askarlari haqidagi “RBK” maqolasni “dahshatli” deya ta’riflagan.

Uch muharrirning shirkatni tark etgani hayratlanarli emas, chunki ko‘pchilik “RBK” nashrining erkin fikrlashi Kremlga ma’qul kelmagan, deb hisoblaydi. Endilikda Kreml “RBK”ning faoliyatini yanada cheklash niyatida ekanligi xavotirga sabab bo‘lmaqoda.

Markazi Rigada bo‘lgan “Meduza” xabar portali 13 may kuni e’lon qilgan bosh maqolada “Keyingi yillarda Rossiyada mustaqil jurnalistika yo‘q qilindi. So‘nggi ikki yil ichida esa “RBK” o‘zining yuqori sifatli surishtiruvlari va obro‘si bilan Rossiyadagi eng muhim erkin nashrga aylandi. Bugun ko‘z oldimizda haqiqiy mo‘’jizani barbod qilishdi”, deyiladi.

Osetinskaya va Badanin 13 may kuni shirkatni tartk etishgani sababini sharhlashdan bosh tortishdi.

Osetinskaya uni qo‘llayotgan odamlarning juda ko‘p ekanligi “Barchasi zoe ketmaganini anglatadi”, dedi.

“Interfaks” agentligining xabar berishicha, Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov 13 may kuni “RBK” muharrirlarining tark etishi siyosat yoki Kremlning tazyiqi bilan bog‘liq emasligini aytgan.

Xabarlarga ko‘ra, Moskva politsiyasi “RBK” media xoldingiga tegishli shirkatga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘agan. Bu shirkat o‘z navbatida o‘z xabar portali, telekanali, gazetasi hamda jurnaliga egadir.

Milliy telekanallarda Proxorov tanqid qilina boshlandi. Umuman olganda, tadbirkor Putin 16 yil avval hukumat tepasiga kelganidan beri Kreml qoidalariga bo‘ysunib keladi.

2012 yilgi prezidentlik saylovida Proxorov Putinga raqib o‘laroq ishtirok etdi. Tadbirkorning saylov kampaniyasi biznesga urg‘u berdi. Tahlilchilarning aytishicha, Proxorovning nomzodligi liberallar o‘z fikrini izhor qila olishi uchun ma’qullangan.

2015 yilning yanvarida “RBK” Putinning qizi ekanligi aytiladigan Katerina Tixonova haqida maqola yozgan ilk nashr bo‘ldi. Tixonova hozirga kunda Moskva davlat universitetida rivojlanish bo‘yicha loyihaga etakchilik qiladi.

“RBK” maqolasida Tixonova Putinning qizi ekanligi aytilmadi. Bu iddaoni keyinroq jurnalist Oleg Kashin hamda muxolifatchi Aleksey Navalniylar ilgari surishdi.

Rossiya davlat matbuoti yetakchisi hamda teleboshlovchi Dmitriy Kisilyov o‘tgan oyda “RBK” gazetasi nusxasini qo‘lida tutib, xoldingni Panama hujjatlari mavzusini keng yoritishda AQShga yordam berganlikda aybladi.

Panamadagi Mossack Fonseca & Co. advokatlik shirkatining sizdirilgan maxfiy hujjatlari jahon davlatlari rahbarlari va boylarning katta qiymatga ega mablag‘larni qanday qilib soliq va jamoatchilikdan berkitganini fosh qilgan edi. Hujjatlarda ismi tilga olinganlar ichida Putinning yaqinlari ham bor.

XS
SM
MD
LG