Линклар

Namangan viloyatining Pop tumani Chodak qishlog‘ini sel olishi oqibatida bir yosh oilaning uch a’zosi nobud bo‘ldi. Mahalliy rasmiylardan olingan ma’lumotga ko‘ra, o‘tgan tunda kuchli yomg‘ir yoqqan va tongga yaqin qishloqqa yopilirgan sel 28ta xonadonni yuvib ketgan. Ayni paytda Namangan viloyati hokimligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va prokuratura vakillaridan iborat maxsus guruh halokat ko‘lamini o‘rganayotgani aytilmoqda.

Chodak qishlog‘idan Ozodlikka bog‘langan manbaning xabar qilishicha, qishloqqa qirdan yopirilgan sel o‘zi bilan quyuq loyqa va shag‘al uyumini olib kelgan:

"Chodakning bozorini va uni tepasidagi mahalani sel yuvib ketdi, dahshat, shag‘alni bir necha kamazlab olish mumkin ko‘chalardan, bitta oila halok bo‘ldi, sel yoppasiga uyni tagiga shag‘al bilan ko‘mib qo‘ydi. 11:00 da ko‘mishdi bugun, sel kecha soat 21:00 larda boshlandi, odamlar ko‘cha eshigini tirab turgan suvning bosimidan, afsuski bu oilanien omadi kelmadi. Suvning katta oqimini yo‘lidagi uy bo‘lgan, 20 minut ichida uydan asar qolmadi, ko‘chalar va hovlilar shag‘al girdobida qolgan. MChS (Favqulodda vaziyatlar vazirligi-tahr.) kelib ko‘rib ketadi, mahalla o‘zi tozalaydi shag‘alni, o‘zi MChS nimaga kerak? Ko‘chadagi katta toshlar darvozalarni pachoq qilib qo‘ygan, dahshat, xuddi tsunami. Aytgancha, halok bo‘lganlarni kovlab olishdi, bolani esa ekskovator kovlab oldi", deb yozdi Ozodlik manbasi.

Pop tumani mahalliy hokimiyat idoralaridan biridan olingan ma’lumotga ko‘ra, 15 may oqshom soat 9dan boshlab, kuchli yomg‘ir quyishni boshlagan va biroz o‘tib, qishloqning markazidan o‘tuvchi ko‘chani sel bosgan.

Rasmiylarga ko‘ra, nobud bo‘lgan oilada saqlanish uchun etarli fursat bo‘lmagan:

"Bitta xonadondagi yosh oilaning uch a’zosi o‘sha zahotiyoq o‘lgan. Chunki, shag‘al aralash kelgan selning oqimi kuchli bo‘lgan va ular yashab turgan uyni to‘liq bosib qolgan. Ota-ona va ularning bir bolasi nobud bo‘ldi. Otasi 1978 yilda tug‘ilgan, onasi 1983 yilda tug‘ilgan, bolasi yoshroq bo‘lgan. Boshqa birorta fuqaroga jarohat etmadi, faqat uy-joylar, og‘ilxonalar, ko‘cha devorlari qulagan", dedi ismini oshkor etmayotganimiz mahalliy rasmiy.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, Namangan viloyati hokimligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va prokuratura vakillaridan iborat maxsus guruh ertalabdan qishloqqa etib borgan va ayni paytda halokat ko‘lamini o‘rganmoqda.

"Shu idoralar janozaga kirib chiqishdi, bu oilani dafn qildik. Endi hozir sel yuvgan uylarni komissiya ko‘rib chiqayapti. Hozircha qancha zarar etgani noma’lum, aniqlansa, shunga qarab aholiga yordam qilinadi, albatta", dedi Chodak qishlog‘idagi mahalliy hokimiyat idoralari vakillaridan biri.

Chodaklik tinglovchiga ko‘ra, bu bahor qishloqda aytarli yomg‘ir bo‘lmagan:

"Asli bahor boshida Chodak chollari bir jonivor so‘yib, Xudodan yomg‘ir so‘ragan edi, mana yomg‘ir, ortig‘i bilan", deb yozdi ismini oshkor etmaslikni so‘ragan manba.

Darvoqe, "O‘zgidromet" 13-19 may kunlari ba’zi hudularda kuchli yomg‘ir yog‘ishi va tog‘oldi hududlarda sel kelishi ehtimolidan ogohlantirgan. Sinoptiklar, shuningdek, Tojikiston bo‘ylab ham kuchli ëmg‘ir yog‘ishi va ayrim hududlarda ko‘chki bo‘lishi mumkinligini xabar qilgan.

12 may kuni Dushanbe shahriga yaqin qator qishloqlarni sel olgan, mingdan ortiq uy suv ichida qoldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, aholi orasida talofatlar yo‘q va suv bosgan qishloqlar aholisi evakuatsiya qilingan.

Shu oy boshida Samarqand viloyati Urgut tumanida ham kuchli yomg‘ir yoqqan va 3 may kuni soat 17:30larda sel kelgan edi. Ozodlik mushtariylari ijtimoiy tarmoqlarda orqali yuborgan suratlarda ko‘chalarni suv bosgani, ma’lum muddat transport qatnovi falaj bo‘lgani aks etgan. Ammo, Urgutdagi selda jarohatlangan yoki nobud bo‘lganlar haqida biror ma’lumot bo‘lmadi.​

Darvoqe, Urgut tumanida o‘tgan yili aprel oyida ham yoqqan kuchli jaladan keyin sel kelgan. O‘shanda ba’zi ko‘chalarda yengil avtomobillar tomigacha suvga botgan. Rasmiylar selga oldindan tayyorgarlik ko‘rilgani uchun qurbonlar va jiddiy talafotlar bo‘lmaganini aytgan edi.

May oyida esa Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani Chiyal jamoa xo‘jaligida yoqqan seldan Chiroqchining Toqchi va Qozoq mahallalarida jami 50 ta uy qulab tushgan va 150dan ortiq odam ko‘chada qolgan edi.

XS
SM
MD
LG