Линклар

O‘zbekistonlik huquqbon 71 kundan beri "psixdispanser"da saqlanmoqda


Yelena Urlaeva "Biz Andijonni unutmaymiz", deb nomlangan piket bilan.

Yelena Urlaeva "Biz Andijonni unutmaymiz", deb nomlangan piket bilan.

O‘zbekistonda majburiy mehnatni bartaraf etish yo‘nalishidagi faoliyati uchun bosh qarorgohi AQShda joylashgan Mehnatkashlar huquqlari xalqaro forumi mukofotiga sazovor topilgan toshkentlik huquq faoli Yelena Urlaeva ruhiy kasalliklar shifoxonasida majburiy tarzda ushlab turilibdi. Yelena Urlaeva 12 may kuni mukofotni qabul qilib olish uchun AQShga borishi kerak edi. Bu haqda huquq faolining hamkasblari Ozodlik radiosiga ma’lum qildilar.

O‘zbekistonlik mustaqil jurnalist va huquq faoli Malohat Eshonqulovaning Ozodlik radiosiga aytishicha, joriy yilning 1 mart kuni Mehnatkashlar huquqlari xalqaro forumi majburiy mehnatni bartaraf etish yo‘nalishidagi faoliyati uchun xalqaro mukofot bilan taqdirlangan shaxslar ro‘yxatini e.’lon qilgan. Ular orasida o‘zbekistonlik huquqbon Yelena Urlaeva ham bo‘lgan.

- Yelena Urlaevaning AQShga borishini oldini olish, mukofotni topshirish marosimida ishtirok etishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqizishgan. Yelena Urlaevani ruhiy kasalliklar shifoxonasida saqlash muddatini asosiz ravishda cho‘zib kelishmoqda, - dedi Malohat Eshonqulova.

Uning aytishicha, Yelena Urlaeva Mehnatkashlar huquqlari xalqaro forumi mukofoti bilan taqdirlangan shaxslar ro‘yxati e’lon qilinganidan bir hafta o‘tib, ya’ni 7 mart kuni ruhiy kasalliklar shifoxonasiga majburiy ravishda olib ketilgan. Yelena Urlaeva bu vaqtda AQShga borish uchun chiqish vizasini olish maqsadida turli davlat idoralariga ariza bilan murojaat qilishni boshlagan.

Malohat Eshonqulovaning aytishicha, Yelena Urlaevani 2 may kuni kasalxonadan chiqarishlari kerak edi. Biroq shifokorlar komissiyasi uning kasalxonada qolish muddatini yana asosiz ravishda uzaytirgan. Xalqaro mehnat haqlari forumi mukofotini topshirish marosimi Vashingtonda 12 may kuni o‘tkazilishi kerak edi.

-Urlaevaning ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqizilishi uning ruhiy holati bilan emas, balki kasbiy faoliyati bilan bog‘liq deb o‘ylayman. Chunki O‘zbekistonda huquq faollarini qamash, ularga bo‘hton qilish yoki ruhiy kasalliklar shifoxonalarida majburiy ushlab turish odatiy holatga aylangan, - deydi Malohat Eshonqulova.

O‘tgan yilning mart oyida bosh vazir Shavkat Mirziyoyovni sudga bergani uchun hukumat ta’qibiga uchragan huquq faoli Aliqul Sarimsoqov ham Toshkentdan o‘g‘irlab ketilib, bir oy davomida Jizzax ruhiy kasalliklar shifoxonasida noqonuniy va majburiy tarzda saqlangan.

2015 yilning iyul oyida O‘zbekiston prezidentiga yo‘llagan 2500 yozma shikoyati bir necha yillar davomida ko‘rib chiqilmayotgani haqidagi 28 sahifali arizasini Toshkentdagi AQSh elchixonasi orqali 12 iyunda O‘zbekistonga kelgan BMT Bosh kotibi Ban Ki Munga etkazmoqchi bo‘lgan huquq faoli Shuhrat Rustamovga nisbatan Shayxontoxur tuman sudi “muomalaga layoqatsiz" , deb ajrim chiqargan.

- Bu harakatlarning hammasi prezident ma’muriyati xodimlari tomonidan uyushtirilgan. Nega deganda, prezident apparatida mening 2500 shikoyatim tahlanib yotibdi, hali birortasi ko‘rib chiqilgan emas. Ana shu shikoyatlarim asosidagi hisobotni 11 iyun kuni, ya’ni Ban Ki Mun Toshkentga kelishidan bir kun oldin AQSh elchixonasiga olib borib topshirganman va bu shikoyatni BMT Bosh kotibiga etkazishni iltimos qilganman. Shuning uchun meni ruhiy nosog‘lomga chiqarish harakati bo‘layapti, - dedi Shuhrat Rustamov.

AQSh Davlat departamentining jahondagi inson huquqlari vaziyatiga doir hisobotlarida ham O‘zbekistonda o‘zgacha fikrlovchilarni ruhiy kasalxonalarda saqlash amaliyoti Toshkent rasmiylari tomonidan qo‘llanilib kelinayotgani qayd etilgan.

Bundan avvalari ham bir necha marotaba ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan Yelena Urlaeva Ozodlik radiosiga bergan intervyularidan birida mustaqil tibbiy ekspertiza uning ruhiy sog‘lom ekanini tasdiqlagani, ammo O‘zbekistonda bu hujjat e’tiborga olinmayotganini aytgan edi:

-Men O‘zbekistonda faollarga nisbatan jazolash maqsadida psixiatriya qo‘llanilishini aytib o‘tmoqchiman. Masalan, meni bir yil davomida ruhiy kasalliklar shifoxonasida saqlashgan va menga nisbatan psixotrop preparatlarni qo‘llashgan. Majburiy ravishda davolashgan. Hozir esa sud orqali ruhiy nosog‘lom, deb qaror chiqartirib, meni barcha huquqlarimdan mahrum qilishdi. Ammo bir necha yil avval xalqaro tashkilotlar ko‘magida meni Moskvada ruhiy ekspertizadan o‘tkazishgan. Ekspertiza mening sog‘lom ekanimni tasdiqlagan. Ammo mazkur xalqaro ekspertiza xulosasi O‘zbekistonda tan olinmayapti, - degan edi Yelena Urlaeva.

"Alyans" huquq himoyasi tashkiloti rahbari Yelena Urlaeva O‘zbekiston paxtazorlarida majburiy mehnatdan foydalanish muammosini monitoring qilib keladi. O‘tgan yili u Koreyaning Tji Hak-Soon jamg‘armasi ta’sis etgan xalqaro mukofotga sazovor bo‘lgan, biroq bu mukofotni qabul qilib olish uchun unga Koreyaga chiqish vizasi berilmagan edi.

XS
SM
MD
LG