Линклар

logo-print

Istanbulda 98 uyg‘ur qalbaki qirg‘iz pasporti bilan qo‘lga olindi


Uyg‘urlar qirg‘iz pasportlarini 2500 yevrodan sotib olgani aytilmoqda.

Uyg‘urlar qirg‘iz pasportlarini 2500 yevrodan sotib olgani aytilmoqda.

Turkiyaning Istanbul shahri aeroportida Saudiya Arabistoniga uchishga hozirlanayotgan 98 nafar xitoylik uyg‘ur qalbaki qirg‘iz pasportlari bilan qo‘lga olindi. Ayni paytda o‘zbekistonliklar orasida ham qirg‘iz pasportiga "talab katta" ekani kuzatiladi.

Turkiyadagi Nurriyet nashrining xabar berishicha, uyg‘urlar 16 may kuni Urumchidan Istanbulga uchib kelishgan.

Xabarda aytilishicha, uyg‘urlar Istanbulning "Ota Turk" aeroportida Shimoliy Kiprga bilet sotib olib, pasport nazoratidan tranzit hududga o‘tishgan. Aeroportning tranzit hududida esa ularni to‘rt odam kutib olgan hamda qalbaki pasportlarni va Saudiya Arabistoniga biletlarni ularga topshirgan.

Uyg‘urlar qalbaki pasportlar bilan Saudiya Arabistonining Jidda shahriga parvoz qiluvchi samolyotga chiqmoqchi bo‘layotgan paytda qo‘lga olingan. uyg‘urlar bilan birgalikda ularga qalbaki pasportlarni sotgan to‘rt odam ham qo‘lga olingani xabar qilindi.

“Uyg‘urlar har bir qalbaki pasport uchun 2500 yevro va biletlar uchun 300 yevrodan pul to‘lagan”, deb xabar berdi Hurriyet nashri huquq-tartibot idoralaridagi manbasiga tayangan holda.

Tergov ishlari yakunlanganidan so‘ng uyg‘urlar Xitoyga deportatsiya qilinishi bildirildi.

Turkiya rasmiylari hozircha uyg‘urlarga Qirg‘iziston qalbaki pasportlarini sotgan shaxslarning ismlari va ularning fuqaroviy mansubligini e’lon qilgani yo‘q. Ayni paytda qalbaki pasportlar qaerda tayyorlangani o‘rganilmoqda.

Qirg‘iziston pasportlariga nafaqat uyg‘urlar, balki mintaqaning boshqa mamlakatlari fuqarolari orasida ham “talab katta”ligi kuzatib kelinadi.

Masalan, 2015 yilning martida Istanbulda o‘ldirib ketilgan tojik muxolifatchisi Umarali Quvvatov Turkiyaga noqonuniy olingan qirg‘iz pasporti bilan kirgani ma’lum bo‘lgach, bu masalada tekshiruv boshlangan edi. Biroq shu kungacha tekshiruv natijalari haqida jamoatchilikka ma’lumot berilgan emas.

2013 yilda esa Qirg‘iziston rasmiylari quvg‘indagi taniqli qozoq millioneri va Qozog‘iston prezidenti Nazarboevning ashaddiy tanqidchisi Muxtar Ablyazovga Qirg‘iziston fuqarosi pasporti qanday qilib berilgani yuzasidan tekshiruv o‘tkizgan edi.

Qirg‘iziston parlamenti xalqaro masalalar qo‘mitasining 2013 yil 4 mart kungi yig‘ilishida deputat Irg‘al Qadiraliev o‘zbekistonlik 22 nafar ayol Qirg‘iziston pasporti bilan qo‘lga olinganini aytgan edi.

- O‘zbekistonda 35 yoshgacha bo‘lgan ayollarning xorijga chiqishiga cheklov amal qilmoqda. Shuning uchun ular Qirg‘izistonga kelib, pasport olib, boshqa mamlakatlarga chiqib ketmoqda, - degan edi o‘shanda Irg‘al Qadiralieva.

Rossiyada ishga o‘rnashmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonlik va tojikistonlik mehnat muhojirlari ham Qirg‘iziston pasportini olayotgani haqida bir necha yillardan beri ko‘plab nashrlar xabar berib kelmoqda.

Qirg‘iz pasportiga bunday talab qirg‘izistonliklarning Rossiyada ishga o‘rnashishi osonligi va Qirg‘iziston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilganidan so‘ng qirg‘iz muhojirlariga bir qator imtiyozlar berilgani bilan bog‘liqdir.

Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2014 yildan buyon 40 minga yaqin odamga noqonuniy pasport berilgan.

Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi avvalroq fuqarolar ism-familiyasini o‘zgartirib, noqonuniy pasport olish uchun 200 dollardan 1500 dollargacha pora taklif qilishini ma’lum qilgan.

XS
SM
MD
LG