Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:05

Qozog‘istonda mitingga chiqmoqchi bo‘lgan faollar jazolanmoqda


Atirauda faollar Maks Bokaev va Talg‘at Ayan ishi ko‘rilgan sudga politsiyachilar hech kimni kiritmaganlar, 2016 yil 17 mayi.
Atirauda faollar Maks Bokaev va Talg‘at Ayan ishi ko‘rilgan sudga politsiyachilar hech kimni kiritmaganlar, 2016 yil 17 mayi.

Qozog‘istonda “yer masalasi bo‘yicha” umummilliy mitingga chiqish niyatini bildirgan faollar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari qo‘lga olinib, hibs etilayapti. Chorshanbaga o‘tar kechasi bo‘lib o‘tgan suddan so‘ng o‘ndan ziyod faol hibsga olingan.

Qozog‘istonning Atirau shahrida fuqarolik jamiyati faollari Maks Bokaev va Talg‘at Ayan 15 sutkaga qamaldi. Ozodlikning qozoq xizmati xabariga ko‘ra, 24 aprel kuni “yer masalasi bo‘yicha” bu shaharda o‘tgan, ruxsat etilmagan mitingning faol ishtirokchisi bo‘lmish Bokaev va Ayan ustidan sud hukmi chorshanbaga o‘tar kechasi chiqarilgan.

Faollar Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 488-moddasi 3-bandi (Tinch yig‘ilishlarni uyushtirish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik) bo‘yicha javobgarlikka tortilganlar.

Advokat To‘lepqali Ayanovning aytishicha, sudda Bokaev va Ayanning aybini isbotlovchi dalillar ko‘rsatilmagan.

- Keltirilgan dalil Bokaevning Facebook tarmog‘ida mitingga ariza bergani haqida 6 may kuni yozgan yozuvidir. Shu xolos. Talg‘at Ayanning Facebook’dagi sahifasi 13 may kuni buzilgan. U har qanday kimsa miting o‘tkazish uchun ariza topshirishga haqli ekanini yozgan. U erda hech qanaqa tashviqot bo‘lgan emas, - dedi advokat.

Chorshanbaga o‘tar kechasi Olmaota shahrida ham ma’muriy sud bir necha kishini javobgarlikka tortgan. Tinch yig‘ilish uyushtirish va o‘tkazish tartibini buzganlikda ayblanayotgan faollar Marat Uatxan, Suyundiq Aldabergenov, Quat Kunbo‘latov, Geroyxan Qistaubaev hamda huquq himoyachisi Baxitjan To‘rego‘jina, sud hukmiga muvofiq, 15 sutkaga hibs etilganlar.

18 may kuni esa Olmaota sudi fuqarolik jamiyati faoli Mo‘ldir Adilovani 15 sutkaga qamash haqida hukm chiqargan. Shuningdek, Olmaota yaqinidagi Talg‘ar tumanida yashovchi Manas Abdimanap va Quanish Sultanalinga ham shunday jazo berilgani aytilmoqda. Bu odamlar rasmiylar tomonidan noqonuniy varaqa tarqatganlikda ayblanganlar, ayni paytda rasmiylar mazkur varaqalar mazmunini ochiqlamayapti.

17 may kuni Uralsk shahrida bard qo‘shiqchi Janat Esentaev sudgacha tergov vaji bilan 3 sutkaga qamalgan. Bundan bir kun avval politsiya Janat Esentaev va mahalliy faol Isatay Utepovning uyida hamda ular mansub bo‘lgan “Abiroy” jamoatchilik birlashmasi idorasida tintuv o‘tkazgan.

Tintuv chog‘ida politsiyachilar uyali telefonlar va kompьyuterlarni musodara etganlar. Aprel oyida bu faollar shahar hokimiyatiga 21 may kuni “yer masalasi” bo‘yicha miting o‘tkazishga markaziy maydondan joy berishni so‘rab ariza topshirgandilar, biroq rasmiylar bu arizaga rad javobini berganlar.

Seshanba oqshomida esa poytaxt Ostonada sud fuqarolik jamiyati faoli Maqsat Ilyasulini 10 sutkaga qamash haqida hukm chiqargan.Ilyasuli “yer masalasi” bo‘yicha qator shaharlarda ommaviy mitinglar bo‘lib o‘tganidan keyin Qozog‘iston prezidenti topshirig‘iga ko‘ra tuzilgan yer islohoti komissiyasi a’zosi edi.

Norozilik namoyishlariga qishloq xo‘jalik erlarini xorijliklarga ijaraga berish va sotish bo‘yicha Yer kodeksiga kiritilgan o‘zgartishlar sabab bo‘lgandi. Ommaviy mitinglar qabatida prezident Nazarboev bu o‘zgartishlarga moratoriy joriy qilgan. Yer islohoti bo‘yicha komissiyaning 14 may o‘tkazilgan ilk majlisidan so‘ng Maqsat Ilyasuli komissiya ishida ishtirok etishdan bosh tortgandi.

Ostonalik yana bir faol Maxambet Abjan ham 16 may kuni “mayda bezorilik”da ayblanib, 10 sutkaga qamalgan. Bungacha u prokuratura tomonidan ruxsat etilmagan aksiyalar o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmasligi haqida ogohlantirish olganini bildirgandi.

Dushanbadan beri davom etayotgan hibslar faollarning yer masalasi bo‘yicha 21 mayga mo‘ljallangan umummilliy mitingi arafasida amalga oshirilmoqda.

O‘tgan hafta BMT ekspertlari qozoq rasmiylarini yerni ijaraga berish va xususiylashtirish rejasiga qarshi chiqayotgan faollarni qo‘lga olish va jinoiy ta’qib qilishni to‘xtatishga chaqirgandilar.

XS
SM
MD
LG