Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:06

XVJ rasmiysi Eronni iqtisodiy rivojlanish uchun faqat neftga umid bog‘lamaslikka chaqirdi


Hark orolidagi Eronga qarashli neftni eksport qilish ob’ekti.
Hark orolidagi Eronga qarashli neftni eksport qilish ob’ekti.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi direktorining birinchi o‘rinbosari Devid Lipton Eronni o‘z iqtisodini rivojlantirish uchun neftdan kelajak daromadning o‘sishiga umid bog‘lamaslikka, uning o‘rniga global iqtisod bilan aloqalarni tiklashga urinishga chaqirdi.

17 may kuni Eron Markaziy bankida so‘zga chiqqan Lipton: “Men Eron iqtisodi uchun o‘ta muhim bir paytda so‘zlayapman. Muhim sanksiyalar bekor qilinishi ortidan sizning mamlakatingizda global iqtisod bilan integratsiyani yanada kuchaytirish uchun yangi imkoniyat paydo bo‘ldi. Bu jarayon vaqt o‘tishi bilan rivojlanishga sabab bo‘lishi hamda eronliklar turmush darajasining o‘sishiga olib kelishi mumkin”, dedi.

Yanvarь oyida sanksiyalar bekor qilinganidan beri Eron neft qazib olish ko‘lamini ancha oshirdi. Mamlakat sanksiyalar bekor qilinishidan avval ayrim hollarda kuniga 1 million barrel neft qazib olgan bo‘lsa, hozirga kelib bu ko‘rsatkich kuniga 4 million barrelga yetdi.

Lipton 2014 yili 100 dollardan oshiq bo‘lgan neft narxining 47 dollarga tushib qolganini e’tiborga olgan holda, neftdan tushayotgan daromad Eron iqtisodining rivojlanishiga katta omil yarata olmaydi, deb hisoblashini aytdi.

Liptonning bildirishicha, Eron iqtisodining barqaror rivojlanishi neft ishlab chiqarishdan boshqa sohalarni taraqqiy ettirish va yangi ishchi o‘rinlari yaratishga bog‘liqdir.

Lipton keyingi yillarda inflyatsiyani ozaytirib, mamlakatni rivojlanish yo‘liga solgan islohotlarni olqishladi.

Lipton Eronni Xitoy va Lotin Amerika hamda Sharqiy Yevropadagi mamlakatlardan o‘rnak olishga chaqirdi. Bu mamlakatlar global iqtisodga qayta qo‘shilish uchun keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirdi hamda o‘z iqtisodlarini diversifikatsiya qildi.

Lipton Eron oldida past neft narxlaridan boshqa jiddiy muammolar borligini e’tirof etdi. Xususan, u mamlakat oldida turgan qiyinchiliklar orasida sust global iqtisod, investorlarni tashvishlantirayotgan xatarlar, sust bank tizimi hamda byudjet islohotlariga bo‘lgan ehtiyoj borligini aytib o‘tdi.

Eron oldida turgan eng jiddiy qiyinchiliklardan biri mamlakat bilan moliyaviy hamkorlik qilishni cheklovchi AQSh sanktsiyalaridir. Bu sanksiyalar Eron terrorizmni dastaklayotgani hamda inson huquqlarini poymol qilib kelayotgani uchun bekor qilinmagan.

Lipton, agar Tehron bu cheklovlar bekor qilinishini istasa, pul yuvish hamda terrorizmni dastaklashni to‘xtatishi kerakligini aytdi.

“Eron rasmiylari keyingi paytda pul yuvish hamda terrorizmni moliyalashtirishni cheklovchi tizim o‘rnatish yo‘lida olg‘a siljidi. Bu xalqaro moliyaviy tizimga qayta ulanish uchun zarur omildir. XVJ Eron rasmiylarining bu sohadagi sa’y-harakatlarini qo‘llashda davom etadi”, dedi u.

Eronda XVJning rasmiy dasturi yo‘q. Shunday bo‘lsa-da, tashkilot mamlakatga maslahat hamda texnik yordam berib keladi.

XS
SM
MD
LG