Линклар

Moskvaning Xovanskiy qabristonidagi ommaviy mushtlashuv va otishmada ishtirok etganlardan 112 nafari hibsga olindi. Moskva shahar politsiyasi ular qatorida migratsiya hujjati joyida bo‘lmagan 42 nafar tojikistonlik va o‘zbekistonlik mehnat muhojiri Rossiyadan deportatsiya qilinishini ma’lum qildi. Bugundan boshlab Moskva shahar va viloyat nazorat idoralari bu hududda joylashgan barcha qabristonlarda qattiq tekshiruvlarni boshladi.

Xovansk va boshqa kabristonlarda tekshiruvlar boshlandi

Moskvaning Xovansk qabristonida o‘tgan shanba kuni sodir bo‘lgan ommaviy janjal va mushtlashuv kutilganidek jiddiy oqibatlarni keltirib chiqardi.

Dushanba kuni Xovansk qabristoni direktori Yuriy Chabuev Presnya tuman sudi qarori bilan hibsga olindi. Bu sudda, shuningdek, hujum qilganlar tomonida bo‘lgan yana 14 kishini hibsga olish qarori chiqarilishi kutilmoqda. Moskva shahar Ichki ishlar boshqarmasi hozirga kelib qabriston hududidagi janjalda ishtirok etgan 112 odam qo‘lga olinganini ma’lum qildi.

Xovansk qabristonidagi mushtlashuvni bostirishga 252 nafar OMON jangchisi jalb qilindi.

Moskva politsiyasi matbuot xizmati rahbari Sofьya Xotina bularni ma’lum qildi:

- Janjalda 200 yaqin odam ishtirok etdi. Ularning aksari Markaziy Osiyo va Shimoliy Kavkaz mintaqalaridan kelganlar, fuqarolarimiz tomonidan shaxsiy tartibda yollangan muhojirlar ekani aniqlandi. 23 kishi jiddiy jarohat oldi, uch kishi nobud bo‘ldi. Daktiloskopiya naijasida politsiyaga hodisa joyidan keltirilgan 90 kishidan 12tasida hujjati yo‘qligi, yana 15 nafari migratsiya qoidalarini buzganlikda gumon qilindi,- dedi Sofya Xotina.

Politsiya vakili Moskva shahar Ichki ishlar boshqarmasi rahbari Anatoliy Yakunin talabi bilan Moskva shahrida joylashgan 78-ta qabriston moliyaviy-xo‘jalik faoliyati hamda migratsiya qonunchiligi nuqtayi nazaridan tekshirilishini e’lon qildi. Shuningdek, nazorat idoralari va politsiya qabristonlar faoliyatiga bevosita aloqador 30ga yaqin shirkatlarni tekshiruvdan o‘tkazadi.

Moskvada ishlayotgan muhojirlardan olingan ma’lumotga ko‘ra, shahar politsiyasi Xovanskga yaqin ayrim korxona va idoralarni bosgan, u erda ishlayotgan migrantlarni tekshiruvdan o‘tkazgan.

Xovansk qabristoni ma’muriyati esa eski qo‘riqchilar o‘rniga yangilarni yollagani va ular sonini oshirganini bildirmoqda. Otishma vaqtida buzilgan qabrtoshlar va panjaralar inshoot hisobiga tiklanishi ma’lum bo‘ldi.

Ma’lumki, Yevropada eng yirik bo‘lgan birgina Xovansk qabristonidagi 200 gektar yerda 1 milliondan ortiq qabrlar mavjud. Xovansk qabristonida 1 mingga yaqin o‘zbek va tojik muhojiri ishlab kelgan. Qabriston xodimlari bitta qabr qazish 10 ming rubl, qabrtosh o‘rnatib berishga – 3 ming rubldan ziyod narx belgilangan.

Mehnat migrantlari u yoki bu qabrni parvarish qilishga o‘lgan odamning yaqinlari bilan kelishilgan holda alohida pul olar ekan.

3 tojikistonlik o‘ldirildi, 23 muhojir - yarador

Hozirga kelib, o‘ldirilganlar soni 3 kishi bo‘lib, ular Tojikistonning Rog‘un shahridan kelgan mehnat muhojirlari bo‘lgani ma’lum. Bular :

1. Xushakov Suhrob (1990 y.t.)

2. Rizoev Inoyat (1977 y.t.)

3. Sobirov Saynuriddin (1974 y.t.).

Suhrob ko‘kragiga otilgan o‘qdan nobud bo‘lgani, qolgan ikki kishini hodisa joyidan qochib ketayotgan mashina bosib ketgani ma’lum bo‘ldi.

Ayni vaqtda, Ozodlik gospitalizatsiya qilingan muhojirlardan 4 nafari, jumladan 16 yashar voyaga etmagan mehnat muhojiri, o‘ta og‘ir ahvolda qolayotganini aniqladi.

Qabristondagi janjal sabablari

Ayrim mahalliy ommaviy axborot vositalarida paydo bo‘lgan videoyozuvlardan qabristonga bostirib qirgan va mushtlashuvni boshlaganlar kavkazliklar ekanini ko‘rish mumkin. Videoga quroldan o‘q uzayotgan kavkazliklarni hatto politsiya xodimlari to‘xtata olmayotgani tasvirga olingan.

Moskva politsiyasi Xovanskdagi o‘zaro janjal va mushtlashuvni “qabriston xodimlari bo‘lmagan xorij fuqarolari” boshlagani va “ular Rossiya Federatsiyasi hududida noqonuniy faoliyat yuritayotganligi”ni e’lon qilishga shoshildi. Politsiya rasmiy xabarida janjalning asosiy sababi – “hudud boshqaruvi uchun etnik guruhlar o‘rtasidagi tortishuv” bo‘lgani aytildi.

Xovanskoedagi janjal karikaturachilar nigohida

Xovanskoedagi janjal karikaturachilar nigohida

“Ritual” firmasi va boshqa soha mutasaddilari janjalni “qo‘shni qurilish ob’ektlaridan kelgan va FMS reydlaridan yashirinib yurgan markaziy osiyolik nolegal muhojirlar boshlab bergan”, deya bayonot berdi.

Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, ommaviy mushtlashuvda ikki tarafdan 400 ziyod odam ishtirok etgan. Hujum qilayotganlar tarafidan otishmada bevosita ishtirok etganlar qatorida “Xamovniki” politsiya bo‘limining amaldagi xodimi 25 yoshli Nikolay Moshenko qo‘lga tushirilgani e’tiborga molik.

Hodisa guvohlaridan biri Ozodlikka ular chechen va dog‘istonlik, ma’muriyat talabi bilan Xovansk qabristonini himoyalanganlar shu erda mehnat qilayotgan o‘zbek-tojik muhojirlar ekanini gapirib berdi.

U himoyalanayotganlar tayoq va tosh bilan, hujum qilayotganlar emas jangovar pistolet va “Kalashnikov” avtomatlari bilan qurollanganini aytadi:

- Otilgan bollarning asosiy qismi shu erda turli mayda ishlarni qilib yurgan. “Dolya berasan, protsent berasan” deb vahima qilib, bizni qo‘rqitib olishmoqchi edi bular, bollarga zo‘rliq qilishdi. Bizga qarshi kontora boshlig‘i chiqdi va bu 200 yaqin banditni ham o‘sha olib kelgan, chamasi. Urislar, bir-ikki chechenlar bor. Hujum qilayotganlar orasida tojik bollar ham bor edi, dedi ismini ochiqlamagan qabriston ishchilaridan biri.

Tojikistonlik mehnat muhojirlari huquqlarini himoya qilayotgan “Etmos” tashkiloti rahbari Karimjon Yorov bu to‘qnashuv sabablariga oid o‘zi aniqlagan ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdi.

Uning fikricha, bundan bir muncha vaqt oldin qabriston bosh direktori shu erda go‘rkovlik qilayotgan yuzlab markaziy osiyolik muhojirlari ishida “yangicha tartib” o‘rnatishga uringan.

- Biz muhojirlar bilan suhbatdan aniqladikki, shu qabristonning bosh direktori yuzdan ortiq sportchilarni olib kelib, ishchilarga “Bugundan boshlab sizlar yangicha uslubda ishlaysiz!” degan, ya’ni ular haq berib, “dolya” uzatib turishlari kerak ekan. Tojik muhojirlari bunga rozi bo‘lmagan, sababi bu erda ancha yillardan buyon ishlab kelayotganlar bor. Ular bunday nohaqliklar bo‘layotganini oldin ham xabar bergan edi bizga, dedi huquq himoyachisi Karimjon Yorov.

Bu hodisaga munosabat bildirgan Rossiya Dafn etish marosimlari ittifoqiga ko‘ra, muammo 2011 yildan buyon bo‘lib kelayotgani va ulkan daromad manbayi hisoblangan o‘lganlarni dafn etish mahalliy kriminal tizimlar e’tiborini o‘ziga doimo jalb qilib kelgan.

Xovansk jangi to‘g‘risida Rossiya prezidenti Vladimir Putinga ham xabar berilgani aytilmoqda. Xovanskoedagi hodisa taftishiga 50 kishidan iborat tergov guruhi jalb qilindi.

Voqea ortidan Rossiya senati vakillari MDHga a’zo qator davlatlar, jumladan O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolariga viza tartibini joriy etish talabi bilan chiqqani to‘g‘risida Ozodlik xabar bergan edi.

XS
SM
MD
LG